Bizda xorijiy auditoriyaga moʻljallangan sayt mavjudTurath Dispatch
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Al-Jazira: “O‘zbekistonda islom tarixini hikoya qiluvchi 4 davr va 10 siymo”

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi mamlakatning ming yillik tarixini bir makonda jamlagan noyob maskan sifatida xorijiy OAV e’tiborini tortmoqda. «Al-Jazira» nashri muzey ekspozitsiyalari orqali O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasining 4 muhim davri va unga tamal toshi qo‘ygan 10 buyuk siymoga nazar tashlab, Qur’oni karimning qadimiy qo‘lyozmalari, tarixiy artefaktlar hamda Muhammad Xorazmiy, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalar merosi haqida hikoya qiladi.

Toshkent — Gumbazi osmon bilan tutashib, uning moviy rangi bilan uyg‘unlashgan muhtasham binoning keng zallarida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasining asrlar davomidagi tarixidan so‘zlovchi minglab noyob buyumlar, arxeologik topilmalar va hujjatlar joy olgan. Ular milodiy VII asrdan boshlab Markaziy Osiyo madaniyati bilan arablar olib kirgan madaniyatni uyg‘unlashtirib, ularni islom asosida o‘ziga xos bir butunlikka aylantirgan xalqning yuksalish davrlari haqida hikoya qiladi.

Tashqaridan qaraganda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, uning devorlari arab xatti bilan bezatilgan naqshlar bilan qoplangan. Binoni keng maydon va so‘lim bog‘ o‘rab turadi. Quyosh botib, shahar ustini tun qoplaganida, Toshkent aholisi bu maskanga dam olish uchun tashrif buyuradi.

Markazdan o‘nlab metr narida esa bulutlar sari bo‘y cho‘zgan Hazrati Imom majmuasining minoralari ko‘zga tashlanadi. Bu tarixiy binolar majmuasi haqida bizga hamrohlik qilgan gid uning X asrda yashagan olim va solih zot Abu Bakr Qaffol Shoshiy xotirasiga bag‘ishlangan muqaddas maskan ekanini aytib berdi. Toshkent shahri ham ilgari aynan shu zot nomi bilan «Shosh» deb atalgan.

«O‘tmish o‘z izini qoldiradi» — Xorazmiy qo‘lyozmalari, Toshkent va Buxoro xat san’ati namunalari namoyish etilgan Islom san’ati muzeyiga sayohat

Taxminan 8 mingta ashyo va san’at asarini o‘z ichiga olgan hamda Islom sivilizatsiyasi markaziga qarashli ushbu muzeydagi har bir eksponat ilgari «Movarounnahr» deb atalgan hudud tarixining turli sahifalarini hikoya qilishga xizmat qiladi.

Bu yerda tosh, loy, yog‘och, qog‘oz, metall, kulolchilik buyumlari va matolar yonma-yon joylashgan. Ularning har biri O‘zbekiston xalqi tarixining turli davrlari haqida so‘zlaydi. Bu hikoyalar xalq ajdodlari g‘orlarda yashab, o‘z hayotlariga oid voqealarni qoyalarga ramzlar orqali bitib qoldirgan davrlardan boshlanadi.

حجر من القرن الرابع عشر قيل إن الأمير تيمور لنك كتب عليه بخط يده - متحف الحضارة الإسلامية في أوزبكستان (الجزيرة نت)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi muzeyida XIV asrga oid tosh. Aytishlaricha, unga Amir Temur o‘z qo‘li bilan yozuv bitgan. 

Qadimiy eksponatlar va zamonaviy texnologiyalar

Ushbu «tarixiy devon» devorlari orasida zamonaviy texnologiyalar va qadimiy eksponatlar o‘zaro uyg‘unlashgan. Bu yerda bronza va misdan zarb qilingan tangalardan tashqari, sopol xumlar, kulolchilik buyumlari, taqinchoqlar va qimmatbaho toshlar, qadimiy qilichlar va an’anaviy qurol-yarog‘lar, musiqa asboblari va haykal qismlari, mozaikalar, miniatyuralar, tarixiy shaxslar yoki qadimiy kasb-hunarlarni aks ettiruvchi maketlar ham o‘rin olgan.

Asrlar qa’ridan yetib kelgan ushbu eksponatlarning mazmunini to‘liq anglashda zamonaviy texnologiyalar muhim o‘rin tutadi. Xususan, uch o‘lchamli namoyishlar va interaktiv ekranlar jonsiz eksponatlar nomidan «so‘zlab», ularda mujassam tarixiy qimmatni matn va videolar orqali ochib beradi.

Muzey gidining «Al-Jazira Net»ga ma’lum qilishicha, ushbu muhtasham maskanga har kuni qariyb 5 ming kishi tashrif buyuradi. Ularning taxminan 90 foizini mahalliy aholi, qolgan qismini esa xorijdan kelgan sayyohlar va mehmonlar tashkil etadi.

Biz muzey bo‘ylab gid Sobitjon Oripov bilan birga sayohat qildik. Maydoni 7 ming kvadrat metr bo‘lgan muzeyda 5 ta asosiy ko‘rgazma zali mavjud.

Ulardan biri Qur’oni karim zali deb nomlangan bo‘lib, unda mamlakat tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslar tomonidan ko‘chirilgan Qur’onlarning noyob qo‘lyozmalari namoyish etilgan.

Yana bir zalda islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalariga oid ashyolar va ularning qoldiqlari jamlangan.

Uchinchi zal O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning birinchi Uyg‘onish davrini — IX asrdan XIII asrgacha bo‘lgan davrni namoyon etadi.

To‘rtinchi zal esa ikkinchi Uyg‘onish davri, ya’ni Temuriylar Uyg‘onish davri — XIV asrdan XVI asrgacha bo‘lgan tarixiy davrni hujjatlar va eksponatlar orqali yoritadi.

مخطوطة مصحف عثمان في متحف مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان (الجزيرة نت)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi Usmon Mus'hafi qo‘lyozmasi 

Usmon Mushafi uchun maxsus zal

Qur’oni karim zali markazida panjara bilan o‘ralgan maxsus supa joylashgan. Muzey mutasaddilari ta’kidlashicha, uning ustida hozirgacha saqlanib qolgan Qur’onning eng qadimiy nusxasi — hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning «Usmon Mus'hafi» saqlanadi.

Ushbu qo‘lyozma 338 sahifadan iborat bo‘lib, kufiy xatida bitilgan. U milodiy VII asrga mansub bo‘lib, kiyik terisiga yozilgan. 1997-yilda BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — YUNESKO tomonidan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Tarixiy rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur XIV asrda ushbu Mushafni Bag‘doddan Samarqandga olib kelgan.

1868–1869 yillarda esa Mushaf o‘sha paytda Markaziy Osiyoni nazorat qilgan chor Rossiyasi hududidagi Sankt-Peterburg shahri Imperator ommaviy kutubxonasiga olib ketilgan.

1923 yilda musulmon ulamolari va nufuzli jamoat vakillarining qat’iy talablaridan so‘ng Usmon Mus'hafining noyob qo‘lyozmasi maxsus poyezdda yana Toshkentga qaytarilgan. U dastlab Hazrati Imom majmuasidagi Mo‘yi Muborak madrasasiga topshirilgan.

Keyinchalik, 2025-yil noyabr oyida qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi Qur’on zaliga ko‘chirildi.

Tarixiy davrlardan qolgan yodgorliklar

O‘zbekistonning islomdan avvalgi tarixi uchun ajratilgan zalda miloddan avvalgi X ming yillikdan milodiy VII asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrga oid meros namunalari namoyish etilgan. Aynan shu davrda islom dini dastlabki vakillari sug‘dlar, baqtriyaliklar va xorazmiylar avlodlari yashagan hududlarga kirib kelgan.

Zalda uzunligi 260 metr bo‘lgan ulkan devor mavjud. Unda O‘zbekiston hududidagi xalqlarning qariyb uch ming yillik taraqqiyotini aks ettiruvchi yozuvlar va tasvirlar joylashtirilgan. Ular dehqonchilik davridan shaharsozlik va Buyuk Ipak yo‘lidagi savdo-sotiq rivojlangan davrgacha bo‘lgan jarayonni hikoya qiladi.

Bu yerda bir necha asrlarga mansub toshdan yasalgan o‘q uchlari ham namoyish etilgan bo‘lib, ular tog‘larda yashagan insonlarning hayvonlar bilan ilk to‘qnashuvlari tarixidan darak beradi. Shuningdek, miloddan avvalgi I ming yillikka oid bronzadan yasalgan kiyik haykali, yoshi 10 ming yildan ortiq bo‘lgan qoyatoshlardagi ov manzaralari va boshqa ramziy tasvirlar ham bor. Oripovning aytishicha, ushbu tasvirlar qadimgi davrdagi ayrim e’tiqod va qarashlarni ham ifoda etadi.

Interaktiv xaritalar va ekranlarda namoyish etiladigan videolar orqali mamlakat hududidagi qadimiy shaharlar va aholi manzilgohlarining ko‘rinishi qayta tiklangan. Shuningdek, o‘sha davrda keng tarqalgan ovozlar va musiqa asboblari ham qayta jonlantirilgan. Ekspozitsiyada o‘sha davrda dehqonchilik va metallurgiyaning rivojlanish jarayonlari haqida ham ma’lumot beriladi.

Movarounnahrning Birinchi Uyg‘onish davri

Uchinchi zalda Movarounnahrning Birinchi Uyg‘onish davriga oid eksponatlar namoyish etilgan. Bu yerda mahalliy madaniyat bilan arab va islom madaniyatining dastlabki uyg‘unlashuvi va o‘zaro singish jarayonini aks ettiruvchi tarixiy dalillar jamlangan.

Ekspozitsiya sivilizatsiyalar o‘rtasidagi to‘rt asrdan ortiq davom etgan madaniy uyg‘unlashuv jarayonini yoritadi. Unda Ummaviylar, Abbosiylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar hamda mo‘g‘ullar davriga oid tarixiy ashyolar o‘rin olgan.

مجسم لباب الكعبة المشرفة في متحف مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان (الجزيرة نت)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ka’bai muazzama eshigining maketi 

Ko‘zga tashlanmay qolmaydigan yana bir keng ravoq O‘zbekiston xalqining haj, uning an’analari va ziyorat safarlariga bo‘lgan e’tiborini namoyon etadi. Ravoqning katta qismi Ka’bai muazzama, uning kisvasi va Ibrohim alayhissalom maqomining maketlarini namoyish etishga bag‘ishlangan.

Bu yerda 1859-yilda Ka’ba uchun tayyorlangan kisva, uning yonida Ka’ba eshigining maketi hamda kalitining nusxasi joylashtirilgan. Kalitga Haj surasining 27-oyati naqsh etilgan:

«Insonlar orasida hajni e’lon qilgin. Ular sening oldingga piyoda va har qanday uzoq yo‘ldan keluvchi oriq tuyalarda kelurlar».

Temuriylar davri

XIV–XVI asrlarga to‘g‘ri keladigan Temuriylar davri ham alohida zalga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Amir Temur va uning davlati, shuningdek, uning vorislari davri namoyon etilgan.

Bu davrda mamlakatda yuksalish va taraqqiyot kuzatilib, shaharlar, ayniqsa Samarqand va Hirot ilm-fan markazlariga aylangan.

Zalda Amir Temurning saroylari, madrasalari va masjidlarini eslatuvchi eksponatlar, shuningdek, uning asarlari bilan bog‘liq namunalarni uchratish mumkin.

Shuningdek, buyuk olim va astronom Mirzo Ulug‘bek hamda uning Ali Qushchi va G‘iyosiddin Jamshid kabi shogirdlari faoliyatining yuksak darajasidan darak beruvchi eksponatlar ham namoyish etilgan.

Ekspozitsiyada mashhur musavvir va rassom Kamoliddin Behzodning miniatyuralari ham alohida o‘rin egallagan.

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi

Islom sivilizatsiyasi markazining ikkinchi qavatida muzey tarkibiga kirmaydigan, boy ilmiy va axborot resurslariga ega kutubxona joylashgan.

Kutubxonada 266 ta o‘rin mavjud. Uning javonlarida 300 mingta bosma kitob, shuningdek, shuncha miqdorda elektron kitoblar jamlangan.

Mahalliy va xalqaro ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyati orqali foydalanuvchilar 10 milliondan ortiq elektron resursdan ham foydalanishlari mumkin.

رواق رحلة الحج في متحف مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان (الجزيرة نت)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi Haj safari ravog‘i 

Buyuk siymolar galereyasi

O‘zbekiston, shuningdek, buyuk va tarixiy shaxslari bilan ham faxrlanadi. Ular orasida 14 nafar buyuk siymo bor bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ularni mintaqa ilmiy taraqqiyoti va yuksalishining yorqin timsollari sifatida taqdim etadi. Mehmonlar bu shaxslar bilan «Buyuk siymolar galereyasi» deb nomlangan maxsus zalda tanishishlari mumkin.

Keng va naqshlar bilan bezatilgan zalda mazkur buyuk siymolarning ulkan tasvirlari marmar pannolarga tushirilgan. Har bir pannoning og‘irligi ikki tonna, uzunligi 8 metr, eni esa 3 metrni tashkil etadi. Ularni tayyorlashda Italiyadan keltirilgan 110 turdagi rangli marmar, shuningdek, Turkiyadan olib kelingan oq marmardan foydalanilgan.

Muzey gidы Sobitjon Oripov ushbu tasvirlar haqida ma’lumot berib, ulardan yettitasi Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi Birinchi Uyg‘onish davrining eng mashhur namoyandalariga bag‘ishlanganini ta’kidladi.

Ular orasida Muhammad ibn Muso Xorazmiy ham bor. U O‘zbekistonning shimoli-g‘arbidagi Xorazm hududida tug‘ilgan bo‘lib, nol raqamini joriy etishi va algebra fanida inqilob yasagan kashfiyotlari bilan tanilgan.

Uning yonida Ahmad Farg‘oniy tasviri joylashgan. Olim, muhandis va astronom bo‘lgan Farg‘oniy Bag‘doddagi «Bayt ul-hikma»da faoliyat yuritgan. Uning astronomiya va geografiyaga oid asarlari lotin tiliga tarjima qilinib, portugal sayyohi Xristofor Kolumb hamda italiyalik fizik Nikolay Kopernik kabi mashhur tadqiqotchilarga ilhom bergan.

Gidning aytishicha, Farg‘oniy Misrdagi Nilometri — Nil daryosi suv sathini o‘lchash moslamasining ixtirochisi ham hisoblanadi. Ushbu qurilma 1100 yil davomida Nil daryosidagi suv sathini o‘lchash uchun qo‘llanilgan.

Buyuk siymolar orasida Temur Tarag‘ay Barlos, ya’ni mashhur Amir Temur (Temurlang) ning tasviri ham alohida o‘rin egallagan.

O‘zbekistonliklar Amir Temurni milliy qahramon, o‘zlarining Ikkinchi Uyg‘onish davri asoschisi va Xorazm imperiyasini zabt etgan buyuk sarkarda sifatida e’tirof etadilar. U, shuningdek, qo‘shni davlatlar hududlarini ham qamrab olgan ulkan saltanatga asos solgan.

مخطوطات قديمة من القرآن الكريم في متحف مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان (الجزيرة نت)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi Qur’oni karimning qadimiy qo‘lyozmalari

Buyuk siymolar galereyasi — davomi

O‘zbekiston tarixining ushbu davri haqida hadis ilmi imomlarini tilga olmasdan so‘z yuritib bo‘lmaydi. Ularning eng mashhurlari qatorida Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Imom Termiziy bor. Muzeyda ularning nomlari va muborak hadislarni to‘plash hamda tadqiq etish borasidagi ulkan mehnatlari ham abadiylashtirilgan.

Ular bilan bir qatorda, olim, tabib va faylasuf Abu Ali Husayn ibn Sino ham buyuk siymolar safidan o‘rin olgan. U o‘rta asrlarning eng muhim qomusiy mutafakkirlaridan biri bo‘lib, 20 yoshga to‘lmasidanoq ilm-fan va bilimning ko‘plab sohalarida yuksak iste’dodini namoyon etgan.

Abu Rayhon Beruniy ham muzeyning «Buyuk siymolar galereyasi» da abadiylashtirilgan allomalardan biridir. U matematika sohasida katta ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, Yer atmosferasining sharsimon modelini birinchi bo‘lib yaratgan olim sifatida tilga olinadi.

«Muzeyimiz eksponatlari orasida Beruniyning atmosfera modeli asosida yaratilgan yanada zamonaviy talqindagi modelni ham ko‘rishingiz mumkin», — deydi gidimiz Sobitjon Oripov.

Undan keyin Forob shahrida tug‘ilgan Abu Nasr Forobiy keladi. Mahalliy aholi uni yunon faylasufi Aristoteldan keyingi «Ikkinchi muallim» deb hisoblaydi. Forobiy falsafa ilmini shariat ilmlari va islom tasavvufi bilan uyg‘unlashtirgan.

Uning yonidan Markaziy Osiyoda miniatyura san’atining «asoschisi» sifatida e’tirof etiladigan Kamoliddin Behzod ham joy olgan. Yevropa rassomlari va tarixchilari uni mashhur italiyalik rassom va me’mor Rafael Sansio da Urbino bilan qiyoslab, «Sharq Rafaeli» deb ataganlar.

Muzeyda xotirasi abadiylashtirilgan buyuk siymolar orasida Samarqandda mashhur bo‘lgan astronom olim Mirzo Ulug‘bek ham bor. U Samarqandda rasadxona barpo etgan, shuningdek, bu yerda uning nomi bilan ataluvchi madrasaga ham asos solgan.

Shuningdek, muzey ekspozitsiyasida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham ma’lumotlar o‘rin olgan. U Amir Temur avlodidan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi Andijon shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik Hindistonga ko‘chib o‘tib, u yerda Mo‘g‘ullar imperiyasiga asos solgan. Bu davlat Markaziy Osiyoda kengroq Boburiylar imperiyasi nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.