

Yangiliklar
Prezident tashabbusi BMT maydoniga chiqmoqda: Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti konsepsiyasi muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy tarix va ma’naviy merosni jamlagan noyob majmua, balki O‘zbekistonning sivilizatsion salohiyatini jahonga namoyon etadigan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda. Endi Markazning bugungi salohiyati, buyuk allomalarimiz ilmiy merosi va yurtimizda shakllangan ilmiy maktablar BMTning global muloqot maydonida keng namoyon etiladi. Prezident tashabbusi bilan boshlangan bu ezgu g‘oyaning xalqaro maydondagi navbatdagi muhim qadami Nьyu-Yorkda muhokama qilindi.
Yaqinda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, markaz ilmiy xodimi Oybek Sotvoldiyev hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati direktori Saidasqar Xashimovdan iborat ishchi guruh AQShning Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida BMT Sivilizatsiyalar alyansi direktori Nixol Sa’d xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlarni BMT maydonida o‘tkazish konsepsiyasi muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro hamjamiyatga yangi mazmun va yondashuv asosida taqdim etish, yurtimiz zaminida shakllangan sivilizatsion maktablarning insoniyat taraqqiyotidagi o‘rnini keng ochib berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muloqot davomida BMT Sivilizatsiyalar alyansi direktori tashkilotning ustuvor maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, taqdimotlar doirasida namoyish etiladigan ekspozitsiyalar qamrovini kengaytirish, O‘zbekiston allomalari merosini jahon sivilizatsiyasi tarixi va taraqqiyoti bilan uyg‘un holda namoyon etish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Shuningdek, xalqaro konferensiya mazmun-mohiyatini yanada boyitish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy muloqot, madaniy hamkorlik va o‘zaro anglashuv masalalarini keng yoritish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining faoliyati, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy va xalqaro loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Nyu-Yorkdagi mazkur uchrashuv Prezident tashabbusining izchil davomi sifatida O‘zbekistonning sivilizatsion merosini BMTning nufuzli xalqaro maydoniga olib chiqish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida BMT Sivilizatsiyalar alyansi bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, qo‘shma ilmiy-ma’rifiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bugun Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — kechagi buyuk merosni asrab, uni ertangi avlod va butun insoniyat mulkiga aylantirishga xizmat qilayotgan zamonaviy platforma. Uning BMT maydonidagi taqdimoti esa O‘zbekistonning “ilm — ma’rifat — sivilizatsiyalar muloqoti” tamoyiliga asoslangan yangi xalqaro tashabbuslarini namoyon etish uchun muhim qadam bo‘ladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.