Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasida Temuriylar davri kitobatiga bag‘ishlangan tadqiqot muhokama qilindi

24.09.2026, 14:53617
Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasida Temuriylar davri kitobatiga bag‘ishlangan tadqiqot muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun islom sivilizatsiyasi tarixiga oid ilmiy izlanishlarni birlashtirish, qo‘lyozma merosni chuqur o‘rganish, yangi tadqiqotlarni ilmiy muomalaga kiritish va mahalliy hamda xalqaro ilmiy hamjamiyat o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida faoliyat yuritmoqda. Markaz Ilmiy kengashida Temuriylar davridagi islom kitobat ishi tarixi va manbalariga bag‘ishlangan muhim ilmiy tadqiqot muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Markaz tadqiqotchisi Matluba Raxmanqulovaning 24.00.01 — “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi bo‘yicha tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan “Temuriylar davri islom kitobat ishi tarixi va manbalari” mavzusidagi dissertatsiyasi taqdimoti va muhokamasi o‘tkazildi.

Mazkur tadqiqot Temuriylar davrida islom kitobat san’ati va kitob yaratish an’analarining shakllanishi, taraqqiyoti va o‘ziga xos xususiyatlarini kompleks o‘rganishga qaratilgan. Unda qo‘lyozmalarni yaratish va bezatish an’analari, hukmdorlar homiyligi, saroy kutubxonalari va kitobat ustaxonalari faoliyati, shuningdek, xattot, musavvir, naqqosh, lavvoh va muqovasozlarning mehnati bilan bog‘liq jarayonlar tahlil etilgan.

Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri Temuriylar davrida Samarqand, Hirot va Sheroz kabi yirik madaniy markazlarda kitobatning rivojlanishi va ular o‘rtasidagi o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalarni qiyosiy o‘rganishdir. Muallif mazkur markazlarda shakllangan kitobat muhitining o‘ziga xos jihatlari bilan bir qatorda, ularni birlashtirib turuvchi umumiy Temuriylar davri kitobat an’analarini ham ochib bergan.

Dissertatsiyamizda qo‘lyozmalar oddiy matn yoki badiiy asar sifatidagina emas, balki muayyan tarixiy davrning ijtimoiy-madaniy muhitini aks ettiruvchi muhim manba sifatida tadqiq etilgan. Qo‘lyozmalardagi kolofonlar, muhrlar va egalik qaydlari, xat xususiyatlari, qog‘oz turi, bezak elementlari, kitob bloki va muqova kabi belgilar ularning yaratilish tarixi, saqlanishi va keyingi harakatini aniqlashda muhim manbashunoslik vositalari sifatida ko‘rib chiqilgan, - dedi tadqiqotchi Matluba Raxmanqulova.

Tadqiqotda Temuriy hukmdorlar va shahzodalarning kitobat va kitobsozlik rivojidagi o‘rniga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Sulton Husayn Mirzo va Boysung‘ur Mirzo davridagi qo‘lyozmalar, ular bilan bog‘liq saroy kutubxonalari va kitobat muhiti tahlil etilgan. Bu jarayonda hukmdorlar homiyligi kitob yaratish, uni bezatish va saqlash tizimining rivojlanishida muhim omillardan biri bo‘lgani ko‘rsatiladi.

Unda Hirot kitobat muhitidagi uslubiy o‘zgarishlar va badiiy an’analarning boyish jarayoni ham atroflicha yoritilgan. Xususan, Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalar natijasida ayrim tasviriy va bezak uslublarining kirib kelishi, ularning mahalliy an’analar bilan uyg‘unlashuvi masalasiga e’tibor qaratilgan. Boysung‘ur Mirzo davrida Xitoyga borgan G‘iyosiddin Naqqosh faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar ham ana shu madaniy ta’sir va ijodiy o‘zlashtirish jarayonlari nuqtai nazaridan tahlil qilingan.

Sulton Husayn Boyqaro davrida Hirotdagi kitobat va tasviriy san’at muhiti ham tadqiqotning muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi. Bu davrda Kamoliddin Behzod kabi mashhur musavvirlar ijodi bilan bog‘liq badiiy muhitning shakllangani, qo‘lyozma kitobni yaratish jarayonida xattotlik, tasvir, bezak va kitobsozlikning o‘zaro uyg‘unlashgani tadqiqot doirasida ko‘rib chiqilgan.

Sheroz kitobat muhitiga oid tahlillarda esa nisbatan kichik hajmdagi qo‘lyozmalar, matn doiralarining turli shakllari va kitoblarning kengroq iste’molchiga mo‘ljallangan holda tayyorlangani bilan bog‘liq xususiyatlar qayd etilgan. Ibrohim Sulton va Iskandar Sulton davridagi kitobat jarayonlari, kichik hajmdagi to‘plam va majmualarning yaratilishi ham ushbu muhitning o‘ziga xos jihatlari sifatida tadqiq etilgan.

Muhokama davomida tadqiqotda faqat saroy kitobat ustaxonalari emas, balki bozor va kengroq kitobxonlar ehtiyojini qondirgan kitobat muhitlari ham mavjud bo‘lgani ta’kidlandi. Bu holat Temuriylar davrida kitob yaratish jarayonining faqat hukmdorlar saroyi doirasida cheklanib qolmaganini, kitobat madaniyatining turli ijtimoiy qatlamlar bilan bog‘liq holda rivojlanganini ko‘rsatadi.

Dissertatsiyada tarixiylik, qiyosiy-tanqidiy tahlil, kodikologik yondashuv va xolislik tamoyillaridan foydalanilgan. Tadqiqot uchun O‘zbekistondagi ilmiy adabiyotlar bilan bir qatorda, xorijiy olimlarning tadqiqotlari, qo‘lyozmalar kataloglari va xorijiy fondlarda saqlanayotgan manbalar haqidagi ma’lumotlar ham jalb etilgan.

Xorijiy manbalar va tadqiqotlarning jalb qilinishi alohida ahamiyatga ega. Zero, Temuriylar davriga oid ko‘plab qo‘lyozmalar bugungi kunda turli mamlakatlarning kutubxona, muzey va qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. Shu bois ularning ilmiy tavsifi, kataloglashtirilishi va o‘rganilishiga bag‘ishlangan xorijiy tadqiqotlar mazkur davr kitobat tarixini qayta tiklashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Mahalliy manbashunoslik va tarixshunoslik maktabi vakillarining ilmiy ishlari ham keng qamrab olingan. Jumladan, A. A. Semyonovning Sharq qo‘lyozmalari kataloglari va Temuriylar davri Hirot kitobat maktabiga oid tadqiqotlari, Yusufova, Jalilova, Yo‘ldoshev, Oxunjonov, Fozila Sulaymonova kabi olimlarning ilmiy ishlari dissertatsiyaning manbashunoslik va tarixshunoslik bazasini shakllantirgan.

Ilmiy kengash muhokamasida tadqiqotning manba bazasi, metodologik yondashuvi, Samarqand, Hirot va Sheroz kitobat muhitlarining o‘zaro munosabati, saroy va bozor kitobatining farqli jihatlari, shuningdek, dissertatsiyada qo‘lyozmalarning bevosita manba sifatida qay darajada tahlil qilingani yuzasidan savollar berildi.

Tadqiqotchi Matluba Raxmanqulova tomonidan berilgan savollarga javoblarda dissertatsiyaning asosiy xulosalari, manbalarni tanlash mezonlari va tadqiqot doirasiga kiritilgan qo‘lyozmalar xususiyatlari atroflicha tushuntirildi. Xususan, tadqiqotda Temuriylar davrida yaratilgan barcha qo‘lyozmalarni qamrab olish emas, balki Temuriy hukmdorlar homiyligi bilan bog‘liq manbalarni asosiy ilmiy tahlil obyekti sifatida tanlash tamoyiliga amal qilingani qayd etildi.

Muhokama yakunida dissertatsiyani yanada takomillashtirish, ayrim ilmiy xulosa va tahlillarni boyitish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mazkur ilmiy muhokama O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining islom sivilizatsiyasi tarixiga oid ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘lyozma va moddiy merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, tadqiqotchilar uchun ochiq ilmiy muloqot muhitini shakllantirish borasidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Shu ma’noda, Markazdagi Ilmiy kengash faoliyati nafaqat alohida dissertatsiyalar muhokamasi, balki islom sivilizatsiyasi tarixi va manbashunosligiga oid ilmiy merosni qayta ko‘rib chiqish, yangi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy hamda xalqaro ilmiy tajribani bir maydonda uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.

ilmiy platformatadqiqot

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14820
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12215
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9943
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7973
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma