Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Al-Seyassah: “Samarqanddan Faylakagacha — zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda”

10.09.2026, 15:561242
Al-Seyassah: “Samarqanddan Faylakagacha — zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda”

Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi. Muallif Toshkentda o‘tkazilgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro media-forumida ishtirok etar ekan, Samarqand va Quvayt tarixidagi o‘ziga xos o‘xshashliklarga e’tibor qaratgan. Uning qayd etishicha, ikki hudud ham asrlar davomida savdo yo‘llari, madaniy aloqalar va insonlar o‘rtasidagi muloqot chorrahasi bo‘lib kelgan. Samarqand karvonlar uchun, Quvayt esa kemalar uchun muhim bekat vazifasini bajargan va har ikki makon savdodan ko‘ra kattaroq boylik — turli xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro anglashuv va madaniy aloqalarni shakllantirgan. Bugun esa bu tarixiy rishtalar yangi mazmun kasb etib, investitsiya, ta’lim, texnologiya, media va madaniy hamkorlik kabi zamonaviy yo‘nalishlarda davom etmoqda.

Ming yillik shaharlar O‘zbekiston tarixi bilan Quvayt hikoyasi o‘rtasidagi hayratlanarli o‘xshashlikni namoyon etadi.

Quvayt qit’aning markazida joylashmagan edi, ammo Fors ko‘rfazining boshida joylashgani uchun dengizni dunyoga olib chiquvchi yo‘lga aylantirdi.

Ostimizdagi zaminda miloddan avvalgi VI ming yillik oxiriga borib taqaladigan, ya’ni 7000 yildan ortiq tarix yashiringan.

Subiya hududidagi arxeologik qazishmalar Ubayd madaniyati bilan bog‘liq manzilgohlar va chig‘anoq munchoqlar tayyorlaydigan ustaxonalar mavjud bo‘lganini ko‘rsatdi.

Samarqand va Quvayt savdo yo‘llaridagi bekatlar bo‘lgan va har ikkisi ham savdodan boylikdan-da kattaroq narsa — o‘zaro aloqalar va madaniy muloqotni yaratgan.

Quvayt va Fors ko‘rfazida mehmondo‘stlik ma’nosini anglash uchun tarix kitobini o‘qish shart emas — bu qadriyat insonga tabiiy ravishda singgan.

Quvaytdagi bozorlar shunchaki do‘konlar emas, balki odamlar uchrashadigan, tanishadigan va yangi madaniyatlar kirib keladigan maskanlar bo‘lgan.

Karvonlar va kemalar Quvaytni Samarqand bilan bevosita bog‘lagan yo‘l bo‘lmagan bo‘lishi mumkin, ammo ular ikki hudud o‘rtasidagi eng muhim muloqot vositalari edi.

Forumdan menda qolgan eng muhim taassurot shu bo‘ldiki, sivilizatsiya haqidagi suhbatni faqat muzeylar va kitoblar doirasida cheklab bo‘lmaydi.

Men 2026-yil avgust oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro media-forumida ishtirok etdim. Unda 50 ga yaqin davlatdan 300 nafarga yaqin ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillari jamlandi. Forumdagi sessiyalar va tashriflar davomida yana bir jihat — hanuzgacha bu zaminda o‘z izini saqlab kelayotgan tarix — yaqqol namoyon bo‘ldi.

Forumda so‘zga chiqib, shunday fikr bildirdim: bugun media oldida turgan haqiqiy vazifa nafaqat Islom sivilizatsiyasi xotirasini asrab qolish, balki uni yangi avlodga ular o‘zlarini bu tarixning bir qismi sifatida his qiladigan tilda qayta taqdim etishdir. Bu tarix shunchaki eski kitob sahifalari emas, balki ularning o‘z tarixi va hikoyasining bir qismi ekanini anglatish muhim.

Toshkent va Samarqanddagi madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘xshashlik g‘oyasi men uchun begona emas. Men buni binolar, bozorlar, masjidlar, yo‘llar va hatto odamlarning mehmon kutish madaniyatida ham ko‘raman. Shu nuqtadan Quvayt bilan qiyos boshlandi.

Men Quvayt zaminiga ham Samarqandga qaraganim kabi nazar soldim va ko‘plab tarixiy manzillarda Quvayt hikoyasi ham sivilizatsiya nuqtai nazaridan o‘xshash tarixga ega ekanini angladim.

Samarqand — ming yillik sivilizatsiyalar chorrahasi

Bugun Samarqand Markaziy Osiyoning eng qadimiy tarixiy shaharlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hududda odamlar yashaganining dalillari miloddan avvalgi taxminan 1500 yillarga borib taqaladi.

Samarqandning qadimiy qismi — Afrosiyob shahri miloddan avvalgi VII asrda shakllangan.

Ammo Samarqand faqat qadimiyligi tufayli buyuk shaharga aylanmagan. Uning buyukligining siri, avvalo, joylashuvida edi. Shahar Xitoy, Markaziy Osiyo, Eron va Yaqin Sharq o‘rtasida tovarlar, g‘oyalar va madaniyatlarni tashigan karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan.

Milodiy dastlabki asrlarga kelib, Samarqand Buyuk Ipak yo‘llaridagi muhim markazlardan biriga aylandi. XIV–XV asrlarda, Temuriylar davrida esa o‘z taraqqiyotining eng yuksak cho‘qqisiga yetdi. Shu bois YUNESKO uni «madaniyatlar chorrahasi» deb ta’riflaydi.

Samarqand tarixi, uning olimlari, faqihlari, masjidlari va me’morchiligiga nazar tashlar ekansangiz, bu shaxslar va inshootlarni shunchaki tarixiy yodgorlik sifatida qabul qilish qiyin. Ular me’morlik, ilm-fan, astronomiya, savdo va siyosat yagona sivilizatsion loyihaning tarkibiy qismlari bo‘lgan davr qoldirgan merosdir.

Toshkent — nomi paydo bo‘lishidan ham avval boshlangan tarix

Toshkentdagi hikoya meni «Choch» mintaqasi va qadimiy Kanka shahriga olib boradi.

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, Kanka Chochning birinchi poytaxti bo‘lgan. U ulkan mustahkamlangan shahar bo‘lib, uning hududidan Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlari o‘tgan.

Ayni shu hududda miloddan avvalgi asrlardayoq dehqonchilik rivojlangan. Suv, qishloq xo‘jaligi va savdo shahar aholi punktlarining rivojlanishida asosiy omillarga aylangan.

Bu yerda Fors ko‘rfazi mintaqasi uchun o‘ylashga arziydigan jihat namoyon bo‘ladi: qadimgi sivilizatsiyalar sharoitning mukammal bo‘lishini kutib o‘tirmagan, balki geografiyaning o‘ziga imkoniyat sifatida qaragan.

O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniga ega emas edi, ammo Osiyoning markazida joylashgan edi. Shuning uchun u karvon yo‘llarini hayot tomiriga aylantirdi.

Quvayt esa qit’aning markazida emas, Fors ko‘rfazining boshida joylashgan edi. Shu sababli u dengizni dunyoga olib chiquvchi yo‘lga aylantirdi.

Quvayt — 7000 yildan ortiq tarixga ega hikoya

Bugungi zamonaviy shaharlari, portlari, yo‘llari va bozorlari bilan tanish bo‘lgan Quvayt zamini ostida miloddan avvalgi VI ming yillik oxiriga, ya’ni 7000 yildan ortiq davrga borib taqaladigan tarix yashiringan.

Xususan, Quvayt shimolidagi Subiya hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar Ubayd madaniyati bilan bog‘liq manzilgohlar va chig‘anoqlardan munchoqlar tayyorlaydigan ustaxonalar bo‘lganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, dengizchilik faoliyatiga oid dalillar, jumladan, eng qadimiy dengiz qayig‘ining loydan yasalgan namunasi ham aniqlangan.

Samarqand va Quvayt — karvonlar va savdo kemalari

Samarqand bilan Quvaytni bevosita bog‘lagan qadimiy yo‘l mavjud bo‘lgani haqida aniq ma’lumotga duch kelmadim. Ammo ularning joylashuvi va tarixdagi vazifasidagi o‘xshashlik e’tiborga loyiq.

Samarqand karvonlar uchun bekat bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka va Quvayt kemalar uchun bekat vazifasini bajargan.

Samarqand Sharq va G‘arbdan kelganlarga o‘z eshiklarini ochgan bo‘lsa, Quvayt shimoliy, sharqiy va janubiy Fors ko‘rfazidan kelganlar uchun o‘z sohillarini ochgan.

Ikkalasi ham savdodan puldan-da kattaroq narsa yaratgan: boshqalarni tanish, ular bilan munosabat o‘rnatish va ularning farqlaridan foyda olishni biladigan jamiyatni shakllantirgan.

Avvalo — mehmon

Quvayt va o‘zbek xonadonlaridagi o‘xshashlik

Quvayt va Fors ko‘rfazi mintaqasida mehmondo‘stlik ma’nosini anglash uchun tarix kitobini o‘qish shart emas.

Mehmonxona, qahva, xurmo, taom, mehmon holidan xabar olish va mezbonning uni izzat-ikrom qilishga intilishi — bularning barchasi quvaytlik va ko‘rfaz ahliga tabiiy ravishda singgan qadriyatlar.

O‘zbekistonda ham shunga yaqin manzarani his qildim. Choy, non, oila davrasida birgalikda taomlanish va mehmonni samimiy kutib olish orqali namoyon bo‘ladigan saxovat oddiy sayyohlik odati emas, balki o‘zbek xalqining chuqur ildiz otgan ijtimoiy madaniyatining bir qismidir.

Hatto bozorlarning o‘zida ham o‘xshashlik bor.

Samarqand va Toshkentning qadimiy bozorlari shunchaki oldi-sotdi joylari bo‘lmagani kabi, qadimiy Quvayt bozorlari ham oddiy do‘konlardan iborat emas edi. Ular odamlar uchrashadigan, yangiliklar almashadigan, tanishadigan va jamiyatga yangi madaniyatlar kirib keladigan maskanlar bo‘lgan.

Ilm-fanga hurmat masalasida ham shunday o‘xshashlikni ko‘rish mumkin.

Samarqand astronomiya, matematika, tibbiyot va diniy ilm olimlari bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, Quvaytda ham qadimdan maktablar, diniy ta’lim va ilmiy majlislar mavjud bo‘lgan. Keyinchalik bu tizim zamonaviy ta’limga o‘tdi.

Tafsilotlar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ilmning qadri va bilimning jamiyatdagi o‘rni har ikki tajribada ham yaqin ekani ko‘rinadi.

Quvayt va O‘zbekistonning zamonaviy hikoyasi

Quvayt va O‘zbekiston tarixining eng go‘zal jihati shundaki, bu hikoya faqat o‘tmish bilan cheklanmaydi.

2025-yil 17–18 fevral kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Quvaytga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshladi.

Ikki davlat munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishni e’lon qildi. Kelishilgan iqtisodiy bitimlar va loyihalar paketining e’lon qilingan qiymati qariyb 4,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Ular sanoat, aviatsiya, mehnat, aqlli shaharlar, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at, shuningdek, Arab iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha Quvayt jamg‘armasi bilan hamkorlik kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oldi.

O‘tmishda karvonlar va kemalar Quvaytni Samarqand bilan bevosita bog‘lagan yo‘l bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Ammo ular ikki hududda savdo va madaniy aloqalarning eng muhim vositalari bo‘lgan.

