Amir Temur merosi yangi talqinda: “Temur tuzuklari”ning yangi nashri tayyorlanmoqda

Tarixiy merosni asrash, uni ilmiy asosda o‘rganish va zamonaviy avlodga munosib tarzda yetkazish — milliy ma’naviyat va davlatchilik tafakkurining muhim yo‘nalishlaridan biri. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Amir Temur va “Temur tuzuklari”ga bag‘ishlangan “Amir Temur va “Temur tuzuklari”: Yangi O‘zbekistonning ma’naviy asosi” kitobining yangi nashri tayyorlanayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur nashr Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati, uning davlatchilik qarashlari, siyosiy tafakkuri, bunyodkorlik faoliyati va “Temur tuzuklari”da mujassam bo‘lgan boshqaruv tamoyillarini zamonaviy ilmiy-ma’rifiy yondashuv asosida yoritishga qaratilgan.
Kitobning yangi nashrini tayyorlash tashabbusi Markazning tarixiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni ilmiy manbalar asosida tizimlashtirish va keng jamoatchilikka zamonaviy formatlarda taqdim etishga qaratilgan faoliyati bilan uyg‘unlashadi.
Sohibqiron merosiga yangicha nazar
Amir Temur o‘zbek davlatchilik tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan buyuk davlat arbobi sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan. Uning siyosiy irodasi, harbiy mahorati, davlat boshqaruvi borasidagi qarashlari, diplomatik faoliyati, ilm-fan va madaniyatga e’tibori asrlar davomida tadqiqotchilar diqqat markazida bo‘lib kelgan.
Yangi nashrda ham Amir Temur siymosiga faqat sarkarda yoki saltanat asoschisi sifatida emas, balki davlat boshqaruvi tizimini shakllantirgan, siyosiy jarayonlarni strategik nuqtai nazardan baholay olgan, ilm-fan va bunyodkorlikni davlat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida ko‘rgan davlat arbobi sifatida yondashiladi.
Bu esa Sohibqiron merosini kengroq tarixiy va sivilizatsion kontekstda anglash imkonini beradi.
Amir Temur faoliyatini faqat harbiy yurishlar va g‘alabalar bilan izohlash uning tarixiy shaxsiyati va davlatchilik tajribasining barcha qirralarini qamrab olmaydi. Shu bois yangi nashrda davlat boshqaruvi, intizom, mas’uliyat, bunyodkorlik, ilm-ma’rifat va madaniy taraqqiyot kabi tushunchalarning o‘zaro bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratiladi.
“Temur tuzuklari” — davlatchilik tafakkurining muhim manbasi
Nashrning markaziy mavzularidan biri “Temur tuzuklari”dir.
Unda davlat boshqaruvi, qonun va tartib, kengash va maslahat, harbiy tuzilish, intizom, davlat xizmati, munosib kadrlarni tanlash va vazifaga mas’uliyat bilan yondashish kabi masalalarga oid qarashlar mujassamlangan.
Yangi nashrda “Temur tuzuklari” faqat tarixiy asar sifatidagina emas, balki Temuriylar davri davlatchilik tafakkuri, siyosiy madaniyat va boshqaruv an’analarini o‘rganishda muhim manba sifatida talqin etiladi.
Ayniqsa, asarda hokimiyat va mas’uliyat, rahbarlik va bilim, intizom va adolat o‘rtasidagi bog‘liqlikka e’tibor qaratilishi uning ma’rifiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Albatta, o‘rta asr davlat boshqaruvi tamoyillarini bugungi siyosiy va huquqiy tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish mumkin emas. Biroq mas’uliyat, adolat, bilim, tajriba, intizom, jamiyat va davlat manfaatlariga xizmat qilish kabi umuminsoniy qadriyatlar tarixiy merosning bugungi avlod uchun ham ahamiyatini saqlab qoladi.
Shu jihatdan, yangi nashr “Temur tuzuklari”ni tarixiy hujjat sifatida o‘rganish bilan birga, uning ma’naviy-ma’rifiy mazmunini ochib berishga ham xizmat qiladi.
Temuriylar davri — ilm va madaniyat yuksalishi
Amir Temur merosi haqida so‘z borganda, Temuriylar davrida yuzaga kelgan ulkan ilmiy va madaniy yuksalishni alohida ta’kidlash muhim.
Samarqand va Hirotning ilm-fan va madaniyat markazlariga aylanishi, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya sohasidagi ilmiy faoliyati, Alisher Navoiyning adabiy-ma’rifiy merosi, Husayn Boyqaro davridagi madaniy muhit, Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy va adabiy faoliyati Temuriylar davrida shakllangan sivilizatsion muhitning turli qirralarini namoyon etadi.
Shuning uchun Amir Temur merosini uning avlodlari davridagi ilmiy-madaniy taraqqiyotdan ajratib o‘rganish to‘liq tasavvur bermaydi.
Yangi nashrda ham Temuriylar davri davlatchilik, ilm-fan, adabiyot, san’at, me’morchilik va bunyodkorlik bilan uzviy bog‘liq tarixiy jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi.
