Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

«Har bir eksponat alohida ko‘rgazmaga munosib»: “Tsarskoye Selo” vakillari Markaz haqida

09.09.2026, 11:53657
«Har bir eksponat alohida ko‘rgazmaga munosib»: “Tsarskoye Selo” vakillari Markaz haqida

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi «Tsarskoye Selo» davlat muzey-qo‘riqxonasi delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning me’moriy yechimi, muzey ekspozitsiyalari, noyob artefaktlari va zamonaviy muzeychilik yondashuvlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazni nafaqat O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini namoyon etuvchi yirik majmua, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘laydigan zamonaviy ma’rifiy makon sifatida baholadilar.

«Tsarskoye Selo» davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Olga Vladislavovna Taratыnova O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, ayniqsa, yoshlar va madaniy merosga bo‘lgan e’tibor unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.

«Menga O‘zbekiston shaharlari juda tez o‘zgarayotgandek tuyuldi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar yaxshi tomonga qarab ketmoqda. Bu shunchaki xushomad emas, menimcha, obyektiv haqiqat. Ko‘chalarda juda ko‘p yoshlarni, bolalarni ko‘ryapman, shaharlar toza va obod», — dedi u.

Mehmon uchun eng kuchli taassurotlardan biri Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi.

«Bu markaz men uchun juda katta taassurot va kuchli his-tuyg‘ular manbai bo‘ldi. Bunday markazni barpo etish siyosiy jihatdan ham juda to‘g‘ri qaror, deb o‘ylayman. Bu yerga qancha mehnat va kuch sarflanganini tasavvur qilish mumkin. Aytishlaricha, sakkiz yil — bunday ulkan majmua va undagi nihoyatda nozik, puxta ishlar uchun juda qisqa muddat», — dedi muzey-qo‘riqxona rahbari.

Olga Taratnova, ayniqsa, Markazning yosh avlod bilan ishlashga qaratilgan yondashuvini e’tirof etdi.

«Eng muhimi, markazning asosiy auditoriyasi — yoshlar. Bu yer ularda o‘z madaniyati va o‘zligini anglashga bo‘lgan hurmatni yanada kuchaytiradi. Rossiyada ham bugun biz o‘z ildizlarimizni o‘rganish, xalq hunarmandchiligi, amaliy san’at va an’anaviy madaniyatga qayta murojaat qilishga katta e’tibor qaratyapmiz. Menimcha, bu borada biz sizlar bilan qandaydir ma’noda parallel ravishda harakat qilyapmiz», — dedi u.

Uning fikricha, Markazning ahamiyati faqat o‘tmishni namoyish etish bilan cheklanmaydi.

«Men tushunishimcha, bu markaz O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishini shunchaki qotirib qo‘yilgan holda aks ettiruvchi maskan emas. Aksincha, u doimo rivojlanib, o‘zgarib boradigan, an’anaviy amaliy san’at va madaniyatni o‘rganishni davom ettiradigan, moslashuvchan makon. Sizlar juda yaxshi ish qilibsizlar. Endi esa o‘z madaniyatingiz va uning o‘ziga xosligini yanada chuqurroq o‘rganish kerak», — dedi Olga Taratnova.

Muzey-qo‘riqxonaning ilmiy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Iraida Vladimirovna Bott esa Markazning me’moriy yechimi va muzey ekspozitsiyalariga alohida to‘xtaldi.

«Men bu markaz haqida ko‘p eshitgan edim. Bu yerda ulkan va hayratlanarli majmuani ko‘rishni kutgandim. Ammo haqiqiy taassurotlarim kutganimdan ham oshdi», — dedi u.

U, ayniqsa, Markazning to‘rt tomonga yo‘naltirilgan portallari, ularning hududlar mazmuniga mos tarzda bezatilgani, qo‘l mehnati va tabiiy materiallardan keng foydalanilganini yuqori baholadi.

«Biz tarixiy obidalarni restavratsiya qilish va tarixiy materiallar bilan ishlash bilan shug‘ullanadigan insonlar sifatida bu yerdagi ish ortida qancha mehnat, mashaqqat va professionallik turganini juda yaxshi tushunamiz. Bu — katta hajmdagi va nihoyatda murakkab ish», — dedi Iraida Bott.

Biroq uning uchun Markazning eng muhim jihatlaridan biri — ekspozitsiyalardagi noyob artefaktlar va ularni namoyish etishning zamonaviy usullari uyg‘unligi bo‘ldi.

«Men muzey sohasi vakili sifatida, balki klassik, hatto konservativ qarashlarga ega insonman. Axir muzeychining asosiy vazifasi — tarixni, buyumlar va artefaktlarni asrab-avaylash. Ammo bu yerda ekspozitsiyalarning ko‘rgazmaliligi va interaktivligidan tashqari, ayniqsa yosh avlod uchun muhim bo‘lgan jihatlar bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda to‘plangan mutlaqo noyob eksponatlar borligi meni hayratga soldi», — dedi u.

«Bu yerda shunday alohida eksponatlar borki, ularning har biri alohida muzey ko‘rgazmasiga munosib. Aynan shu jihat meni eng ko‘p hayratga soldi», — deya ta’kidladi Iraida Bott.

Darhaqiqat, bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mahobatli me’moriy inshoot, balki tarix, ilm-fan, madaniyat va zamonaviy muzeychilik yondashuvlari uyg‘unlashgan yirik ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.

«Tsarskoye Selo» muzey-qo‘riqxonasi vakillarining bahosi bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatadi: O‘zbekistonning tarixiy merosi bugun faqat saqlanmayapti — u qayta anglanmoqda, o‘rganilmoqda va yangi avlodga zamonaviy tilda yetkazilmoqda.

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14822
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12217
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9945
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7975
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar