

Yangiliklar
«Markaz O‘zbekistonning bugungi salohiyatini namoyon etadi» — ROX Group asoschisi
Vetnam Respublikasining «ROX Group» kompaniyasi asoschisi Chan An Tuan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida mamlakat tarixining ming yillik sahifalaridan tortib, bugungi taraqqiyot jarayonlarigacha bo‘lgan yaxlit manzara bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur majmua mehmonda nafaqat o‘zining ulkan me’moriy ko‘lami, balki tarix, ilm-fan, madaniyat va zamonaviy texnologiyalarni bir makonda uyg‘unlashtirgan konsepsiyasi bilan katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori» ekspozitsiyasi Chan An Tuanda alohida qiziqish uyg‘otdi. Unda O‘zbekistonning tarixiy taraqqiyot bosqichlari bilan bir qatorda, mamlakatning so‘nggi yillardagi keng ko‘lamli o‘zgarishlari, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish jarayonlari zamonaviy multimedia yechimlari orqali namoyon etilgan.
Chan An Tuanning Markaz haqidagi fikrlari esa tashrifning yana bir muhim jihatini ochib berdi. Uning ta’kidlashicha, Markaz insonda O‘zbekiston haqidagi tasavvurni sezilarli darajada boyitadi:
«Men Toshkentga juda ko‘p marta kelganman, ammo bu Markazga birinchi bor tashrif buyurishim. Bu yerda O‘zbekistonning boy tarixini aks ettiruvchi, shu bilan birga, nihoyatda ulkan va yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan majmuani ko‘rishimni kutmagandim. Ayniqsa, O‘zbekiston taraqqiyotining uchinchi bosqichi — Yangi O‘zbekiston davri meni juda hayratga soldi.
Menimcha, bu maskanni ko‘rgan har bir insonning O‘zbekistonga bo‘lgan hurmati yanada ortadi. Chunki bu yerda mamlakatning qanday buyuk tarixga ega ekani bilan birga, bugun qanday sur’atda rivojlanayotgani ham yaqqol ko‘rsatiladi. O‘zbekiston
Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlaridan biridir.
Menda ikki jihat alohida taassurot qoldirdi. Birinchisi — O‘zbekistonning boy va qadimiy tarixi. Ammo meni eng ko‘p hayratga solgani — 2016-yildan boshlangan taraqqiyotning yangi bosqichi, ya’ni Yangi O‘zbekiston davri bo‘ldi».
Tashrifning yana bir muhim jihati shundaki, Chan An Tuan Markazda ko‘rganlari uning O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirganini ta’kidladi.
«Men Vetnamdagi «ROX Group» kompaniyasining asoschisiman. Ayni paytda O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. Markazga birinchi bor tashrif buyurdim va bu tashrifdan so‘ng O‘zbekistonga katta miqdorda investitsiya kiritishimizga yanada ishonch hosil qildim».
Islom sivilizatsiyasi markazining g‘oyasi ham aynan shunda — O‘zbekistonning buyuk tarixini namoyon etish bilan birga, uning bugungi qiyofasi va kelajak salohiyatini dunyoga ko‘rsatish.
Chan An Tuanning taassurotlari esa tarix va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligiga qurilgan ushbu yondashuv xorijiy mehmonlarda nafaqat qiziqish, balki O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga bo‘lgan ishonchni ham mustahkamlayotganini ko‘rsatdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.