Somoniylar davridan yetib kelgan noyob kumush barkash Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish qilinmoqda

Mazkur buyum X asr oxiri — XI asrning birinchi yarmiga oid bo‘lib, Somoniylar davridagi yuqori mansabdor shaxs buyurtmasi asosida tayyorlangan. Barkash zarhallangan kumushdan ishlangan bo‘lib, o‘lchami 4,2 × 37 × 21,9 smni tashkil etadi. Buyum yaxlit bolg‘alangan kumush listdan tayyorlangan. To‘rtburchak shakldagi barkash markazida medalьon ichiga mifologik mavjudot tasviri o‘yma usulda ishlangan va zarhallangan hoshiya bilan o‘ralgan. Yon yuzalari ham zarhallangan bo‘lib, to‘rt tomondagi devorchalar markazida va burchaklarida mifologik mavjudotlar tasviriga oid bezaklar aks ettirilgan. Ashyoning asosiy bezaklaridan biri bu arabiy yozuvlar. Ular bo‘rttirib ishlangan, yozuvlar oralig‘i esa botiq nuqtalar bilan bezatilgan.
Barkashdagi yozuvda buyum kimga atalgani aniq ko‘rsatilgan:
«Shon-shuhrat, farovonlik va davlat amir, hojib, buyuk rahbar, sarkarda Abu Mansur Nushtegin al-Nu’maniy uchun; [Alloh] uning davlatini abadiy qilsin va umrini uzoq qilsin».
Yozuvda «amir», «hojib», «buyuk rahbar», «sarkarda» kabi yuqori martaba va unvonlarning tilga olinishi ushbu buyumning yuksak mansabdor shaxs uchun maxsus tayyorlangan hashamatli ashyo bo‘lganidan dalolat beradi.


