Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

The Standard: “Toshkentdagi yangi muzeydan Samarqandning qadimiy mo‘’jizalari sari”

08.09.2026, 09:421021
The Standard: “Toshkentdagi yangi muzeydan Samarqandning qadimiy mo‘’jizalari sari”

Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentdagi oddiy muzey emas, balki tarix va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan, tashrif buyuruvchini Samarqandning qadimiy mo‘’jizalari sari yetaklovchi o‘ziga xos darvoza sifatida namoyon bo‘lmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan xalqaro mediaforum ishtirokchisi, jurnalist Bonni Chen Gonkongning ingliz tilidagi nufuzli nashrlaridan biri — The Standard gazetasida e’lon qilingan maqolasida markazning 65 metrlik moviy gumbazi, noyob qo‘lyozmalari, VII asrga oid Usmon Qur’oni va buyuk allomalarning raqamli obrazlarini alohida tilga oladi. 1949-yildan buyon faoliyat yuritayotgan The Standard — Gonkongning eng yirik tirajli ingliz tilidagi kundalik gazetalaridan biri bo‘lib, mahalliy va xalqaro yangiliklar bilan bir qatorda biznes, texnologiya, sport, madaniyat, san’at va turmush tarzi mavzularini yoritishga ixtisoslashgan.

Muallif Toshkentdan boshlangan sayohatni Samarqandning Imom Buxoriy majmuasi, Registon maydoni va Ulug‘bek rasadxonasi sari davom ettirar ekan, bu yo‘lni tarix, ilm-fan va ma’naviyat merosi bo‘ylab kechadigan o‘ziga xos sayohat sifatida tasvirlaydi.

Barchasi gumbazdan boshlanadi. Toshkent osmonida 65 metr balandlikka ko‘tarilgan ulkan moviy gumbaz shahar manzarasi uzra qad rostlagan. Uning sopol koshinlari quyosh nurida go‘yo sayqallangan lojuvard parchalaridek tovlanadi. O‘zbekiston poytaxtida yaqinda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga qadam qo‘yar ekansiz, avvalo, kashfiyot tuyg‘usi sizni qamrab oladi — tarix va innovatsiya uyg‘unlashgan, tashrif buyuruvchilarni afsonaviy Samarqand shahri sari yanada chuqurroq sayohat qilishga ilhomlantiradigan makon.

Qadimiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan bu zaminda fors geometriyasi turkiy hunarmandchilik bilan uyg‘unlashgan, xitoy kulolchilik texnikasi esa devorlarni bezab turgan o‘sha mashhur fero‘zarang sirlarning yaratilishiga ilhom bergan. Bu begona tarix emas — bu umumiy tarixdir.

Markaz oddiy muzeydan ancha katta tushuncha. Bu intellektual fikr almashinuvining jonli markazi bo‘lib, uning tarkibida kutubxona, nashriyot va artefaktlar hamda qo‘lyozmalarni asrashga ixtisoslashgan laboratoriyalar mavjud. Bu yerda muntazam ravishda konferensiyalar o‘tkaziladi. Jumladan, o‘tgan oy xalqaro mediaforum ham tashkil etildi.

Nashriyot faoliyatidan tashqari, markazda astronomiya, tibbiyot, matematika va ilohiyotga oid noyob kitoblar to‘plami ham saqlanadi. Ular mintaqaning ilm-fan va ma’rifat gullab-yashnagan oltin davrining yorqin dalilidir. Markazda VII asrga oid, islom olamida e’zozlanadigan Usmon Qur’oni ham saqlanadi. Biroq markazning eng ta’sirchan jihati — o‘tmishni hayotga qaytarish uchun texnologiyalardan qanday foydalanayotganidadir. Interaktiv panellar orqali tashrif buyuruvchilar buyuk allomalarning raqamli avatarlari bilan muloqot qilishi mumkin. Bu tajriba insonda tabiiy qiziqish uyg‘otib, ushbu mutafakkirlar yashagan va ijod qilgan maskanlarga borish istagini paydo qiladi.

Bu uchrashuvdan ilhomlangan har qanday sayyohning keyingi manzili Samarqand bo‘lishi tabiiy. Qadimiy Ipak yo‘lidagi afsonaviy savdo markazi va buyuk Temuriylar imperiyasining poytaxti bo‘lgan bu shaharda sayyohlarni ko‘plab mo‘’jizalar kutadi. Ular orasida yaqinda kengaytirilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi alohida o‘rin tutadi. Milodiy 810-yilda tug‘ilgan Imom Buxoriy sunniy islomdagi eng mo‘’tabar ulamolardan biri hisoblanadi. U 16 yil davomida islom olami bo‘ylab safar qilib, 600 mingdan ortiq hadis rivoyatlarini to‘plagan.

Ular orasidan u faqat 7 mingdan sal ko‘proq hadisni ishonchli deb topib, ularni «Sahih al-Buxoriy» to‘plamiga jamlagan. Bu asar Qur’oni karimdan keyin payg‘ambar sunnatlarining eng ishonchli manbasi sifatida e’tirof etiladi. Arab tilida «xabar» ma’nosini anglatuvchi hadislar — Muhammad payg‘ambarning aytgan so‘zlari va amallarining yozib qoldirilgan bayonlari bo‘lib, Qur’on bilan bir qatorda islomiy hayot uchun amaliy qo‘llanma vazifasini bajaradi.

2026-yil bahorida ochilgan majmua haqiqatan ham hayratlanarli. Ko‘z oldingizga moviy osmon bag‘rida yaltirab turgan son-sanoqsiz fero‘za gumbazlarni, xuddi shamdek osmonga bo‘y cho‘zgan, balandligi 75 metrdan bo‘lgan to‘rtta minorani keltiring. Ularning sirti murakkab naqshlar bilan o‘yilgan ganch bezaklar bilan qoplangan.

Koshinlar ranglarining butun bir jilosini namoyon etadi — to‘q indigoga yaqin ko‘kdan tortib, yorqin osmonrang ko‘kkacha. Gumbazlar atrofida tillarang xattotlik yozuvlari tasma kabi aylanib boradi. 10 ming namozxonga mo‘ljallangan asosiy masjid ichida derazalar keskin quyosh nurini yumshatib, uni qahrabo va sapfir tusidagi mayin nur havzalariga aylantiradi. Imom Buxoriy innovatsiya muzeyida esa olimning hayot yo‘lini jonlantirish uchun gologrammalar va kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan foydalaniladi.

Samarqandga tashrif buyurib, Registon maydonini ko‘rmaslik mumkin emas. Bu yerda uch buyuk madrasa — oliy ta’lim maskanlari — koshinlar va yuksak bunyodkorlik uyg‘unligidan yaratilgan o‘ziga xos bir simfoniyani namoyon etadi.

Ulug‘bek madrasasi (1417-yil) ularning eng qadimiysidir. Uning peshtoqi fero‘za rangdagi yulduzsimon naqshlar bilan bezatilgan. Sherdor madrasasi (1636-yil) kirish qismi ikki tomonida joylashgan noyob mozaikadagi yo‘lbars tasvirlari bilan ajralib turadi. Ularning tepasida nur taratayotgan quyosh, pastida esa kiyiklar tasvirlangan — bu ilohiy nur ilmni yoritishini, inson ruhi esa ilohiylik oldida kamtarlik bilan bosh egishini anglatadi. Tillakori madrasasi (1660-yil) nomi «tilla bilan bezatilgan» degan ma’noni anglatadi. Uning ichki qismi to‘liq tilla suvi yuritilgan bezaklar bilan qoplangan bo‘lib, go‘yo samoviy bog‘ni eslatadi.

Nihoyat, XV asrda astronom podshoh tomonidan barpo etilgan Ulug‘bek rasadxonasi ilmiy izlanishlarga bag‘ishlangan o‘ziga xos yodgorlik sifatida qad rostlaydi. Yerga o‘yib ishlangan 40 metrlik marmar sekstanti yulduzlar xaritasini yaratishda qo‘llanilgan. U shu qadar aniq bo‘lganki, asrlar davomida unga yuksak ehtirom bilan qaralgan. Bu obida mintaqamiz bir vaqtlar ham e’tiqod, ham ilm-fan sohasida jahon markazlaridan biri bo‘lganini kuchli tarzda eslatib turadi.

Toshkentdagi muzeyga tashrif sifatida boshlangan sayohat tez orada chuqur ma’naviy va intellektual sayohatga aylanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi tarixni shunchaki namoyish etmaydi — u o‘ziga xos darvoza vazifasini bajaradi. Bu darvoza insonda qiziqish uyg‘otib, uni Samarqandning qadimiy va vaqt sinovidan o‘tgan ko‘chalari sari yetaklaydi.

Bu — aql va ruh merosi bo‘ylab sayohatdir. Va u bor-yo‘g‘i bitta muhtasham gumbazdan boshlanadi.

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14827
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12222
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9949
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7979
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar