Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy va Ibn Sino merosi amerikalik sayyohlarni hayratga soldi

15.09.2026, 15:341000
Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy va Ibn Sino merosi amerikalik sayyohlarni hayratga soldi

Markaziy Osiyo tarixi va sivilizatsiyalar merosiga qiziqish bildirgan amerikalik sayyohlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashriflari davomida mintaqa allomalarining jahon ilm-fani va tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni bilan yaqindan tanishdilar. Ular uchun Markazdagi sayohat shunchaki tarixiy eksponatlarni tomosha qilish bilan cheklanmadi — mehmonlar Birinchi Renessans davrida Markaziy Osiyoda shakllangan ilmiy muhit, bugungacha yetib kelgan ulkan meros va uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ta’siri haqida yangi tasavvurlarga ega bo‘ldilar.

Tashrif avvalida Markaz kutubxonasida Birinchi Renessansning besh buyuk qomusiy allomasi — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino merosiga bag‘ishlangan maxsus seminar tashkil etildi.

Ilmiy muloqot davomida allomalarning matematika, astronomiya, falsafa, tibbiyot va boshqa sohalar rivojiga qo‘shgan hissasi, ular yaratgan ilmiy maktablar hamda bu bilimlarning keyingi sivilizatsiyalar taraqqiyotiga ta’siri haqida so‘z yuritildi.

Amerikalik sayyoh Deyl Erikson uchun Birinchi Renessans tarixi ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi. Uning ta’kidlashicha, G‘arbda Yevropa Renessansi haqida keng ma’lumot mavjud bo‘lsa-da, undan ancha avval Markaziy Osiyoda kechgan ilmiy va intellektual yuksalish haqidagi tasavvur G‘arb jamoatchiligida hali yetarlicha shakllanmagan.

«Markaziy Osiyodagi Birinchi Renessans haqida G‘arbda deyarli ma’lumotga ega emasmiz. Biz Yevropa Renessansi haqida ko‘p eshitamiz, ammo undan ancha avval bu hududda shakllangan ilmiy va intellektual muhitning keyingi taraqqiyotga qo‘shgan hissasini to‘liq anglamaymiz», — deydi Deyl Erikson.

Sayyohning fikricha, Markaziy Osiyoda yaratilgan ulkan ilmiy meros keyinchalik boshqa hududlarga, jumladan, Yevropaga ham kirib borgan. Biroq bu jarayon qisqa vaqt ichida emas, balki bir necha asr davomida kechgan bilim va g‘oyalar almashinuvi natijasida shakllangan.

«Markaziy Osiyoda yaratilgan bilimlarning Yevropaga yetib borishi uchun to‘rt-besh asr vaqt kerak bo‘lganini anglash men uchun nihoyatda qiziqarli va hayratlanarli bo‘ldi. Bu jarayon sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ilmiy almashinuv qanchalik uzoq va murakkab kechganini ko‘rsatadi», — deydi amerikalik sayyoh.

Seminardan so‘ng mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari bo‘ylab sayohat qilib, Markaziy Osiyoda shakllangan ilmiy va madaniy merosning turli tarixiy davrlar hamda sivilizatsiyalar taraqqiyoti bilan bog‘liq jihatlari bilan tanishdilar. Tarixiy artefaktlar, raqamli texnologiyalar va interaktiv ekspozitsiyalar ularga o‘tmishda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar va g‘oyalarni zamonaviy nuqtai nazardan anglash imkonini berdi.

Deyl Erikson Markazda namoyon etilgan tarixiy va ilmiy merosning ko‘lami uning taassurotlarini yanada boyitganini ta’kidladi.

«Bu yerda sivilizatsiyalarimiz tarixiga oid nihoyatda katta hajmdagi bebaho bilim va tafakkurni ko‘rdim. Bu qadar ulkan ilmiy merosni bir vaqtning o‘zida anglab yetish oson emas. Markaz juda ta’sirchan taassurot qoldirdi. Men undan juda katta taassurot oldim», — dedi u.

Amerikalik sayyoh Marsha Pauers esa Markazda tarixiy merosning zamonaviy muzey texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirilganini alohida e’tirof etdi. Uning fikricha, ekspozitsiyalarning mazmuni bilan bir qatorda, ularni taqdim etish usuli ham Markazning o‘ziga xos jihatlaridan biridir.

«Bu Markaz meni chindan ham hayratda qoldirdi. Bu yerdagi eksponatlar nihoyatda ajoyib va go‘zal. Ammo meni yanada ta’sirlantirgan jihat — ekspozitsiyalarning zamonaviy videolar, interaktiv imkoniyatlar va yoritish tizimi orqali taqdim etilganidir. Men Xitoy, Yaponiya, Janubiy Amerika va boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo bu — tashrif buyurganlarim orasidagi eng ajoyib muzeylardan biri. Haqiqatan ham hayratlanarli taassurot qoldirdi», — dedi Marsha Pauers.

Amerikalik sayyohlarning taassurotlari Birinchi Renessans merosi bugun ham turli mamlakatlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy va Ibn Sino singari buyuk allomalarning ilmiy merosi nafaqat Markaziy Osiyo tarixining, balki jahon ilmiy tafakkuri taraqqiyotining ham ajralmas qismi hisoblanadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu ulkan merosni zamonaviy ekspozitsiya va ilmiy-ma’rifiy yondashuvlar orqali keng jamoatchilikka taqdim etmoqda. Bu yerda tarix faqat o‘tmish haqida hikoya qilmaydi — u turli mamlakatlar vakillarini umumiy ilmiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va insoniyat tafakkurining mushtarak tarixi haqida yanada chuqurroq o‘ylashga undaydi.

AQSHBirinchi Renessans

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14820
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12215
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9943
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7973
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar