Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Bolalar ilm olamida: tarixiy merosdan zamonaviy kashfiyotlar sari

23.09.2026, 09:48610
Bolalar ilm olamida: tarixiy merosdan zamonaviy kashfiyotlar sari


Islom sivilizatsiyasi markazidagi Bolalar ekspozitsiyasi buyuk allomalarning ilmiy merosini interaktiv tajriba, zamonaviy texnologiya va ijodiy izlanishlar orqali yosh avlodga yetkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazidagi Bolalar ekspozitsiyasi tarixiy merosni zamonaviy ta’lim usullari asosida talqin etuvchi ilmiy-ma’rifiy makondir. Unda yosh tashrifchi tayyor ma’lumotni qabul qiluvchi kuzatuvchi emas, balki savol beradigan, tajriba o‘tkazadigan va mustaqil xulosa chiqaradigan faol ishtirokchiga aylanadi.

Ekspozitsiyaning asosiy maqsadi — O‘zbekiston va Markaziy Osiyo zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini bolalar uchun tushunarli hamda ta’sirchan shaklda ochib berishdir. Shu orqali tarixiy bilimlar bilan zamonaviy fan va texnologiyalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik namoyon etiladi.

Tarixni anglashning yangi usuli

Ekspozitsiya mazmuni bolani tarixiy bilimdan mustaqil izlanishga olib boradigan mantiqiy tamoyil asosida qurilgan. Dastlab u allomalarning hayoti, ilmiy muhiti va kashfiyotlari bilan tanishadi. Keyin raqamli texnologiyalar yordamida ularning ilmiy qarashlari haqida ma’lumot oladi. Navbatdagi bosqichda esa o‘rgangan tushunchalarini interaktiv qurilmalar va amaliy tajribalar orqali sinab ko‘radi.

«O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro» nomli yorug‘ kitob, uning atrofidagi animatsiyalar, tarixiy naqsh va ramzlar ekspozitsiyaning asosiy g‘oyasini ifodalaydi. Sensorli ekranlardagi savol va topshiriqlar bolaning mavzuga qiziqishini oshirish bilan birga, uni keyingi ilmiy-ijodiy jarayonga tayyorlaydi.

Interaktiv avatarlar orqali yosh tashrifchilar Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino singari buyuk allomalarning hayoti, qiziqishlari va ilmiy izlanishlari haqida ma’lumot oladilar. Bu usul tarixiy shaxslarni bola tasavvurida uzoq o‘tmishdagi mavhum siymolar emas, balki bilimga intilish, izlanish va qat’iyat orqali yuksalgan insonlar sifatida gavdalantiradi.

Qiziquvchan Nozima va uning sun’iy intellektli do‘sti Hakim ishtirokidagi animatsion filьm ham shu g‘oyani davom ettiradi. Qahramonlarning «O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro» kitobi sahifalari bo‘ylab sayohati buyuk kashfiyotlar ko‘pincha oddiy savol, kuzatuv va hayratdan boshlanishini ko‘rsatadi.

Ilmiy g‘oyadan amaliy tajribaga

«G‘oyalar olami» ekspozitsiyaning asosiy amaliy qismi bo‘lib, unda fan, texnologiya, muhandislik va san’atni birlashtirgan 15 dan ortiq interaktiv qurilma hamda tajriba maydonchasi joylashtirilgan. Ularning har biri muayyan ilmiy hodisani bevosita kuzatish, sinab ko‘rish va natijasini tahlil qilish imkonini beradi.

Magnitli shar devorida bola harakat yo‘nalishini mustaqil ravishda tuzadi, uni sinab ko‘radi va zarur bo‘lsa, yechimini o‘zgartiradi. Suv girdobi va shamol trubasi oqim, havo bosimi hamda shaklning harakatga ta’sirini kuzatishga yordam beradi. Richag qurilmasi orqali esa kuch, tayanch nuqtasi va muvozanat o‘rtasidagi bog‘liqlik amaliy tajriba asosida anglanadi.

Raqamli teleskop Quyosh tizimi va sayyoralar haqidagi bilimlarni kengaytiradi. Bu yo‘nalish Ahmad Farg‘oniy, Ulug‘bek Mirzo va Ali Qushchi nomi bilan bog‘liq boy astronomik an’analarni zamonaviy ta’lim vositalari orqali davom ettiradi. Shu tariqa bola ajdodlarimizning osmon jismlarini kuzatish va aniq o‘lchashga asoslangan ilmiy faoliyati bilan tanishadi.

Raqamli graffiti, musiqa devori, ovoz o‘lchagich, rangli soyalar va jamoaviy proyeksiya kabi vositalar ilm-fan bilan san’at o‘rtasidagi aloqani ochib beradi. Bolalar tovush xususiyatlarini o‘rganadi, ranglarni uyg‘unlashtiradi, naqsh va tasvirlar yaratadi hamda jamoaviy ijod jarayonida ishtirok etadi.

Bu jarayonda allomalarning ilmiy merosi alohida mavzular bilan bog‘lanadi: Xorazmiy — mantiqiy va matematik tafakkur, Ahmad Farg‘oniy va Ulug‘bek Mirzo — astronomik kuzatuv va o‘lchash, Abu Ali ibn Sino — inson organizmi va tibbiy tafakkur, Abu Nasr Forobiy — musiqa va tovush nazariyasi, Kamoliddin Behzod ijodi esa rang, naqsh va tasviriy san’at orqali talqin etiladi.

Muzey, interaktiv ta’lim va ijodiy izlanish uyg‘unligi

Bolalar ekspozitsiyasining pedagogik ahamiyati uning ko‘p qirrali o‘rganish modelida namoyon bo‘ladi. Tashrifchi matnni o‘qiydi, tasvir va animatsiyalarni kuzatadi, ovozni eshitadi, qurilmalarni harakatga keltiradi, o‘z taxminini sinab ko‘radi va natijani tahlil qiladi. Bunday yondashuv ma’lumotni shunchaki yodlashga emas, balki savol berish, dalillarni kuzatish, tajriba o‘tkazish va mustaqil xulosa chiqarishga asoslanadi.

Ekspozitsiya kontentining o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilishi mahalliy maktab guruhlari, oilalar va xorijiy mehmonlar uchun ochiq ta’lim muhitini yaratadi. Tarix, zamonaviy texnologiya va amaliy tajribani yagona makonda birlashtirgan ushbu bo‘lim muzey ekspozitsiyasi, interaktiv ta’lim maydoni va ijodiy ustaxona xususiyatlarini o‘zaro uyg‘unlashtiradi.

Bolalar ekspozitsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy merosni o‘rganish, asrash va zamonaviy usullarda keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy missiyasini yosh avlod nuqtai nazaridan davom ettiradi. Bu yerda allomalarning ilmiy g‘oyalari muzey vitrinalarida qolib ketmaydi — ular raqamli tasvirlar, harakatlanuvchi modellar, tovush, rang va amaliy tajribalar orqali qayta namoyon bo‘ladi.

Natijada bola ajdodlar merosini faqat o‘tmishga tegishli tayyor bilim sifatida emas, balki o‘rganish, rivojlantirish va davom ettirish mumkin bo‘lgan ilmiy tafakkur tizimi sifatida qabul qiladi. Ekspozitsiyaning asosiy g‘oyasi ham shunda: buyuk kashfiyotlarga olib boradigan qiziqish, kuzatuv, savol va izlanish jarayoni har bir bola uchun ochiq. Bu ma’noda buyuk meros yakunlangan tarix emas, balki kelajak kashfiyotlari uchun mustahkam poydevordir.

Shahina Alijonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14820
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12215
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9943
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7973
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar