Yangi o‘quv yilining ilk qadami — ma’rifat va buyuk meros sari

O‘z tarixini anglagan yoshning kelajakka intilishi ham mustahkam bo‘ladi. Yangi o‘quv yilini ana shunday ma’rifiy muhitda boshlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining 1-bosqich talabalari uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga maxsus tashrif tashkil etildi.
Yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif yoshlar uchun oddiy ekskursiyadan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Talabalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimiz tarixining turli davrlari, buyuk allomalarning ilmiy merosi, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markaz ekspozitsiyalarida Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans bo‘limlari, ilm-fan taraqqiyoti va buyuk siymolar faoliyati zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyon etilgan. Talabalar tarixiy manbalar va noyob eksponatlar orqali ajdodlarimizning matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, adabiyot va boshqa sohalardagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Talaba Behruzbek Alisherovning so‘zlariga ko‘ra, Markazda tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgani yoshlarda alohida taassurot qoldirgan.
“Bu yerdagi tarixiy manbalar va qadimgi sivilizatsiyalar ajdodlarimiz qanchalik buyuk bo‘lganini biz yoshlarga yana bir bor namoyon etmoqda. Biz bundan faxrlanamiz. Kelajakda ularning izidan borib, innovatsion g‘oyalar asosida zamonamizni rivojlantirishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.
Turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan 1-bosqich talabasi Muxlisa Muzropova esa Markazni “tarixga sayohat” sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, kitoblarda o‘qilgan tarixiy voqealar va buyuk shaxslar merosini bevosita ekspozitsiyalar orqali ko‘rish yoshlarda Vatanga bo‘lgan faxr tuyg‘usini yanada kuchaytiradi.
“Sohibqiron Amir Temur davri, Alisher Navoiy va boshqa buyuk ajdodlarimiz yashagan zamonni xuddi o‘zim yashagandek his qildim. Bu maskan biz yoshlarda o‘zbek tarixi va milliy merosimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi”, — dedi Muzropova Muxlisa.
Tashrif doirasida talabalar markaz kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerdagi ilmiy adabiyotlar, noyob manbalar va zamonaviy axborot resurslari ularning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurib, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, aholiga diniy bilimlarni ma’rifat asosida yetkazish va diniy ta’lim muassasalari faoliyati haqida ma’lumot oldilar.
Tashrifning yana bir manzili — Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi bo‘ldi. Bu yerda buyuk vatandoshimiz Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etish va uni zamonaviy ilmiy muomalaga olib kirish borasidagi ishlar bilan tanishildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchisi Aliakbar Jalilov mazkur tashrif talabalarda tarix va milliy merosga qiziqishni kuchaytirganini ta’kidladi.
“Talabalar milliy davlatchiligimiz, tariximiz va o‘zbek allomalari haqida juda keng ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yaqqol namunasidir”, — dedi u.
Ayni paytda, bu kabi tashriflar yoshlarning darsxonadan tashqaridagi bilim olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Talaba muzey, kitob, tarixiy manba va ilmiy markaz bilan bevosita muloqot qilar ekan, o‘z kasbi va tanlagan yo‘nalishining mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglaydi.
Zero, tarixni bilish — o‘tmishni eslash emas, kelajakni anglashdir. Islom sivilizatsiyasi markazidagi mazkur ma’rifiy tashrif esa akademiya talabalari uchun yangi o‘quv yilini yangi bilim, yangi maqsad va yuksak ilhom bilan boshlashga xizmat qildi.


