Qatarlik diplomatlar Islom sivilizatsiyasi markazida

Qatar Davlati Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida mehmonlar Markazning me’moriy qiyofasi, ilmiy-ma’rifiy konsepsiyasi hamda ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, Markazda O‘zbekiston hududidagi sivilizatsiya tarixining turli davrlari islomdan oldingi va islomdan keyingi jarayonlarning izchil yoritilgani mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekspozitsiyalar orqali o‘zbek xalqining qadimiy hayot tarzi, madaniyati, iqtisodiy faoliyati, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyoti haqida ma’lumot berilishi Qatar vakillarining alohida e’tiborini tortdi.
Tashrif davomida Qatar Davlati Tashqi ishlar vazirligining bosh maslahatchisi, Diplomatik institut siyosiy iqtisod professori, doktor Navzad Abdurahmon al-Hitiy Markaz haqidagi taassurotlarini bildirdi.
“Bu O‘zbekiston Prezidentining Islom sivilizatsiyasi, buyuk islomiy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi ajoyib tashabbusidir. Ushbu markaz turli davrlarga oid eksponatlar to‘plamini o‘z ichiga olgan bo‘lib, o‘zbek xalqining islomdan oldingi va islomdan keyingi hayot yo‘li hamda madaniyatini namoyish qiladi. O‘zbek jamiyati qanday yashagani, hayot tarzi qanday bo‘lgani va ushbu jamiyatda iqtisodiy faoliyat qanday kechganini ko‘rsatib beradi.
Mening nazarimda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar uchun o‘zbek olimlarining nafaqat islomiy ilmlar, balki tibbiyot, huquq, geologiya va boshqa tabiiy hamda gumanitar fanlar sohasida qo‘shgan hissalarini tanishtiruvchi muhim platforma bo‘ladi.”
Uning qayd etishicha, ajdodlarimiz yaratgan ilmiy meros faqat bir hudud yoki bir sivilizatsiya doirasida qolib ketmagan. Bu bilimlar dunyoning turli mintaqalaridagi ilmiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatgan.
“Bu ilmlardan G‘arb ham, boshqa islom sivilizatsiyalari ham, shuningdek, Ikki daryo oralig‘i, Nil vodiysi, Rim va Gretsiya sivilizatsiyalari ham foydalangan. Bu markaz sivilizatsiya nuri bo‘lib qolaveradi va tarix O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasini asrashdagi rolini o‘chmas izlar bilan o‘zida muhrlaydi.”
Shu jihatdan Markaz ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan meros faqat bir xalq yoki bir hudud tarixiga daxldor emas. U insoniyatning umumiy ilmiy va madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq.
Qatar vakili ta’kidlaganidek, bu ilmiy merosdan G‘arb va Sharqdagi turli sivilizatsiyalar, jumladan, Ikki daryo oralig‘i, Nil vodiysi, Rim va Yunon sivilizatsiyalari ham turli davrlarda bahramand bo‘lgan.
Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu tarixiy bog‘liqliklarni ilmiy asosda yoritish, buyuk ajdodlarimiz merosini keng jamoatchilikka yetkazish va turli mamlakatlardan kelayotgan mehmonlarga O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini namoyish etishga xizmat qilmoqda.
Janob doktor Navzad Abdurahmon al-Hitiy fikricha, Markaz ana shu umumiy tarixiy va ilmiy merosni bir makonda mujassam etib, turli xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-madaniy muloqot uchun ham muhim maydonga aylanishi mumkin.
Qatar delegatsiyasining tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalar izchil rivojlanib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni kunlarda Toshkentda “O‘zbekistondagi islomiy madaniy meros va uning jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham o‘tkazilmoqda. Unda Qatar boshchiligidagi xalqaro delegatsiya, olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. (Ministerstvo inostrannыx del Katar)
Tashrif yakunida mehmonlar Markazning O‘zbekiston va jahon sivilizatsiyasi tarixini o‘rganish, ilmiy merosni asrash hamda uni xalqaro jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyatini yuqori baholadi.


