

Yangiliklar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Xusrav Dehlaviyning tilla suvi bilan bezatilgan nodir «Devon»i namoyish etilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining «Ikkinchi Renessans» ekspozitsiyasida Temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozma namunalaridan biri — buyuk shoir va mutafakkir Amir Xusrav Dehlaviyning «Devon»i namoyish etilmoqda.
Mazkur qo‘lyozma 1490-yilda Eronning Sheroz shahrida Jaloliddin Muhammad kotibligida ko‘chirilgan. Manbada qayd etilishicha, qo‘lyozma 356 varaqdan iborat. Qo‘lyozmaning har bir varag‘i nafis fors tilidagi nastaliq xati bilan bitilgan bo‘lib, matn ikki ustunga joylashtirilgan. Sarlavhalar tilla suvi bilan bezatilib, ko‘k va tilla ranglardagi nafis bezaklar bilan ajratilgan. Matn atrofidagi hoshiyalar ham turli badiiy usullarda ishlangan bo‘lib, qo‘lyozmaning umumiy ko‘rinishiga alohida nafosat bag‘ishlaydi.
Ayniqsa, tillarang bulutsimon naqshlar, oq gulli bezaklar va zarhal hoshiyalar qo‘lyozmaning yuksak badiiy qiymatini namoyon etadi. Ayrim varaqlarida Safaviylar uslubidagi miniatyuralar ham mavjud. Kitob muqovasi esa qora charmdan ishlangan bo‘lib, unda zarhal muhrsimon bezaklar qo‘llangan.
Amir Xusrav Dehlaviy Sharq adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shoirlardan biri bo‘lib, fors-tojik adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Uning ijodida g‘azal, qasida, ruboiy va doston kabi janrlar muhim o‘rin egallaydi. Shoirning «Xamsa»si uning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, Sharq adabiyotidagi «xamsachilik» an’anasining yuksalishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning boy adabiy merosi nafaqat adabiyot, balki Sharqning kitobat va miniatyura san’ati rivojida ham muhim o‘rin tutadi.
«Devon»ning «Ikkinchi Renessans» ekspozitsiyasida namoyish etilishi bejiz emas. Zero, Temuriylar davrida ilm-fan, adabiyot, san’at va kitobat madaniyati yuksak taraqqiy etdi. Bu qo‘lyozma ana shu davrda shakllangan yuksak ma’naviy va badiiy muhitning noyob dalillaridan biridir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.