Turath Dispatch
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Qadimiy harflardan zamonaviy muloqotga: MDXMI yoshlari Xattotlik maktabida

Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutiMDXMIning 40 nafardan ziyod o‘quvchi va talabasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xalqaro xattotlik maktabiga tashrif buyurib, qadimiy yozuvlar va xattotlik san’ati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida yoshlar uchun maxsus mahorat darsi tashkil etildi. Unda ishtirokchilarga xattotlik san’atining tarixi, uning turli uslublari, qadimiy yozuv namunalari va ularda aks etgan ma’naviy-ma’rifiy meros haqida ma’lumot berildi. Eng muhimi, yoshlar o‘zlari ham qalamni qo‘lga olib, xattotlik sirlarini amalda sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu kabi mashg‘ulotlarning ahamiyati faqat yangi bir san’at turi bilan tanishishda emas. Avvalo, yoshlarda qadimiy yozuvlarga qiziqish uyg‘otish, ular orqali ajdodlar tafakkuri, ilm-fani va madaniy merosini anglashga yo‘l ochish muhim. Zero, eksponatni ko‘rishning o‘zi kifoya emas — uning ortidagi tarixni anglagan inson unga butunlay boshqa nigoh bilan qaraydi.

Tashrif davomida Xalqaro xattotlik maktabi va MDXMI o‘rtasida kelgusida ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Birgalikda mahorat darslari tashkil etish, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarga o‘zaro takliflar yo‘llash, mutaxassislar va pedagoglar o‘rtasida tajriba almashish shunday hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan bo‘lishi mumkin.

MDXMI Moskva filiali rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Aleksey Viktorovich Rostovsev ham tashrif va mahorat darsi yoshlar uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

«Bugun maktabimiz, aniqrog‘i, maktab-litseyimiz o‘quvchilari ushbu maktabga tashrif buyurib, bu yerdagi qiziqarli faoliyat bilan yaqindan tanishdilar. Ular tashrifdan juda mamnun bo‘lishdi va katta qiziqish bildirishdi.

Bunday uchrashuvlar turli xalqlar madaniyatini yaqinlashtirish bilan birga, tarixni chuqurroq anglash va o‘tmishda kechgan jarayonlarni yaxshiroq tushunishga xizmat qiladi. Ayniqsa, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida yoshlarni mamlakatning ko‘p asrlik tarixi va ulkan madaniy salohiyati bilan tanishtirish alohida ahamiyatga ega.

Bolalar uchun bu yerda tinglash, muloqot qilish, o‘zlarini sinab ko‘rish va yangi narsalarni o‘rganish juda qiziq. Bunday tajriba ularning dunyoqarashini kengaytiradi, bilimga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va kelajakda o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yishlariga turtki beradi.

Menimcha, bu juda muhim va ta’sirchan tadbir. Ularning xotirasida uzoq saqlanib qoladi. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar Sharq va Yevropa madaniyatlari o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish, yoshlarda o‘z tarixi, tili va madaniyatiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.

Biz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bir necha bor tashrif buyurganmiz. Bu maskanni faqat madaniyat va tarix bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. U bugungi zamonaviy hayotimiz, ta’lim va yoshlar tarbiyasi bilan ham chambarchas bog‘liq bo‘lgan ulkan ma’rifiy makondir.

Bunday voqealarni xotirada saqlash juda muhim. Chunki farzandlarimiz bugun guvoh bo‘layotgan jarayonlar oddiy bir tadbir emas, balki ularning shaxsiy va ma’naviy hayotida iz qoldiradigan muhim tajriba ekanini anglab yetishlari kerak».

Darhaqiqat, bir necha asrlik yozuv an’analari bugun yosh avlod qo‘lida qayta jonlanmoqda. Qadimiy harflar orqali kechagi tarix bugungi avlod bilan muloqotga kirishmoqda. Ana shu muloqot esa turli madaniyatlar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi yangi hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.