“Temur tuzuklari” muhim tarixiy manba hisoblanadi. Asarning boshqa kitoblardan farqi va asosiy xususiyati shundaki, undagi voqealar bevosita Sohibqiron Amir Temur tilidan, birinchi shaxs nomidan bayon etiladi. Kitobda ulug‘ hukmdorning hayoti va shaxsiyatiga oid qiziqarli voqealar barobarida, uning davlatni aql-zakovat bilan boshqargani hamda qo‘l ostidagilarni doimo qo‘llab-quvvatlagani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Amir Temur saltanatni barpo etish va uni mustahkamlashda izchillik bilan ish tutib, donishmandlaru vazirlar bilan muntazam mashvarat (kengash) qilib turgan. Zero, sabr, shijoat, hushyorlik va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgan har qanday ish yuqori natija berishi muqarrar. Muallif o‘z boshidan kechirganlarini so‘zlar ekan, hayotda doimo adolat mezoniga tayanib ish ko‘rganini ta’kidlaydi. Shu bois, “Temur tuzuklari”dagi fikrlar shunchaki nazariy qarashlar yoki o‘ylab topilgan g‘oyalar emas, balki real hayotda o‘z isbotini topgan amaliy tajribalardir. Bunday uslubda yozilgan asarlar jahon tarixida kam uchraydi. Kitobni mutolaa qilish bugungi kun kitobxoni uchun ham g‘oyat foydali bo‘lib, undagi bosh qahramon ideal shaxs namunasi sifatida gavdalanadi, - deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Xusrav Hamidov.
Islom sivilizatsiyasi markazi — tarixiy merosni zamonaviy avlodga yetkazish maydoni
Kitobning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yangi nashrda tayyorlanayotgani alohida ahamiyatga ega.
Zero, Markazning asosiy ilmiy-ma’rifiy vazifalaridan biri xalqimiz va Markaziy Osiyo hududida shakllangan boy sivilizatsion merosni o‘rganish, ilmiy jihatdan tizimlashtirish va uni zamonaviy avlodga zamonaviy vositalar orqali yetkazishdan iborat.
Amir Temur va Temuriylar merosi esa ushbu tarixiy-madaniy jarayonning muhim tarkibiy qismlaridan biridir.
Markazda Temuriylar davriga oid tarixiy shaxslar, ilmiy kashfiyotlar, qo‘lyozmalar, kitobat va xattotlik an’analari, me’morchilik va san’at namunalarining o‘zaro uyg‘unlikda namoyon etilishi mazkur davrni keng sivilizatsion kontekstda anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda yangi nashr Markazning faqat bir kitobni qayta chop etishga qaratilgan loyihasi emas, balki tarixiy merosni o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy ishlarining bir qismi sifatida namoyon bo‘ladi.
Tarixiy manbadan zamonaviy ma’rifiy tajriba sari
Bugungi kunda tarixiy merosni saqlash bilan bir qatorda, uni qanday taqdim etish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy kitob nashri, raqamli texnologiyalar, mulьtimedia va interaktiv vositalar tarixiy bilimni yangi avlodga yetkazishning yangi imkoniyatlarini yaratmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatida ham tarixiy manbalarni zamonaviy ilmiy-ma’rifiy vositalar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yondashuv “Amir Temur va “Temur tuzuklari”: Yangi O‘zbekistonning ma’naviy asosi” kitobining yangi nashrida ham o‘z ifodasini topadi.
Ilmiy izlanishlar uchun yangi imkoniyatlar
Mazkur nashrning yana bir ahamiyatli jihati — u Amir Temur va “Temur tuzuklari” mavzusidagi yangi ilmiy tadqiqotlar uchun ham muhim yo‘nalishlarni belgilashi mumkin.
Xususan, “Temur tuzuklari”ning qo‘lyozma an’anasi, bizgacha yetib kelgan nusxalari, turli tillardagi tarjimalari, nashr tarixi va asar atrofidagi manbashunoslik masalalarini chuqur o‘rganish temurshunoslik sohasidagi tadqiqotlarni yanada boyitadi.
Birlamchi manbalar, zamonaviy akademik tadqiqotlar va xorijiy temurshunoslik maktablari bilan ilmiy muloqotni kengaytirish esa Amir Temur va Temuriylar davri tarixini yanada keng va kompleks o‘rganish imkonini beradi.
Shu jihatdan, Markaz tomonidan tayyorlanayotgan yangi nashrni faqat kitobxonlar uchun mo‘ljallangan ma’rifiy nashr emas, balki ushbu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarni rag‘batlantiruvchi manbalardan biri sifatida ham ko‘rish mumkin.
Tarixiy xotira va kelajak mas’uliyati
Amir Temur va Temuriylar merosi asrlar osha o‘z ahamiyatini saqlab kelayotgani, avvalo, uning boy davlatchilik, ilmiy va madaniy tajribasi bilan bog‘liq.
«Temur tuzuklari» esa ana shu tarixiy tajribani anglashda muhim yozma manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan mazkur kitobning yangi nashrini tayyorlash ham tarixiy merosni zamonaviy ilmiy-ma’rifiy yondashuvlar asosida qayta ko‘rib chiqish va keng kitobxonlar ommasiga taqdim etish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Zero, tarixiy xotira faqat o‘tmishni eslash emas. U ajdodlar tajribasini anglash, bugungi taraqqiyotni tarixiy jarayonlar bilan bog‘lash va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni his etishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, “Amir Temur va “Temur tuzuklari”: Yangi O‘zbekistonning ma’naviy asosi” kitobining yangi nashri Sohibqiron merosini yana bir bor ilmiy va ma’rifiy muloqot maydoniga olib chiqadi.
Bu nashr orqali Amir Temur shaxsiyati, Temuriylar davrining ilmiy-madaniy yuksalishi va “Temur tuzuklari”da aks etgan davlatchilik tafakkuri zamonaviy avlod uchun yanada yaqin va tushunarli tarzda talqin etiladi.
Eng muhimi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur nashr tashabbusi milliy tarix va ma’naviy merosni o‘rganish, uni ilmiy asosda targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga munosib yetkazishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy-ma’rifiy faoliyatning uzviy davomi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


