Turkiy tilda mo‘jizalar yaratolgan zot

Alisher Navoiy — ona tili sha’ni va qudratining buyuk himoyachisi
Millatning xotirasi ham, tafakkuri ham, orzu-armonlari, dunyoqarashi va ruhiyati ham avvalo tilda yashaydi.
Shu ma’noda Alisher Navoiyning turkiy til oldidagi xizmatini faqat buyuk shoirning adabiyotga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U o‘z ona tilining qadri uchun kurashdi, uning imkoniyatlarini nazariy jihatdan asosladi, she’riyatda amalda isbotladi, davlat va saroy muhitidagi nufuzini oshirishga xizmat qildi. Eng muhimi, o‘z tilini kam ko‘radigan, boshqa tilda so‘zlash yoki ijod qilishni madaniyatlilik belgisi deb biladigan zamondoshlariga so‘z bilan emas, ulkan ijodiy merosi bilan javob berdi.
Navoiy turkiy tilni boshqa tillarga qarshi qo‘ymadi. U forsiyni ham mukammal bilar, Foniy taxallusi bilan bu tilda yuksak asarlar yaratar, Jomiy, Hofiz, Sa’diy, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy kabi buyuk so‘z san’atkorlariga yuksak ehtirom bilan qarar edi. Shuning uchun uning til haqidagi kurashini boshqa tilni inkor etish deb tushunish mutlaqo xato. Navoiyning da’vosi boshqa edi: nega o‘z ona tili shunchalik boy va go‘zal bo‘la turib, uning farzandlari undan uyalishi kerak? Nega iste’dodli turkiylar o‘z tilida emas, faqat o‘zga tilda qalam tebratishni sharaf deb bilishi kerak?
Ona tilimizga qo‘yilgan haykal
Navoiy umrining oxirgi yillarida — 1499-yilda «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarini yaratdi. Bu kitobni oddiy til haqidagi risola deb qarash kamlik qiladi. U — bir millatning o‘z tiliga nisbatan ishonchini tiklashga qaratilgan ma’naviy dasturdir. Asarda turkiy va forsiy tillarning lug‘aviy boyligi, ma’no nozikliklarini ifodalash quvvati, so‘z yasash imkoniyatlari va badiiy ifoda vositalari qiyosiy tahlil qilinadi.
Navoiyni ayniqsa bir holat iztirobga soladi: turkiy xalq orasidan chiqqan iste’dod egalari o‘z ona tili turgani holda, iste’dodini o‘zga tilda namoyon etishga oshiqadilar. U alam bilan shunday deydi: «...o‘z tillari turg‘och, o‘zga til bila zohir qilmasa erdi...» Agar ijodkor ikki tilda ham yoza olsa, Navoiyning istagi oddiy va tabiiy edi: «O‘z tillari bila ko‘prak aytsalar erdi...»
Ya’ni Navoiy hech kimga «boshqa tilni o‘rganma», «boshqa tilda yozma» demayapti. Aksincha, ikki tilni bilish — fazilat. Ammo insonning o‘z ona tilini chetga surib, boshqa tilni nufuzliroq deb bilishi uni tashvishga solmoqda. Uning nazarida ko‘p til bilish — boylik, o‘z tilini kamsitish esa ma’naviy yo‘qotishdir.
Besh asr avval aytilgan bu fikr bugun ham hayratlanarli darajada zamonaviy eshitiladi.
Chunki tilning yo‘qolishi har doim uni taqiqlashdan boshlanmaydi. Ba’zan u odamning o‘z tilini «oddiy», «qo‘pol», «kambag‘al» deb hisoblay boshlashidan boshlanadi. Ona tilida gapirishdan or qilish, o‘zga tilda so‘zlashni ustunlik belgisi deb qabul qilish — Navoiy davrida ham mavjud bo‘lgan. «Muhokamat ul-lug‘atayn» ana shu ruhiy tobelikka qarshi yozilgan asardir.
«Bir tushuncha — yetti xil holat»
Navoiy turkiy til boyligini quruq maqtov bilan emas, aniq dalillar bilan ko‘rsatadi. Asar qo‘lyozmalarida farq bo‘lishiga qarab 99 yoki 100 taga yaqin turkiy fe’l keltiriladi va ularning forsiyda aynan muqobili har doim ham topilmasligi ko‘rsatiladi.
Eng mashhur misollardan biri — yig‘lash holatining ifodasi.
Navoiy «yig‘lamoq» atrofida yig‘lamsinmoq, ingramoq, singramoq, siqtamoq, o‘kirmoq, inichkirmoq kabi har biri alohida ruhiy holatni anglatuvchi so‘zlarni keltiradi. Bir joyda:
Zohid ishqin desaki, qilg‘ay fosh,
Yig‘lamsinuru ko‘ziga kelmas yosh, - deydi.
«Yig‘lamsinmoq» — chindan yig‘lash emas, yig‘layotgandek bo‘lish. «Ingramoq» va «singramoq» esa dardni ichga yutib, past ovozda nola qilishning turli tuslarini anglatadi. Navoiy uchun mana shu ma’no soyalarining o‘zi til qudratining dalili edi.
Demak, tilning boyligi faqat lug‘atda qancha so‘z borligi bilan o‘lchanmaydi. Bir tuyg‘uning necha xil rangini ajrata olishi bilan ham o‘lchanadi. Navoiy shu jihatdan turkiy tilning qalb kechinmalarini g‘oyat nozik ifodalay olishini ko‘rsatdi.
Ammo Navoiy ona tilini faqat «Muhokamat ul-lug‘atayn»da himoya qilib qolmadi.
Uning eng katta dalili — o‘z ijodi edi. Navoiy «turkiy tilda oddiy she’r yozish mumkindir, ammo Nizomiy va Xusrav Dehlaviy singari buyuk dostonchilik maktabini yaratib bo‘lmaydi», degan da’volarga o‘z turkiy «Xamsa» bilan javob berdi.
1483–1485 yillarda u «Hayrat ul-abror», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ai sayyor» va «Saddi Iskandariy» dostonlaridan iborat ulkan «Xamsa»sini turkiy tilda yaratdi. Manbalar har bir dostonning ana shu ikki-uch yillik g‘oyat jadal ijodiy davrda maydonga kelganini ko‘rsatadi.
Turkiy tildagi mo‘’jizalar
Navoiy turkiy tilda falsafa ham, ishq ham, axloq ham, siyosat ham, tarix ham, inson ruhiyatining eng murakkab holatlari ham yuksak badiiy darajada ifoda etilishi mumkin, degan haqiqatni amalda isbotladi.
Shu ma’noda Navoiy keyinchalik o‘z ijodiy zafarini g‘oyat iftixor bilan:
«Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam»,
deb ifodalaydi. Bu yerdagi «alam» — bayroq. Ya’ni shoir turkiy she’riyat bayrog‘ini ko‘targanini aytadi.
Navoiy ijodi haqida so‘z ketganda, ayrimlar arabiy va forsiy so‘zlarning haddan tashqari ko‘p ishlatilganini iddao qiladilar. Sharq, xususan musulmon xalqlarining tillarida bunday hol, ayniqsa Navoiy yashagan davrda tabiiy sanalgan. Hatto, forsiy adabiyot durdonalarining ham aksariyatida arabiy so‘z va iboralarning benihoya ko‘pligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hazrat Navoiyning ayrim baytlari sof turkiy so‘zlardan tarkib topgani, shu bilan birga shakl va mazmun jihatidan mukammalligi kishini hayratga soladi. Masalan:
Nayladim, netdimki, bir yo‘li chekib mendin ilik,
Endi ermastursiz andoqkim, burun bor erdingiz...
Yoki forsiy va arabiy so‘zlar mutlaqo ishldatilmagan mana bu ruboiyga e’tibor bering:
Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,
Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi,
Bir-bir ne deyin, boshdin ayog‘ing yaxshi.
Bu misralar har qanday yot so‘zlar ishtirokisiz ham betakror she’rlar bitish mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi. Turkiy tilning malohati, fasohati, tengsiz go‘zalligini ifodalochi bunday misollarni Navoiy ijodidan ko‘plab keltirish mumkin.
G‘azaldagi bir so‘z — bir olam
Navoiyning turkiy til imkoniyatlari haqidagi eng go‘zal isbotini esa uning g‘azallaridan topamiz.
Talblik chog‘imizda, bir darsda marhum ustozimiz Omonulla Madayev Hazrat Navoiyning:
Meni men istagan o‘z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas,
she’rini o‘qiy turib, beixtiyor yig‘lab yuborgan, ko‘zda yosh bilan “Navoiy inson emas, aytinglar, axir, inson bolasi shunday she’r yoza oladimi, a” deganlari hamon esimda.
Yoki mana bu misrlarning mag‘zini chaqishga urinib o‘raylik:
Sitam ermas edikim, aylading ko‘nglumni yuz parkand,
Sitam budurki tikmak birla istarsen anga payvand.
Ham ip kul bo‘lg‘ayu ham igna su bo‘lg‘ay tikar bo‘lsang
Nedinkim, bor alardin axgari so‘zanda har parkand.
Ya’ni, oshiq o‘z ma’shuqqasiga “sen qalbimni parcha-parcha qilding. Ammo meni eng ko‘p qiynayotgan narsa bu ham emas. Endi uni qayta bir-biriga ulmoqqchi bo‘lishing yanada og‘ir. Chunki qalbimning har bir parchasi ishq olovida shunchalik yonib, cho‘g‘ bo‘lib turibdiki, uni tikishga ip dosh bermay kuyib ketadi, igna esa haroratidan erib ketadi» demoqda.
Oshiqning abgor holatini bundan-da chiroyliroq tarzda yana qandy ifodalash mumkin?
«Muhokamat ul-lug‘atayn»da Navoiy forsiy adabiyotning buyuk namoyandalarini yaxshi bilgan holda ayrim ma’no, so‘z o‘yini va tuyg‘u nozikliklarini turkiyda ta’sirchanroq ifodalash mumkinligini misollar bilan ko‘rsatadi. Xususan, tajnis va iyhom uchun turkiydagi ko‘p ma’noli so‘zlarning imkoniyati kengligini ta’kidlaydi.
Eshitdim zulfini yuzdin kechibdur,
Dedimki kecha kunduzdin kechibdur
Agar yuz yoshlig‘a rahming kelursa,
Mening yoshim iki yuzdin kechibdur...
Zulf bilan yuz odatdan tun va kunga qiyoslanadi. Yuzdan pastga tushgan zulfni shoir “kechaning kunduzdan o‘zishi”, yoki kechaning kunduzga nisbatan uzayishiga qiyoslaydi. Keyingi baytni esa ikki xil ma’noda tushunish mumkin. Birinchi ma’nosi: agar yuzi yoshdan ivigan odamga rahming kelsa, qara, mening yoshlarim ikki yuzimni yuvmoqda. Ikkinchi ma’nosi: Agar yuz yoshli odamga keksa ekan deb, rahm qilsang, men bu rahmga ikki bor sazovorman. Mening yoshim ikki yuzdan oshgan... Xullas... izohga hojat yo‘q. Faqat savol bor: bunday go‘zal o‘xshatish, so‘z o‘yinlarini boshqa yana qaysi tilda yarata olish mumkin?
Husayn Boyqaro va tilning nufuzi
Navoiyning sa’y-harakatlari faqat ijodxona bilan chegaralanmadi. U davlat arbobi sifatida ham turkiy til mavqeining yuksalishida katta rolь o‘ynadi.
Bu borada uning yaqin do‘sti va hukmdori Sulton Husayn Boyqaroning qo‘llab-quvvatlashi ayniqsa muhim edi. Husayn Boyqaroning o‘zi ham turkiyda g‘azallar yozgan va turkiy ijodni rag‘batlantirgan. Ilmiy manbalarda uning shoirlarni ona tilida ijod qilishga da’vat etgani, hatto bu borada maxsus hukm va farmonlar bergani qayd etiladi. Navoiy «Muhokamat ul-lug‘atayn»da buni: «...nazm qilurg‘a hukmlar ham joriy bo‘ldi...» degan mazmunda ifodalaydi.
Albatta, XV asr voqeligiga bugungi konstitutsiyaviy ma’nodagi «davlat tili» tushunchasini aynan ko‘chirish tarixiy jihatdan ehtiyotkorlikni talab etadi. Ammo bir narsa aniq: Navoiy va Husayn Boyqaro davrida turkiy til Hirot saroyi, adabiy muhit va davlat madaniy hayotida mislsiz nufuzga erishdi.
Bu jarayonda Navoiy ijodkor, mutafakkir, tashkilotchi va davlat arbobi sifatida bir vaqtning o‘zida harakat qildi.
Ona tilida buyuk adabiyot yaratdi.
Ona tilida maktublar bitdi.
Ona tilida dostonlar yaratdi.
Ona tilida ilmiy risola yozdi.
Ona tilida ijod qiladigan muhit shakllanishiga xizmat qildi.
Va nihoyat, davlat hukmdori e’tiborini ham shu tilga jalb eta oldi.
U uning uchun tortishdi, dalil keltirdi, risola yozdi. Ammo eng muhimi — turkiy tilda shunday asarlar yaratdiki, shundan keyin bu tilning imkoniyatini inkor etishning o‘zi imkonsiz bo‘lib qoldi.
Davlat rahbarining doimiy e’tiborida
Sir emaski, Alisher Navoiy XV asrda turkiy tilning badiiy qudrati va ifoda imkoniyatlarini butun olamga namoyon etib, uni yuksak adabiy til darajasiga ko‘targan edi. Oradan besh asrdan ziyod vaqt o‘tib, bugun o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash, uni zamon bilan hamnafas rivojlantirish davlat siyosatida muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
2019-yil 21-oktyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinib, 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Ona tilimizning xalqaro minbarlarda yangrashi ham bu jarayonning e’tiborli voqealaridan biri bo‘ldi. 2020-yil 23-sentyabrda Prezident BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Keyingi yillarda ham BMTning yuksak minbaridan O‘zbekistonning tashabbus va pozitsiyalari davlat tilida bayon etildi.
Bu masala O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi tantanalarida ham alohida ma’no kasb etdi. 2026-yil 28-avgustdagi nutqida Prezident mustaqillik «ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi», deya ta’kidladi.
Darhaqiat. Davltimiz rahbari ushbu minbarda ta’kidlaganlaridek, «O‘zbek tili – raqamli dunyoda ham ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim». Bu fikr Navoiy boshlagan buyuk ma’rifiy an’ananing zamonaviy davomini eslatadi: ulug‘ shoir o‘z zamonida turkiy tilning she’riyat va tafakkur tili bo‘lishga qodirligini isbotlagan bo‘lsa, bugun o‘zbek tili oldida ilm-fan, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar tili sifatida ham o‘z imkoniyatlarini keng namoyon etish vazifasi turibdi.
Shak-shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda bunday ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar mavjud.
Rustam Jabborov,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori


