«Bu yerda tarix siz bilan suhbatlashadi» — Gonkong adliya kotibini hayratga solgan markaz

Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi Adliya kotibi Pol Lam boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlar markaz ekspozitsiyalari, tarixiy artefaktlar va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan multimedia yechimlari bilan tanishdilar.
Biroq ularning e’tiborini tortgan jihat faqat eksponatlarning o‘zi emas.
Markazda ming yillik tarixning qanday izchillikda hikoya qilinayotgani mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi.
Qadim sivilizatsiyalardan tortib, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotigacha bo‘lgan jarayonlar xronologik ketma-ketlikda taqdim etilgan. Zamonaviy texnologiyalar esa tarixni tomosha qilinadigan emas, balki go‘yo muloqotga kirishiladigan tajribaga aylantiradi.
Pol Lam markazning me’moriy qiyofasi hamda ekspozitsiyalari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uning hali markazning barcha qismlarini ko‘rishga ulgurmaganini ta’kidladi.
«Ushbu muzey menda juda katta taassurot qoldirdi. Muzey ichkarisiga kirmasimizdan avval ham uning tashqi ko‘rinishi va me’moriy yechimi bizni hayratga soldi va katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirgach, bu yerda hamma narsa juda puxta va tizimli tashkil etilganiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgani tashrifni yanada qiziqarli, mazmunli va ma’rifiy jarayonga aylantirgan.
Menga, ayniqsa, O‘zbekiston tarixining xronologik tartibda o‘ziga xos usulda taqdim etilgani yoqdi. Qadim zamonlarda yashagan insonlar go‘yo zamonaviy texnologiyalar orqali biz bilan suhbatlashayotgandek taassurot uyg‘otadi. Ular she’riyat, urf-odatlar, hatto qadimgi sug‘orish tizimlarining qanday barpo etilgani haqida hikoya qiladi.
Menimcha, bu juda keng qamrovli va mukammal yondashuv. Chunki tarix tashqaridan qaraganda murakkab va tushunish qiyin bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Bu yerda esa u sodda, ta’sirchan va qiziqarli shaklda taqdim etilgan», — dedi Pol Lam.
Gonkonglik mehmonning fikricha, markazning eng katta yutug‘i — tarixni faqat saqlash yoki namoyish etish emas, uni zamonaviy inson uchun tushunarli va ta’sirchan tilda qayta so‘zlab berishida.
U markazga tashrifni kitobdan tarix o‘qish bilan qiyoslar ekan, bu yerdagi tajriba insonda boshqacha taassurot qoldirishini ta’kidladi:
«Shu munosabat bilan sizlarni chin dildan tabriklayman. Menimcha, bu muzeyga, albatta, tashrif buyurish kerak. Gonkongdagi va boshqa joylardagi do‘stlarimga ham, agar O‘zbekistonga kelish imkoniyati bo‘lsa, bu yerga albatta tashrif buyurishlarini tavsiya qilaman.
Chunki bu yerga kelib, muzeyni tomosha qilish — Islom sivilizatsiyasining ming yillik tarixini kitobdan o‘qishdan ko‘ra ancha ta’sirli va samarali. Bu yerda siz tarixni shunchaki o‘qimaysiz — uni ko‘rasiz, eshitasiz va his qilasiz. Menimcha, bu haqiqatan ham ajoyib tajriba. Sizlarni yana bir bor ushbu katta muvaffaqiyat bilan tabriklayman», — dedi Pol Lam.
Pol Lamning bu fikrlari markazning asosiy g‘oyasini yana bir bor namoyon etadi: tarix o‘tmishda qolgan voqealar majmuasi emas. Uni to‘g‘ri taqdim etilsa, u bugungi inson bilan ham suhbatlasha oladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu muloqot uchun yangi maydon — tarix va zamonaviylik, ilm va texnologiya, meros va kelajakni bir nuqtada birlashtirgan maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.


