Ozod Soliyev: «Bu yerdan inson o‘z tarixini yanada chuqurroq anglagan holda chiqadi»

Amerika Qo‘shma Shtatlarida faoliyat yuritayotgan Vatan Global Alliance jamiyati raisi Ozod Soliyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markazning ekspozitsiya zallarida namoyish etilayotgan tarixiy va madaniy meros namunalari bilan batafsil tanishdi.
Tashrif davomida mehmonga Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar, islom madaniyati va ma’rifati, ilm-fan taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, xalqimizning ko‘p asrlik tarixini aks ettiruvchi nodir eksponatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ozod Soliyev Markaz haqida avval axborot vositalari orqali ma’lumotga ega bo‘lganini, biroq uning ko‘lami va mazmun-mohiyatini bevosita tashrif davomida yanada chuqurroq his qilganini ta’kidladi.
Men bu markaz haqida avval eshitgan, yangiliklarda ko‘rgan edim. Lekin uning bunday keng qamrovli ekanligini tasavvur ham qilmagan ekanman. Inson bu yerda tariximiz qanchalik boy va chuqur ekanini his qiladi. Birinchi Renessansdan boshlab bugungi kunga qadar bo‘lgan taraqqiyot bosqichlarini bir makonda ana shunday yaxlit tarzda namoyish etish — juda katta mehnat natijasi, — dedi mehmon.
Uning qayd etishicha, Markazda har bir eksponatning tarixi, kelib chiqishi va o‘rganilish jarayoni haqida ma’lumot berilishi tashrif buyuruvchilarga tarixni yanada yaqinroq his etish imkonini yaratadi.
Har bir eksponatning o‘z tarixi bor. Qayerdan olib kelingani, qachon topilgani, qanday ahamiyatga ega ekani haqida ma’lumotlar berilgan. Bunday maskanga kirgan inson bu yerdan shunchaki chiqib ketmaydi. U o‘z tarixini, islom sivilizatsiyasi va yurtimiz o‘tmishini yanada chuqurroq anglagan holda chiqadi, — dedi Ozod Soliyev.
Mehmon, shuningdek, Markaz nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki xorijiy mehmonlar uchun ham O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim ma’rifiy maskan ekanini ta’kidladi.
Menimcha, boshqa millat va boshqa davlat vakillari bu yerga kelsa, ulardagi hayrat yanada ortadi. Chunki bu maskan bizning tariximiz, o‘zligimiz va madaniy merosimizni namoyon etadi, — dedi u.
Tashrif jarayonida Markazda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, ekspozitsiyalarni yaratishda qo‘llanilgan zamonaviy yondashuvlar ham mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi. Ozod Soliyev Markazning qisqa davrda barpo etilib, tarixiy merosni asrash, ilmiy o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga yo‘naltirilgan yirik majmua sifatida shakllanganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, u Markazning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani, jumladan, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilganini uning o‘ziga xos ko‘lami va ahamiyatini ifodalovchi muhim ko‘rsatkich sifatida baholadi.
Mehmon Markazning barpo etilishi mamlakatda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, uni ilmiy tadqiq etish va xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilishga qaratilayotgan e’tiborning muhim amaliy natijalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Ozod Soliyev, shuningdek, AQShda faoliyat yuritayotgan Vatan Global Alliance jamiyati doirasida vatandoshlarni birlashtirish, ular bilan hamkorlikda turli tashabbus va loyihalarni amalga oshirish borasida ish olib borilayotganini qayd etdi.
Tashrif yakunida mehmon Markazda yaratilgan sharoit va ekspozitsiyalardan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday maskan O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini dunyoga keng namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