Bugun esa muloqot investitsiyalar, aviatsiya, texnologiya, sun’iy intellekt, ta’lim va taraqqiyot loyihalari orqali amalga oshmoqda.

Quvayt taraqqiyot jamg‘armasi Quvaytning boshqa davlatlar bilan munosabatlaridagi amaliy jihatlarning eng yaqqol ko‘rinishlaridan biridir.

1961-yilda tashkil etilgan mazkur jamg‘arma shunchaki moliyalashtirish vositasi bo‘lib qolmadi, balki Quvaytning rivojlanayotgan mamlakatlarda tanilgan qiyofalaridan biriga aylandi.

Jamg‘arma O‘zbekistonda ham qator taraqqiyot loyihalarini moliyalashtirgan. Jumladan, qishloq joylarda uy-joy infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi uchun 9 million Quvayt dinori — qariyb 30 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratilgan.

Shuningdek, urologiya, buyrak kasalliklari, dializ va buyrak ko‘chirib o‘tkazishga ixtisoslashgan tibbiy muassasalarni jihozlash loyihasida ham ishtirok etgan.

Bugun esa zamonaviy O‘zbekistondagi taraqqiyot va rivojlanish nuqtai nazaridan muloqotlar yanada keng sohalar — infratuzilma, logistika, qishloq xo‘jaligi, yashil energetika, sog‘liqni saqlash, sanoat, xizmatlar va investitsiyalarni qamrab olmoqda.

Aynan shu yo‘l siyosiy munosabatlarni sivilizatsion taraqqiyotga xizmat qiladigan hamkorlik loyihalariga aylantirishi mumkin.

Sivilizatsiya xotirasidan hamkorlik kelajagiga

Toshkentdagi forumdan menda qolgan eng muhim taassurot shu bo‘ldiki, sivilizatsiya haqidagi suhbat faqat muzeylar va kitoblar doirasida qolib ketmasligi kerak.

Haqiqiy sivilizatsiya xotiradan kelajakka o‘ta oladigan sivilizatsiyadir.

Shu bois bugun Samarqand haqida o‘ylar ekanman, uni Markaziy Osiyodagi uzoq va begona shahar sifatida emas, balki Quvaytga o‘xshash jihatlari bor shahar sifatida ko‘raman.

Chunki har ikkisi ham qadimdan dunyoga ochiqlik kuch manbai bo‘lishi mumkinligini, bu esa milliy o‘ziga xoslikka tahdid emasligini anglab yetgan.

Samarqand karvonlari ipak va g‘oyalarni tashigan bo‘lsa, Quvayt kemalari marvarid, tovarlar va xabarlarni tashigan.

Bugun esa samolyotlar, investitsiyalar, universitetlar, media va madaniyat yanada kattaroq narsani — ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikni tashishi mumkin.

Har ikki xalqning chuqur tarixi bor va har ikkisi ham kelajakka intiladi.

Bizdan o‘tmishda yashash talab qilinmaydi. Aksincha, kelajakni ildizsiz qurib qo‘ymaslik uchun o‘tmishni yaxshi anglashimiz kerak.

Samarqanddan Faylakagacha, Buyuk Ipak yo‘llaridan Fors ko‘rfazi yo‘llarigacha zamonlar va vositalar o‘zgaradi.

Ammo inson muloqot qilish, o‘rganish, savdo qilish va boshqani anglashga intilishda davom etadi. U boshqa tomonni kashf etadi va o‘z yurtiga dunyo haqida olgan yangi bilimlari bilan yanada boyib qaytadi.

Balkim, Quvayt bilan Samarqand o‘rtasida xaritada belgilab qo‘yish mumkin bo‘lgan yagona qadimiy yo‘l bo‘lmagandir.

Ammo ular o‘rtasida juda qadimiy bir g‘oya bor:

sivilizatsiya geografiyani chegaradan hamkorlik va sheriklik ko‘priklariga aylantirgan paytdan boshlanadi.

 

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14826
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12220
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9948
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7979
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar