Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi: milliy merosdan xalqaro ilmiy muloqotgacha

O‘zbekiston zaminida asrlar davomida shakllangan boy ilmiy, ma’rifiy va madaniy merosni yaxlit konsepsiya asosida o‘rganish, asrab-avaylash va jahon jamoatchiligiga keng tanitish borasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida shakllanmoqda. Markaz faoliyati nafaqat yurtimiz tarixidagi buyuk allomalar va ilmiy maktablar merosini namoyon etish, balki ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan.

Bu vazifalarni samarali amalga oshirishda mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va ixtisoslashgan markazlar bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ana shunday muhim ilmiy sherikliklardan biridir.

Ayni paytda ikki markaz hamkorligida Imom Moturidiy va Moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan maxsus kitob-alьbom tayyorlanmoqda. Mazkur nashr Islom sivilizatsiyasi markazining buyuk allomalar ilmiy merosini tizimli ravishda o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi ishlarining muhim davomi sifatida ahamiyatlidir.

Kitob-albomda Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyati, uning boy merosi, Moturidiylik ta’limotining mohiyati va tarixiy taraqqiyoti, shuningdek, mazkur ta’limotning bugungi kundagi ilmiy-ma’rifiy ahamiyati yoritiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati ham aks ettiriladi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Oybek Sotvoldiyevning ta’kidlashicha, mazkur hamkorlik ikki markazning umumiy ilmiy-ma’rifiy maqsadlaridan kelib chiqadi:

«Hozirgi kunda O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy tadqiqot markazlari, xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari olib borilmoqda. Ayni vaqtda ikki markaz hamkorligida Imom Moturidiy va Moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan alohida kitob-alьbom tayyorlanmoqda».

Islom sivilizatsiyasi merosini yaxlit taqdim etish

Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifalaridan biriO‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy va ma’rifiy maktablarni bir butun sivilizatsion jarayon doirasida namoyon etishdir. Bu jarayonda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk allomalarning ilmiy merosi o‘zaro bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan, Markaz va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasidagi hamkorlik alohida alloma merosini o‘rganish bilan bir qatorda, uni O‘zbekistonda shakllangan keng islom sivilizatsiyasi muhitining tarkibiy qismi sifatida namoyon etish imkonini beradi.

Bunday yondashuv Markazning xalqaro missiyasi bilan hamohang. Zero, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy an’analarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish va ularni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish uchun muhim platformaga aylanmoqda.

Milliy merosni xalqaro maydonga olib chiqish

Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan yana biriO‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilikka keng tanitishdir.

Shu maqsadda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kabi tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikdagi ishlar olib borilmoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi sohasidagi ilmiy-ma’rifiy salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etishga qaratilgan maxsus taqdimotlar tayyorlanmoqda. Bu jarayonda Islom sivilizatsiyasi markazi asosiy ilmiy-ma’rifiy platformalardan biri sifatida ishtirok etmoqda.

Taqdimotlarni tayyorlash maqsadida maxsus ishchi guruh ham shakllantirilgan.

Joriy yil iyulь oyida Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohi hamda Jenevadagi BMT bo‘linmasiga amaliy tashriflar tashkil etilib, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi sohasidagi merosi va ilmiy salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlarni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

YUNESKOda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi taqdimoti

Joriy yil 7-oktyabr kuni Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlar doirasida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, uning ekspozitsiyalari hamda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyish etiladi.

Xususan, ko‘rgazma doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati va ilmiy merosiga bag‘ishlangan materiallar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilib, unda YUNESKO rahbariyati va vakillari, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, Fransiya va boshqa davlatlardan olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Bunday tadbirlar Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash bilan birga, O‘zbekistonda shakllangan boy sivilizatsion merosni xalqaro auditoriyaga yaxlit tarzda taqdim etish imkonini beradi.

Parijdan Nyu-Yorkkacha

O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi sohasidagi ilmiy-ma’rifiy salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etish jarayoni Parij bilan cheklanib qolmaydi. Keyingi bosqichlarda ushbu taqdimotlarni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida o‘tkazish masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan.

Bu jarayonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Taqdimotlarni tashkil etishda xalqaro ilmiy va madaniy muassasalar — Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar uyushmasi, IRSIKA, Al-Furqon islom merosi fondi va boshqa hamkor tashkilotlarning ishtirok etishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Shu tariqa, Islom sivilizatsiyasi markazi atrofida shakllanayotgan ilmiy hamkorlik tarmog‘i milliy merosni o‘rganishdan tortib, uni xalqaro ilmiy va madaniy maydonlarda taqdim etishgacha bo‘lgan keng jarayonni qamrab olmoqda.

Ilmiy hamkorlikyagona maqsad sari

Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasidagi hamkorlik ana shu keng ko‘lamli vazifalarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Tayyorlanayotgan kitob-alьbom esa ushbu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘lib, Imom Moturidiy merosini Islom sivilizatsiyasi markazining umumiy ilmiy-ma’rifiy konsepsiyasi doirasida keng yoritishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Markazda buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, ularga bag‘ishlangan nashrlar tayyorlash, ko‘rgazmalar tashkil etish va xalqaro ilmiy muloqotlarni rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Bu esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining nafaqat tarixiy merosni namoyish etuvchi zamonaviy majmua, balki O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish, birlashtirish va dunyoga taqdim etishga xizmat qiluvchi xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.