

Yangiliklar
Buyuk qomusiy olim siymosiga yuksak ehtirom timsoli
Bugun Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy tavalludiga 1053 yil to‘ldi. Xorazm zaminidan yetishib chiqqan alloma o‘zining keng qamrovli ilmiy izlanishlari, chuqur tafakkuri va olamni anglashga bo‘lgan intilishi bilan jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning nomi asrlar davomida astronomiya, matematika, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tibbiyot, tarix, etnografiya va falsafa kabi ko‘plab fanlar bilan bevosita bog‘lanib kelgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Buyuk siymolar galereyasi” foyesidan o‘rin olgan “Abu Rayhon Beruniy” mahobatli ravoqlarida ana shu buyuk allomaning serqirra hayoti va ulkan ilmiy merosini ranglar tilida aks ettiradi.
Asarga nazar tashlagan tomoshabin birgina olim qiyofasini emas, balki uning tafakkur olamini ko‘radi. Kompozitsiyada Beruniyning hayot yo‘li, ilmiy safarlari, astronomik kuzatishlari, geografik tadqiqotlari, tabiat va tibbiyotga oid izlanishlari, mashhur asarlari va kashfiyotlari o‘zaro uyg‘un holda tasvirlangan.
Shu bois mazkur mahobatli rangtasvirni buyuk allomaning hayoti va ilmiy merosini mujassam etgan badiiy solnoma sifatida baholash mumkin.
Xorazm zaminidan chiqqan buyuk alloma
Abu Rayhon Beruniy 973-yil 4-sentyabrda Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahri yaqinida tavallud topgan. Afrig‘iy xorazmshohlar sulolasining Iroqiylar oilasiga mansub bo‘lgan Beruniy mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq xonadonida tarbiya topgan.
Uning ilmga bo‘lgan qiziqishi nihoyatda erta shakllangan. Hali 16 yoshidayoq astronomik kuzatishlar bilan shug‘ullana boshlagan alloma yoshligidanoq osmon jismlari harakati, vaqt va makon, Yerning o‘lchamlari kabi murakkab ilmiy masalalarni tadqiq etishga kirishgan.
22 yoshida Kotni tark etgan Beruniy Urganch, Ray, Jurjon va G‘azna shaharlarida, shuningdek, Hindistonda yashagan. U qayerda bo‘lmasin, mahalliy ilm ahli bilan muloqot qilgan, mavjud bilimlarni o‘rgangan va o‘zining ilmiy izlanishlarini davom ettirgan.
Uning hayot yo‘li bilan bog‘liq ana shu shaharlar va voqealar ham rangtasvirda o‘zining badiiy ifodasini topgan. Turli makonlarni birlashtirib turgan asosiy g‘oya esa — ilm izlagan insonning cheksiz safaridir.
Bir umrga sig‘magan ilm olami
Beruniy qariyb 150 ta asar yaratgani ma’lum. Ularning 31 tasi bizgacha yetib kelgan. Bu asarlarning o‘ziyoq alloma ilmiy qiziqishlarining qanchalar keng qamrovli bo‘lganini ko‘rsatadi.
“Xronologiya”, “Geodeziya”, “Tafhim”, “Hindiston”, “Qonuni Mas’udiy”, “Mineralogiya”, “Farmakognoziya” kabi asarlarida turli fanlar doirasidagi muhim ilmiy g‘oya va xulosalar jamlangan.
Beruniy astronomiya va matematika bilan bir qatorda geografiya, geodeziya, fizika, mineralogiya, dorishunoslik, tarix, adabiyot, dinshunoslik va falsafa sohalarida ham chuqur iz qoldirgan.
Mahobatli rangtasvir asarida ana shu ilmiy merosning turli qirralari alohida syujetlar orqali jonlantirilgan. Allomaning qo‘lidagi kitoblar, ilmiy asboblar, globus, xaritalar va tabiat manzaralari uning ilmiy izlanishlarini badiiy jihatdan bir butun kompozitsiyaga birlashtiradi.
Koinot sirlarini anglashga intilgan olim
Beruniyning ilmiy merosida astronomiya alohida o‘rin egallaydi. U osmon jismlarining harakatini kuzatish bilan cheklanmay, ularni matematik hisob-kitoblar asosida o‘rgangan.
Allomaning mashhur “Qonuni Mas’udiy” asari aniq fanlarga oid ensiklopedik bilimlarni o‘zida mujassam etgan. Unda kosmologiya, sferik astronomiya, trigonometriya va matematik geografiya masalalari keng yoritilgan. Asarda 1029 ta turg‘un yulduz haqidagi ma’lumotlar jadvallashtirilgan.
Beruniy sayyoralar harakatini matematik usulda hisoblashga oid formulalarni ishlab chiqqan, sinus, kosinus, tangens va kotangens funksiyalarining jadvallarini keltirgan. Quyosh va Oy tutilishlarini hisoblash imkonini beruvchi aniq matematik usullarni ham bayon etgan.
Rangtasvirdagi osmon manzaralari, yulduzlar va astronomik kuzatishlarga oid detallar tomoshabinni Beruniyning koinotni anglashga qaratilgan izlanishlari bilan tanishtiradi.
Yerni o‘lchagan va uning sirlarini o‘rgangan Beruniy
Allomaning geografiya va geodeziya sohasidagi tadqiqotlari ham o‘z davri uchun nihoyatda ilg‘or edi.
“Geodeziya” asarida G‘aznadan Makkagacha bo‘lgan optimal yo‘lni aniqlash, shaharlarning geografik koordinatalarini belgilash va Yer yuzasidagi masofalarni hisoblash usullari bayon etilgan.
Beruniy Yerning geologik tarixi, Amudaryo va Arab sahrosining geologik evolyusiyasi haqida ham ilmiy fikrlar bildirgan. Hind va Atlantika okeanlarining Afrika janubida tutashgani haqidagi xulosalari ham uning geografik tafakkuri naqadar keng bo‘lganidan dalolat beradi.
Alloma Nandna qal’asida turib, matematik usullar yordamida Yer radiusini aniqlagan. Shuningdek, geografik obyektlar asosida aholi punktlari o‘rtasidagi masofalarni belgilash va ularning koordinatalarini aniqlash imkonini beruvchi diametri 750 santimetrli globus yaratgan.
Mahobatli asarda globus va geografik xaritalarning aks ettirilishi bejiz emas. Ular Beruniyning Yerni shunchaki yashash makoni sifatida emas, balki ilmiy tadqiqot obyekti sifatida o‘rganganini anglatadi.
Tabiat sirlarini kashf etgan qomusiy olim
Beruniyning qiziqishlari osmon va Yer bilan cheklanmagan. U minerallar, tog‘ jinslari, dorivor o‘simliklar va hayvonot olamini ham chuqur o‘rgangan.
“Mineralogiya” asarida ma’danlarning tabiiy hosil bo‘lishi, qimmatbaho toshlar va metallar, Markaziy Osiyo hamda Yaqin va O‘rta Sharq mintaqalaridagi foydali qazilmalar haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Alloma o‘sha davrda keng tarqalgan oddiy metallarni qimmatbaho metallarga aylantirish mumkinligi haqidagi qarashlarni ilmiy jihatdan asossiz ekanini ko‘rsatgan.
“Farmakognoziya”da esa mineral, o‘simlik va hayvonlardan olingan 1116 ta dori vositasi tavsiflangan. Ularning turli til va lahjalardagi 4500 ga yaqin nomi keltirilgan. Asarni yaratishda 1500 yil davomida turli mintaqalarda yashagan 250 muallifning ilmiy merosi umumlashtirilgan.
Bu faktlarning o‘ziyoq Beruniyni o‘z davrining nafaqat tadqiqotchisi, balki turli manbalardagi bilimlarni jamlab, tizimlashtirgan ulkan tafakkur egasi sifatida namoyon etadi.
Tillar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘prik
Beruniyning ilmiy merosini alohida ajratib turuvchi yana bir muhim jihat uning turli xalqlar va sivilizatsiyalar bilimlariga murojaat qilganidir.
Alloma qadimgi yunon, rum, suryoniy, hind, fors, arab, xorazmiy, sug‘diy va turkiy tillarni bilgan. Turli tillarda bitilgan manbalardan foydalanib, ularni qiyosiy tahlil qilgan.
“Xronologiya” asarida turli xalqlarning taqvimlari, diniy e’tiqodlari, urf-odatlari, bayramlari, rivoyat va afsonalari haqida ma’lumotlar jamlangan. Ushbu asar qadimgi sanalarni keyingi davr taqvimlariga, jumladan, musulmon taqvimiga o‘girishda asrlar davomida muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
Rangtasvir kompozitsiyasida turli xalqlar va madaniyatlarga oid obrazlarning uyg‘unlashuvi Beruniy ilmiy merosining yana bir muhim jihatini — sivilizatsiyalar o‘rtasidagi bilim almashinuvini ifodalaydi.
Hindistonni o‘rgangan va uning madaniyatini anglashga intilgan olim
Beruniyning Hindistondagi faoliyati uning ilmiy merosida alohida o‘rin tutadi. U mamlakatning tarixi, geografiyasi, falsafasi, san’ati, urf-odatlari va diniy qarashlarini o‘rgangan.
To‘plagan ma’lumotlari asosida yaratilgan “Hindiston” asarida hind xalqining hayoti, madaniyati va diniy qarashlari xolisona tasvirlangan. Beruniy turli e’tiqodlarga hurmat bilan yondashib, madaniyatlararo muloqot va o‘zaro anglashuv g‘oyalarini ilgari surgan.
U yunon ilmiy merosining muhim namunalarini, jumladan, “Almagest”ni sanskrit tiliga tarjima qilgan. Sanskrit tilidagi ilmiy asarlarni esa arab tiliga o‘girgan.
Shu tariqa Beruniy ikki xil ilmiy va madaniy muhit o‘rtasida bilimlar almashinuviga xizmat qilgan. Uning bu faoliyati bugungi kunda ham sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ilmiy muloqotning yorqin tarixiy namunasi sifatida ahamiyatlidir.
Ranglarda aks etgan Beruniy olami
-“Abu Rayhon Beruniy” mahobatli rangtasvir asarining ahamiyati shundaki, unda allomaning hayoti va ilmiy merosi alohida faktlar yig‘indisi sifatida emas, balki yaxlit badiiy hikoya tarzida namoyon bo‘ladi. “Buyuk siymolar galereyasi” foyesidagi ushbu asarga qarar ekan, tomoshabin Beruniyning Qotdan boshlangan hayot yo‘lini, uning turli yurtlarga qilgan safarlarini, yulduzlarni kuzatganini, Yerni o‘lchaganini, mineral va dorivor o‘simliklarni tadqiq etganini, turli xalqlar madaniyatini o‘rganganini bir kompozitsiyada his etadi. Bu — bir inson hayotining emas, bir buyuk tafakkur olamining tasviri. Beruniy ilmiy merosining qudrati ham shunda: u o‘z davrida mavjud bo‘lgan bilimlarni shunchaki jamlamagan, balki ularni kuzatish, tahlil, hisob-kitob va mantiqiy xulosalar asosida boyitgan. Uning asarlari orqali ilm-fanning turli sohalari o‘zaro bog‘langan, - dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi, professor Zohidulla Munavvarov.
Bugun esa bu meros O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida rangtasvir tilida qayta jonlanmoqda.
“Abu Rayhon Beruniy” mahobatli rangtasvir ravog‘i buyuk allomaning xotirasiga bag‘ishlangan asar bo‘lish bilan birga, ilmga bo‘lgan yuksak ehtiromning ham ifodasidir. U tomoshabinni nafaqat tarix bilan tanishtiradi, balki Beruniy singari izlanish, savol berish, kuzatish va kashf etishga undaydi.
Zero, asrlar osha bizga yetib kelgan Beruniy dahosi bir haqiqatni eslatadi: ilm bilan orttirilgan meros vaqt va makon chegaralarini tan olmaydi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.