

Yangiliklar
Temuriylar davri hojilari ishlatgan ko‘za bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin oldi
Temuriylar davri nafaqat ilm-fan, me’morchilik va adabiyot, balki kulolchilik va amaliy bezak san’ati yuksak taraqqiy etgan davr sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Bu davrga oid sopol buyumlar orqali o‘sha zamon insonlarining kundalik hayoti, estetik didi, hunarmandlik mahorati va madaniy aloqalari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan ikki sopol buyum — Temuriylar davriga oid kosa va safar ko‘zasi ana shu boy merosning yorqin namunasidir.
Ularning biri XV asr oxiriga mansub bo‘lib, Movarounnahr hududida yaratilgan. Sopoldan tayyorlangan idishning o‘lchami 23,5 × 15,6 santimetrni tashkil etadi.
Ikkinchi buyum — Temuriylar davri, XV–XVI asr boshlariga oid sopol ko‘za. Markaziy Osiyo hududidan topilgan mazkur buyumning o‘lchami 17 × 21 santimetr.
Sopol kosa sharsimon shaklda bo‘lib, qisqa to‘g‘ri oyoqcha va biroz ko‘tarilgan qirrali og‘izga ega. Uning yuzasi avval oq angob bilan qoplangan, so‘ngra ko‘k va jigarrang temir oksidi bo‘yoqlari bilan nozik bezatilib, shaffof sir bilan qoplangan. Kosaning tashqi qismi o‘ziga xos uchta gorizontal bezak qatlamiga ajratilgan. Yuqori qismida jigarrang burlama naqshlar, o‘rta qismida esa sakkiz qirrali yulduzlar, to‘rtburchaklar, to‘lqinsimon va panjarasimon maydonlardan tashkil topgan murakkab geometrik kompozitsiya joylashgan. Quyi qismida esa jigarrang shingilgulli tasvirlar aks ettirilgan.
Kosaning ichki qismi markazida olti yaproqli gulli medalьon joylashgan bo‘lib, uning atrofi mayda bezaklar bilan uyg‘unlashtirilgan. Ushbu kompozitsiyada geometrik naqshlarning ustunligi, tartib va simmetriyaga intilish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu xususiyatlar Temuriylar davri amaliy san’atida shakl va bezak uyg‘unligiga alohida e’tibor berilganini ko‘rsatadi. Kosaning tarixiy qimmati yana shundaki, u Xuroson, Movarounnahr va Xitoy o‘rtasidagi faol madaniy aloqalar davrida san’at va hunarmandchilik yutuqlarining keng tarqalganidan darak beradi. Buyuk ipak yo‘li orqali turli hududlar o‘rtasidagi madaniy ta’sir va tajriba almashinuvi kulolchilik san’atida ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, mazkur kosa XV asr oxiridagi kundalik va elita hayotining moddiy madaniyatini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.
Ekspozitsiyadagi yana bir diqqatga sazovor ashyo — safar ko‘zasi. Sharsimon tanasi, tor og‘zi va ikki tutqichi bilan ajralib turadigan mazkur idishning butun yuzasi shaffof feruza rangli sir bilan qoplangan. Uning yuzasi ko‘k va qora bo‘yoqlardagi gulli naqshlar bilan bezatilgan. Ko‘zaning shakli uning amaliy vazifasi haqida ham tasavvur beradi. Bunday idishlar karvon savdogarlari yoki uzoq safarga, jumladan haj safariga otlangan kishilar uchun suv va boshqa suyuqliklarni olib yurishda ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Ikki tutqich idishni arqon yoki tasma bilan mahkamlash imkonini bergan. Bu esa safar davomida ko‘zani, masalan, tuya yoniga bog‘lab olib yurish uchun qulaylik yaratgan bo‘lishi ehtimolini ko‘rsatadi. Tor og‘iz qismi esa suyuqlikni saqlashda qo‘shimcha qulaylik bergan. Ayni paytda, ko‘zadan to‘y, bazm va boshqa marosimlarda foydalanilgan bo‘lishi ehtimoli ham mavjud. Shu jihatdan u nafaqat amaliy, balki marosimiy ahamiyatga ham ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bu buyumlar orqali biz faqat kulollarning mahoratini emas, balki o‘sha davr insonlarining hayot tarzi, safar madaniyati, didi va dunyoqarashini ham ko‘rishimiz mumkin. Bugungacha saqlanib qolgan har bir sopol buyum oddiy ro‘zg‘or ashyosi emas. U o‘z davrining texnologiyasi, san’ati va inson hayoti haqida so‘zlaydigan moddiy tarix manbasidir. Islom san’atida geometrik bezaklarning rivojlanishi, Markaziy Osiyo kulolchiligining yuksak darajasi va Temuriylar davri madaniy muhitini yoritishda bu kabi eksponatlarning ilmiy va muzey ahamiyati beqiyos.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.