Nuroniylar va yoshlar uchrashuvi — avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorislik ifodasi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nuroniylar va yoshlar ishtirokidagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. «Nuroniy» jamg‘armasi rahbariyati, mehnat faxriylari, Markaz mas’ullari hamda 100 nafarga yaqin yoshni birlashtirgan muloqotda boy tarixiy merosni o‘rganish, avlodlar tajribasini yoshlarga yetkazish va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Ularga yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davri, noyob qo‘lyozma manbalar hamda tarixiy-madaniy meros haqida ma’lumot berildi.
Ekspozitsiyalarni tomosha qilish jarayonida nuroniylar Markazda tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan holda namoyish etishga katta ahamiyat berilganini alohida ta’kidladilar.
Mehnat faxriysi G‘ulomjon Boboyev Markazning bunyod etilishi va uning atrofidagi hududning obodonlashtirilishiga to‘xtalib, mazkur maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki yurtimizni dunyoga tanitishda ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
«Men o‘zim mana shu hududda katta bo‘lganman. Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishidan oldin bu yerdagi ayrim tarixiy obidalar abgor holatda qolib ketgan edi. Bugun esa bu hudud butunlay o‘zgardi. Markaz bilan bir qatorda mehmonxonalar, savdo majmualari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etildi. Bu yerga dunyoning turli mamlakatlaridan turistlar keladigan bo‘lsa, nafaqat Markazni, balki uning atrofini ham bemalol tomosha qilishi mumkin», — dedi u.
Faxriy Markaz ekspozitsiyalarida buyuk allomalarning har biriga alohida e’tibor qaratilgani, ularning ilmiy merosi zamonaviy va tushunarli usullarda yoritilayotganini yuqori baholadi.
«Islom sivilizatsiyasi markaziga kirib kelganimda, bizdan o‘tgan har bir allomaga alohida sharh berilganini ko‘rib, hayratlandim. Ayniqsa, yoshlarimiz bu yerga kelib, o‘zlari uchun katta ma’naviy ozuqa olayotgani quvonarli», — dedi G‘ulomjon Boboyev.
Uchrashuvda «Nuroniy» jamg‘armasi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev ham so‘zga chiqib, keksalarning hayotiy tajribasini yosh avlod tarbiyasida samarali qo‘llash, «ustoz — shogird» an’analarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Yoshlarni ilm olish, kasb-hunar egallash, mehnatsevarlik, halollik va vatanparvarlik kabi fazilatlarga sodiq bo‘lishga chaqirdi.
Markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva esa mamlakatimizda yosh avlodni ma’naviy barkamol, mustaqil fikrlaydigan va Vatan taqdiriga daxldor shaxslar etib tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Markazning ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish borasidagi faoliyatiga to‘xtaldi.
Samimiy muloqot davomida nuroniylar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga ilm va ma’rifatning inson hayotidagi ahamiyati haqida fikrlarini bildirdilar.
Olmazor tumani keksalar va faxriylar bo‘yicha maslahatchisi Zafar Shonazarov Markaz ekspozitsiyalarida buyuk ajdodlar merosi keng va ta’sirchan tarzda namoyish etilayotganini alohida e’tirof etdi. U, ayniqsa, Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiya unda katta taassurot qoldirganini aytdi.
«Beruniy bobomizning Amerika Kolumb tomonidan kashf etilishidan ancha oldin Yer yuzida boshqa qit’a mavjudligi haqida fikr bildirgani haqidagi ma’lumotni ko‘rib, hayratlandim. Ana shunday buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini biz yoshlarga yetkazishimiz kerak», — dedi Zafar Shonazarov.
Jamoat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani nuroniylar kengashi a’zosi Dig‘matilla Inog‘omov ham tashrifdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, Markazda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Yosh ishtirokchilar ham Markazdagi ekspozitsiyalar va kutubxonadagi noyob manbalar ularda katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidladilar.
241-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Robiya Najimova Markazda buyuk allomalarning ilmiy merosi, ular qoldirgan asarlar va kitoblar haqida ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘lganini aytdi.
«Menga allomalarimiz bosib o‘tgan yo‘llar, qadimda o‘rgangan ilmlari va kelajak avlodga qoldirgan asarlari juda yoqdi. Kutubxonada ularning buyuk asarlari va qadimiy kitoblarini ko‘rish menda katta taassurot qoldirdi», — dedi yosh ishtirokchi.
Tadbir davomida nuroniylar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ayniqsa, buyuk ajdodlar ilmiy merosini zamonaviy avlodga yetkazish, tarixiy xotirani asrash va yoshlarni ma’rifatli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamlash, nuroniylarning hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazish va yoshlarni ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga rag‘batlantirishga xizmat qildi.


