Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Klavixo nigohida Amir Temur va Temuriylar saltanati

23.09.2026, 17:44899
Klavixo nigohida Amir Temur va Temuriylar saltanati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning mashhur safarnomasi asosida yangi nashr tayyorlanmoqda.

Tarixni anglash, avvalo, uni turli manbalar va turli nigohlar orqali o‘rganishni taqozo etadi. Ayniqsa, muayyan davr yoki shaxs haqidagi tasavvurni boyitishda shu zamonda yashagan, voqealarga bevosita guvoh bo‘lgan xorijlik mualliflarning yozma merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda XIV–XV asrlar bo‘sag‘asida Movarounnahrda kechgan tarixiy jarayonlar, Amir Temur saltanati, Samarqandning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqida g‘oyat qimmatli ma’lumotlarni saqlab qolgan manbalardan biri ispan elchisi Don Ryui Gonsales de Klavixoning safar kundaliklaridir.

Ayni shu noyob manba asosida tayyorlangan «Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi. 1403–1406 yillar» asari bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nashr etilmoqda. Mazkur nashr Amir Temur va Temuriylar davrini xorijlik elchi va sayyoh ko‘zi bilan ko‘rsatish, o‘sha davr muhiti haqida tasavvur uyg‘otish hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni yoritish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharq va G‘arbni bog‘lagan tarixiy manba

Amir Temur shaxsi va Temuriylar davriga bag‘ishlangan asarlar jahon tarixiy va adabiy merosida salmoqli o‘rin tutadi. Turli davr va mamlakatlarda turli mualliflar tomonidan yaratilgan bunday asarlar Sohibqiron faoliyatiga har xil nuqtai nazarlardan yondashish imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan Klavixoning safarnomasi alohida ahamiyatga ega. Chunki muallif voqealarni keyinchalik eshitib emas, balki Amir Temur saltanatiga qilgan safari davomida bevosita ko‘rgan-kechirganlari asosida qayd etgan. Klavixo 1403-yil 22-mayda Ispaniyaning Kadis shahrida safarga chiqib, Rodos, Istanbul, Trabzon, Arzirum, Tabriz, Tehron, Mashhad, Marv va Balx orqali Movarounnahrga yetib kelgan. U 1404-yil sentyabrida Samarqandga kirib kelib, bu yerda olti oyga yaqin vaqt davomida mamlakat tabiati, xalqi, davlat tuzilishi, ichki va tashqi siyosat, saroy hayoti va shaharlarni kuzatgan.

Uning safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham oddiy sayyohlik emas edi. Klavixo Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III tomonidan Amir Temur huzuriga yuborilgan diplomatik missiyaga rahbarlik qilgan. Bu esa safarnomaning mazmuniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan: muallif nafaqat shahar va tabiat manzaralarini, balki davlat boshqaruvi, diplomatik munosabatlar, saroy marosimlari va xalqaro aloqalarni ham diqqat bilan qayd etgan.

Amir Temur va Yevropa: diplomatiyaning keng maydoni

Klavixo safarnomasini anglash uchun Amir Temur davrida Sharq va G‘arb o‘rtasida shakllangan siyosiy munosabatlarga nazar tashlash muhim.

XIV asr oxirida Amir Temur saltanatining tobora kuchayib borishi Yevropa davlatlarining ham e’tiborini Movarounnahrga qaratgan. Ayniqsa, Usmoniylar sultoni Yildirim Boyazidning Kichik Osiyodagi mavqei kuchayishi Yevropa hukmdorlarini xavotirga solgan bir paytda Amir Temur nomi G‘arbda ham keng tanila boshlagan. Yevropa davlatlari vakillari Sohibqiron bilan aloqa o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lganlar.

Amir Temurning diplomatik aloqalari ham keng qamrovli edi. U Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III, Fransiya hukmdori Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV saroylariga elchilar yuborgan. O‘z navbatida Samarqandga Ispaniya, Fransiya, Angliya va Xitoydan elchilar kelgan. Temur va Mironshoh Mirzoning Yevropa hukmdorlari bilan yozishmalariga oid ayrim hujjatlar bugun Britaniya muzeyi va Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgani qayd etiladi.

1402 yildagi Anqara jangi arafasida va undan keyingi jarayonlarda ham Yevropa diplomatlarining ishtiroki kuzatiladi. Kastiliya qiroli tomonidan yuborilgan Payo de Sotomayor va Ernan Sanches de Palasuelos Amir Temur huzurida bo‘lgan. Jangdan keyin Sohibqiron ularni qabul qilib, Ispaniya qiroli va mamlakati haqida so‘ragan, ular bilan birga Qozi Muhammad Keshiyni Kastiliyaga maktub va sovg‘alar bilan jo‘natgan.

Shu jihatdan Klavixoning Samarqandga kelishi tasodifiy voqea emas, balki o‘sha davrda Sharq va G‘arb o‘rtasida kechgan faol diplomatik muloqotlarning mantiqiy davomi edi.

Klavixo kim edi?

Don Ryui Gonsales de Klavixoning tug‘ilgan sanasi haqida aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Ammo u Madriddagi badavlat va nufuzli oiladan chiqqan, qirol saroyida xizmat qilgan va Don Enrike III davrida kamerger lavozimida faoliyat yuritgani ma’lum. Ilgarigi diplomatik missiyalar natijalaridan qoniqqan qirol keyingi elchilikka aynan Klavixoni rahbar qilib tayinlagan.

Klavixo 1404 yil sentyabrida Samarqandga yetib kelganidan keyin Movarounnahr hayotini sinchiklab kuzatadi. U shaharlar, qishloqlar, karvonsaroylar, yo‘llar, savdo rastalari, bog‘lar, saroylar, aholi turmushi va davlat boshqaruviga oid ko‘plab ma’lumotlarni kundaliklariga kiritadi.

Uning safarnomasida Amudaryoning kechib o‘tilishi, Termiz, Shahrisabz, Samarqand kabi shaharlar haqidagi kuzatuvlar ham muhim o‘rin tutadi. Klavixo Amudaryoning kengligi, oqimi va mavsumiy o‘zgarishlarini tasvirlab, daryo orqali yo‘l harakati qanday tashkil etilganini ham qayd etadi. Termizni esa gavjum, bog‘lari va savdo rastalari ko‘p bo‘lgan katta shahar sifatida tasvirlaydi.

Shahrisabz va Oqsaroy: Klavixo hayrati

Klavixoning diqqatini tortgan muhim manzillardan biri Shahrisabz bo‘ladi. U yerda Amir Temur davrida barpo etilayotgan me’moriy inshootlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

Ayniqsa, Oqsaroy tasviri safarnomaning eng qimmatli qismlaridan biridir. Klavixo saroyning baland darvozasi, koshinkor bezaklari, keng hovlisi, hovuzi va me’moriy yechimlarini batafsil tasvirlaydi. Bugun bizga asosan xarobalari yetib kelgan Oqsaroyning o‘sha davrdagi ko‘rinishi haqida Klavixo yozuvlari muayyan tasavvur beradi.

Muallif Shahrisabzdagi bog‘lar, masjid va majmualarga ham alohida e’tibor qaratadi. Uning qaydlari Amir Temur davri bunyodkorlik siyosati, shaharsozlik va obodonlashtirish ishlari haqida muhim ma’lumotlarni saqlab qolgan.

Samarqand — Klavixo nigohidagi buyuk shahar

Klavixoning safarnomasida Samarqand alohida markaziy o‘rin tutadi. U shaharni nafaqat hukmdor qarorgohi, balki turli mamlakatlar, xalqlar, madaniyatlar va savdo yo‘llari tutashgan ulkan markaz sifatida tasvirlaydi.

Muallif shahar atrofining bog‘ va tokzorlar bilan o‘ralganini, ariqlar orqali suv keltirilganini, bozorlar va savdo rastalarida turli mahsulotlar sotilganini qayd etadi. Samarqandga Xitoy, Hindiston, Totoriston va boshqa hududlardan turli mollar keltirilgan. Bu yerda ipak matolar, zargarlik buyumlari, ziravorlar, mo‘yna, turli hunarmandchilik mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Klavixo Samarqandning hunarmandchilik salohiyatiga ham alohida to‘xtaladi. Damashqdan shoyi to‘quvchilar, qurolsozlar, shisha va sopol idishlar ishlab chiqaruvchi ustalar, Turkiyadan o‘q-yoy ustalari, tosh yo‘nuvchilar va zargarlar keltirilganini yozadi. Shu tariqa Samarqand turli hunar va kasb egalari jamlangan kosmopolit shahar sifatida namoyon bo‘ladi.

Klavixoning Samarqand haqidagi tasvirlarida shaharning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi qiyofasi ko‘zga tashlanadi. U bozorlarning kechayu kunduz gavjumligi, oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘lligi, turli mamlakatlardan keltirilgan mollar va hunarmandchilik taraqqiyoti haqida yozadi.

Sohibqiron saroyi va bog‘lari

Klavixo Samarqanddagi saroy hayotini ham diqqat bilan kuzatadi. U Amir Temurning qarorgohlari, qabul marosimlari, ziyofatlar va saroydagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot qoldirgan.

Sohibqironning bog‘lari Klavixoda alohida taassurot qoldirgan. U bog‘lardagi hovuzlar, anhorlar, soyali yo‘laklar, mevali daraxtlar, qushlar va jonzotlarni tasvirlaydi. “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Chinor” kabi maskanlarning me’moriy va tabiiy manzaralariga to‘xtalib, ularning ko‘lami va bezaklarini ta’riflaydi.

Klavixo Amir Temur huzuriga o‘zini qabul qilingani jarayonini ham batafsil qayd etgan. 8 sentyabrь kuni elchilar Sohibqiron qarorgohiga olib boriladi. Ular qirol maktubi va sovg‘alarini topshiradi. Amir Temur Ispaniya qiroli haqida so‘raydi va uni “o‘g‘lim” deb atab, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni davom ettirish istagini bildiradi.

Bunyodkorlik: Bibixonim masjidi va shaharsozlik

Klavixo guvoh bo‘lgan voqealar orasida Samarqanddagi ulkan qurilish ishlari ham bor. U Bibixonim masjidi qurilishi, savdo rastalari barpo etilishi va shahar infratuzilmasining rivojlanishi haqida muhim ma’lumotlar qoldirgan.

Muallifning yozishicha, savdo rastasi qurilishida kechayu kunduz ish olib borilgan. Bir guruh ishchilar binolarni buzgan bo‘lsa, boshqalari yerni tekislagan, yana bir guruh yangi do‘konlarni qurgan. Tayyor bo‘lgan do‘konlarda esa savdo darhol boshlangan.

Bibixonim masjidi qurilishida ham Amir Temurning shaxsiy nazorati qayd etiladi. Klavixo Sohibqiron betob bo‘lganiga qaramay, qurilish jarayonini kuzatish uchun maydonga kelganini, ishchilarga taom yetkazib berishni buyurganini yozadi. Bu qaydlar o‘sha davrda qurilish ishlariga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi.

“Mehnatkash va matonatli xalq”

Safarnomaning qimmatli jihatlaridan yana biri — unda xalqning kundalik hayoti, turmush tarzi va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlarning ko‘pligi.

Klavixo Movarounnahr aholisini mehnatsevarlik, chavandozlik, kamonbozlik va turli sharoitlarga chidamliligini  tasvirlaydi. U xalqning ovqatlanish madaniyati, go‘sht va sut mahsulotlaridan foydalanishi, palov va boshqa taomlar haqida ham yozadi.

Ziyofatlarda turli go‘shtli taomlar, palov, meva-chevalar va boshqa mahsulotlar mo‘l-ko‘l tortilgani haqidagi qaydlar o‘sha davrdagi dasturxon madaniyati haqida tasavvur beradi.

Klavixo Samarqandda turli millat va din vakillari yashaganini ham qayd etadi. Bu holat shaharning xalqaro savdo va madaniy aloqalar markazi bo‘lganini ko‘rsatuvchi muhim dalillardan biri sifatida namoyon bo‘ladi.

Temuriy malikalar va saroy madaniyati

Klavixo safarnomasida ayollarning saroy hayotidagi o‘rniga oid ma’lumotlar ham mavjud. U 1404 yil oktyabrida o‘tkazilgan Mirzo Ulug‘bekning to‘yi, undagi marosimlar va saroy ayollarining ishtiroki haqida yozadi.

Ayniqsa, Saroymulkxonim — Bibixonim, shuningdek Xonzoda begim haqidagi tasvirlar Temuriylar davri saroy madaniyati, kiyinish an’analari va marosimlarini o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Klavixo ularning liboslari, taqinchoqlari, bosh kiyimlari va tantanali marosimlardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratgan.

Sohibqironning davlat boshqaruvi va adolat tizimi

Klavixo kundaliklarida Amir Temur saltanatidagi boshqaruv tizimiga oid ma’lumotlar ham uchraydi. U qozilar, mirzolar, hujjatlar rasmiylashtirilishi, muhrlar va davlat qarorlarining ijrosi haqida yozadi.

Safarnomada har bir ishning hujjatlashtirilishi, qarorlarning bir necha bosqichda qayd etilishi va oxirida saltanat muhri bilan tasdiqlanishi tasvirlangan. Muhrda “Rosti-rusti” — “Kuch-adolatdadir” degan ibora qayd etilgani ham alohida ta’kidlanadi.

Shu bilan birga, Klavixo Amir Temur tomonidan elchilarga ko‘rsatilgan hurmat, ularning xavfsizligi va yo‘llarda oziq-ovqat va boshqa zarur narsalar bilan ta’minlanishiga ham e’tibor qaratadi. Har bir manzilda yangi otlar tayyorlangan, elchilar oziq-ovqat va zarur vositalar bilan ta’minlangan. Bu esa o‘sha davrda davlatlararo aloqalar va elchilik xizmati uchun yaratilgan tizim haqida ma’lumot beradi.

Manbaga tanqidiy yondashuv

Klavixo safarnomasi qanchalik qimmatli bo‘lmasin, uni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilish ham to‘g‘ri emas. Kitobda ayrim xatolar, noaniqliklar va joy nomlarini yozishdagi chalkashliklar mavjudligi manbada ochiq qayd etilgan.

Klavixo Samarqandda olti oycha bo‘lgan, Amir Temur saltanati haqidagi ma’lumotlarning bir qismini bevosita kuzatgan bo‘lsa, yana bir qismini boshqalardan eshitgan. Shu sababli ayrim ma’lumotlar boshqa tarixiy manbalar bilan qiyosiy o‘rganishni talab qiladi. Xususan, asarda kishi va joy nomlari ispan tiliga moslashtirilgani sababli ularning asl shaklini aniqlashda qiyinchiliklar uchraydi.

Bundan tashqari, Klavixo Amir Temur davri va shaxsiyatini yevropalik diplomat va ziyoli nuqtai nazaridan kuzatgan. Uning Movarounnahrdagi safari bir marta bo‘lgan va bir necha oy bilan cheklangan. Shu bois uning ma’lumotlarini boshqa Sharq va G‘arb manbalari bilan solishtirib o‘rganish ilmiy jihatdan muhimdir.

Biroq aynan shu xususiyat — asarning boshqa madaniy muhit vakillari nigohida yozilgani — uning tarixiy qimmatini yanada oshiradi. Chunki Klavixo o‘z davrida Movarounnahrni ko‘rgan yevropalik diplomat sifatida Sharq hayotining ko‘plab jihatlarini Yevropa o‘quvchisiga yetkazishga harakat qilgan.

Asrlar osha yetib kelgan “Kundaliklar”

Rui Gonsales de Klavixoni mashhur qilgan “Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi. 1403–1406 yillar” asari asrlar davomida o‘zining ilmiy va tarixiy ahamiyatini saqlab kelmoqda. Unda muallifning 1403–1405 yillarda Turkiya, Eron va Movarounnahrda, xususan Amir Temur saroyida ko‘rgan-kechirganlari mujassam. Manbada ta’kidlanganidek, ushbu asar o‘rta asrlar jahon adabiyotining muhim yozma yodgorliklari qatorida turadi.

Bugun mazkur asarning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nashr etilayotgani ham muhim madaniy-ma’rifiy ahamiyatga ega. Zero, bu kitob orqali o‘quvchi Amir Temur va Temuriylar tarixiga faqat bir tomondan emas, balki o‘sha davr voqealariga bevosita guvoh bo‘lgan xorijlik diplomat nigohidan ham nazar tashlash imkoniga ega bo‘ladi.

Markaz tomonidan tayyorlanayotgan nashrda safarnomaning muayyan parchalari asosida o‘sha davr muhiti, Samarqandning qiyofasi, Sohibqironning davlat boshqaruvi, diplomatik munosabatlari, bunyodkorlik ishlari, saroy marosimlari, xalq turmushi va madaniy hayoti haqida yaxlit tasavvur hosil qilish mumkin.

Eng muhimi, Klavixoning “Kundaliklar”i bizga tarixga birgina nigoh bilan emas, turli manbalarni o‘zaro qiyoslagan holda qarash zarurligini eslatadi. Undagi har bir ma’lumot — Amir Temur saltanatining siyosiy qudratidan tortib, Samarqand bozorlaridagi savdo-sotiq, bog‘lar, saroy marosimlari, hunarmandchilik va oddiy xalq turmushigacha — o‘rta asrlar Movarounnahrining murakkab va serqirra manzarasini tiklashga xizmat qiladi.

Shu ma’noda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu tarixiy asarning yangi nashrini tayyorlash — nafaqat nodir yozma merosni kitobxonlarga yetkazish, balki Amir Temur va Temuriylar davri haqidagi xalqaro manbalarni keng jamoatchilikka yaqinlashtirish, tarixiy xotirani turli manbalar asosida boyitish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

ilmiy platformailmiy nashr

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14821
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12215
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9943
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7974
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar