

Yangiliklar
«Men ko‘rganlarim orasida eng yaxshisi» — malayziyalik mutaxassis Islom sivilizatsiyasi markazi haqida
Malayziyaning «Yayasan Restu» tashkiloti ijrochi raisi va Nasirul Qur’on markazi bosh direktori, professor Datuk Abdul Latif Mirasa boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Xorijlik mutaxassislar Markaz ekspozitsiyalari, me’moriy yechimlari va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan muzey konsepsiyasi bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif yakunida professor Datuk Abdul Latif Mirasa Markazdagi ekspozitsiyalarni yuqori baholab, tashrifni juda ta’sirli tajriba sifatida qayd etdi.
U, ayniqsa, islom sivilizatsiyasi tarixi Makka va Madinadan boshlangan jarayondan tortib, uning Markaziy Osiyodagi taraqqiyotiga qadar yaxlit manzarada namoyon etilganiga e’tibor qaratdi.
«O‘zbekiston Prezidenti va xalqi bu yerda juda katta ishni amalga oshirgan. Islom sivilizatsiyasi tarixini, xususan, uning ushbu hududdagi rivojlanishini juda ta’sirchan tarzda namoyon eta olgan. Eng muhimi, bu tarix Makka va Madinadan boshlangan islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi va bu hududdagi taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan», — dedi u.
Professor Mirasa Markaz ekspozitsiyalarida tarixiy mazmun va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unlashganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Men dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman, juda ko‘p muzeylarni ko‘rganman. Ammo bu yerda texnologiyalardan foydalanish, Islomning go‘zalligini, shuningdek, O‘zbekiston xalqi va uning turli hududlariga xos boy madaniyatni namoyish etish darajasi meni alohida hayratga soldi. Menimcha, bu — men ko‘rganlarim orasida eng yaxshisi», — dedi malayziyalik mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, Markazda qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar tarixni shunchaki namoyish etish bilan cheklanmay, tashrif buyuruvchiga uni his qilish imkonini ham beradi. Bu, ayniqsa, Islomning mohiyati va go‘zalligini turli auditoriyalarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Islom — bu go‘zallik. U ezgulik, yaxshi munosabat va o‘zaro hurmat haqida. Bu yerga kelgan inson ana shu mazmunni o‘z ko‘zi bilan his qilishi mumkin. Menimcha, Markaz musulmon bo‘lmagan insonlarga ham Islomning go‘zalligini anglash va uni yanada chuqurroq tushunish imkonini beradi», — dedi Datuk Abdul Latif Mirasa.
Malayziyalik professor Markazni yaratishda ishtirok etgan mutaxassislar — mutafakkirlar va olimlar mehnatini ham alohida e’tirof etdi.
«Prezidentga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga, ayniqsa, ushbu majmuani yaratishga o‘z bilimi, tafakkuri va mehnatini bag‘ishlagan mutafakkirlar va olimlarga chin dildan tabriklarimni yo‘llayman. Ular o‘z tafakkuri, qalbi va mehnatini birlashtirib, binoning go‘zalligi va Islom ruhini namoyon etuvchi noyob maskanni yaratishgan», — dedi u.
Datuk Abdul Latif Mirasa rahbarlik qiladigan «Yayasan Restu» va Nasirul Qur’on markazi Qur’on nusxalarini tayyorlash, uning qo‘lyozma va bosma merosini asrash hamda Qur’on madaniyatini targ‘ib qilish yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
Tashrif davomida Qur’on merosi bilan bog‘liq yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunday aloqalar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakatning umumiy tarixiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Malayziyalik mutaxassisning yuqori bahosi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy meros, ilm-fan, san’at va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan ekspozitsiya konsepsiyasi xorijlik mutaxassislarda ham katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.