Amir Temur va temuriylar davri ilmiy-madaniy markazlari

Kirish
XIV asrning oxirgi choragi – XV asr Markaziy Osiyo tarixida haqli ravishda ilm-fan va madaniyat yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan davr hisoblanadi. «Temuriylar Renessansi» nomi bilan tarixga kirgan mazkur fenomen negizida, eng avvalo, buyuk davlat arbobi va benazir sarkarda Amir Temur hamda uning avlodlari hukmronligi davomida shakllangan va ilmu ma’rifatga asoslangan bunyodkorlik muhiti yotadi.
Ushbu maqola Amir Temurdan boshlangan va uning vorislari davrida davom etgan umummilliy yuksalishning biri ikkinchisi bilan uzviy bog‘langan ikkita yorqin jihatini urg‘ulashga bag‘ishlanadi. Ular nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi, balki umumbashariy kesimdagi jarayonlarga kuchli ta’sir ko‘rsatgan madaniy markazlar va ilmiy maktablar fenomenidir. Aynan shu fenomen Temuriylar Renessansining harakatlantirgan muhim mexanizm vazifasini bajargan.
Nazariy asos
Belgilangan vazifaning to‘laqonli ijrosi «madaniy markaz» va «ilmiy maktab» tushunchalarining nazarda tutilayotgan davr kesimidagi ta’rifini aniqlashtirishni taqozo etadi. «Madaniy markaz» deganda, odatda, muayyan tarixiy davrda ilm-fan, ta’lim, adabiyot, san’at va ma’naviy hayot kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilgan, bunyodkor qadriyatlarning shakllanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan shahar yoki hudud nazarda tutiladi. Mazkur tushunchani Temuriylar davri kesimida yanada aniqlashtirilsa – bu muayyan shahar yoki hududda ilm-fan, ta’lim, adabiyot, san’at va me’morchilikning rivojlangani, yuksak intellektual muhitning shakllanishi natijasida vujudga kelgan va boshqa hududlarga madaniy ta’sir ko‘rsatgan makonni tushunish mantiqiydir.
Temuriylar hukmronligi davrida bunday markazlar davlat homiyligida, jadal iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy barqarorlik sharoitida vujudga kelgan. Ayni mazkur omillar mutafakkirlar, olimlar, adiblar, san’atkorlar va hunarmandlar faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirgan intellektual muhitni yuzaga chiqargan.
Temuriylar davrida madaniy markaz sifatida shakllangan shaharlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olamidagi ilmiy-madaniy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatib turgan. Bunday shaharlarda mashhur madrasalar, boy kutubxonalar, go‘zal me’moriy majmualar va serqirra adabiy muhit o‘zaro uyg‘unlashgan. Shu ma’noda Temuriylar davridagi madaniy markazlar mantiqan asoslangan bilimlar yaratish, bunyodkor madaniy-ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish va keng hududlarga tarqatish funksiyasini bajargan yirik shaharlar tizimidan iborat bo‘lgan.
«Ilmiy maktab» tushunchasi esa, aniq bir tarixiy davrda ilm-fanning muayyan sohalarida faoliyat yuritgan ustoz-shogird tizimiga asoslangan tadqiqotchilar hamda mutafakkirlar tomonidan shakllantirilgan, umumiy ilmiy an’ana va uslubiyatga asoslangan hamda, odatda, yirik va nufuzli shaharlarda barqarorlashgan intellektual muhitni anglatadi. Qisqa qilib aytganda, ilmiy maktab — bu nufuzli shaharlarda shakllangan umumiy ilmiy an’ana va ustoz-shogird tizimiga tayangan intellektual muhitdir. Temuriylar davrida yaratilgan madaniy muhit natijasida yirik shaharlarda qator ilmiy maktablar vujudga kelgan. Mazkur shaharlarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy salohiyatidan kelib chiqib, ularni tasniflash mumkin.
Asosiy qism
Amir Temur barpo etgan saltanat faqat harbiy-siyosiy qudrati bilangina emas, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan siyosati bilan ham shuhrat qozongan. Bu davrda mazkur sulola hukmi ostida bo‘lgan Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Hirot, Balx, Shosh, Mashhad va boshqa shaharlar tom ma’nodagi nufuzli madaniy markazlarga aylandi. Ularga qisqacha to‘xtalamiz.
Samarqand. Amir Temur hayotligida Samarqand saltanat poytaxti sifatida qayta qurildi: shaharda ko‘plab masjid, madrasa va kutubxonalar barpo etildi, turli mamlakatlardan olimlar va hunarmandlar bu yerga taklif qilindi, ularning bir qismi Sohibqiron harbiy yurishlari natijasida olib kelindi. Ularning orasida mashhur «Sharh al-aqoid» asari muallifi Sa’duddin Taftazoniy (1322-1390), tajvid olimi, o‘nta qiroat bilimdoni Muhammad ibn Jazariy (1350-1478), mashhur xattot va san’atkor, nasta’liq xatining asoschisi sifatida tanilgan Mir Ali Tabriziy (XIV asr) kabi buyuk ilohiyotchilar, olimlar va san’atkorlar bo‘lgan. Hukmdor ilm ahliga alohida hurmat ko‘rsatdi, olimlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratib berdi. Bu davrda shaharda barpo etilgan yirik inshootlar, jumladan, Bibi‑Xonim masjidi va Go‘ri Amir maqbarasi mahobatli me’moriy yodgorliklargina bo‘lib qolmasdan, balki shahardagi madaniy-ma’naviy muhitning boyitilishida muhim rolь o‘ynadi.
Sohibqiron davrida Samarqand dunyoning eng yirik ilmiy markazlaridan biriga aylangani shaharda nufuzli ilmiy maktablarning shakllanishi uchun zamin yaratdi. Bu yerda turli fanlar vakillari jamlanib, ilmiy tadqiqotlar olib bordilar. Ushbu faol ilmiy jarayon Temuriylar sulolasining yirik namoyandasi Mirzo Ulug‘bek hukmronligi ostida yanada kuchaydi.
Ulug‘bek tomonidan Samarqandda bunyod etilgan rasadxona hamdamazkur shahar hamda Buxoro va G‘ijduvonda qurilgan madrasalar o‘ziga xos akademik tizimni tashkil etdi. Zero, ularda ham kadrlar tayyorlangan, ham ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi, ilmiy tadqiqotlar uchun qurilgan maxsus kutubxona va madrasada Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi astronomiya va matematika sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan buyuk olimlar faoliyat yuritgan. “Ziji jadidi Guragoniy” asari Ulug‘bek astronomiya maktabi mahsulining olamshumul ahamiyatli gultoji bo‘ldi.
Manbalarda Amir Temurning Samarqanddagi saroyida qimmatli qo‘lyozmalar saqlangan boy kutubxona bo‘lgani zikr qilinadi. Ularning ichida nodir ilmiy risolalar, tarixiy solnomalar, falsafiy va diniy asarlar mavjud bo‘lgan. Biroq ushbu qo‘lyozmalarning Amir Temur vafotidan keyingi taqdiriga tegishli aniq ma’lumotlar hanuzgacha topilmagan. Lekin tarixchilar tomonidan qator gipotezalar olg‘a surilgan.
Ushbu gipotezalarning eng keng tarqalganiga ko‘ra, kutubxonadagi kitoblar Sohibqiron vorislari ta’sis etgan ta’lim muassasalariga tarqatilgan. Ushbu ma’noda Mirzo Ulug‘bek tomonidan tashkil etilgan ilmiy markaz – rasadxona va madrasalar hamda Hirotdagi madrasalar zikr qilinadi. Mazkur gipoteza tarafdorlariga ko‘ra, Amir Temur kutubxonasidagi qo‘lyozmalar Temuriylar davlati ilmiy infratuzilmasining uzviy qismiga aylangan hamda ko‘proq Samarqand astronomiya maktabi olimlari tasarrufiga o‘tgan. Zero, rasadxonada olib borilgan murakkab samoviy tadqiqotlar mustahkam ilmiy ta’minotni talab qilgan.
Ikkinchi gipoteza vakillarining fikricha, XV–XVI asrlarda sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlar natijasida qo‘lyozmalarning bir qismi chet ellarga olib ketilgan, ayrimlari xususiy kolleksiyalarga tarqalib ketgan, mahalliy madrasa va diniy markazlar orasida taqsimlangan va hkz. Yana bir gipoteza bo‘yicha Amir Temur fondi qo‘lyozmalarining bir qismi Usmonlilar imperiyasi madaniy muassasalariga ko‘chib o‘tgan. Zero, 1453-yil Istanbul olingach, Usmonlilar imperiyasi islom dunyosining turli o‘lkalarida saqlanib qolgan qo‘lyozmalarni aniqlash va metropoliyada jamlashga katta e’tibor bergan. Buning natijasida Temuriylar davrida yaratilgan ba’zi qo‘lyozmalar To‘pkapi saroyi kutubxonasi va Turkiya madrasalaridan o‘rin olgan bo‘lishi ehtimoli katta.
Shahrisabz. Temuriylar davri madaniy markazlari ichida u alohida o‘rin tutgan. Bu maqomni belgilagan aniq omillarni quyidagicha tasniflash mumkin:
Siyosiy omil. Amir Temurning vatani sifatida ushbu shahar muhim siyosiy markazlardan biri bo‘lgan. Hukmdor shaharni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan: uni o‘zining tayanch qarorgohlaridan biri hisoblagan.
Me’moriy omil. Shahrisabzda ko‘plab yirik me’moriy inshootlar, jumladan, Oqsaroy, Dorus-Saodat va Dorut-Tilovat kabi mahobatli majmualar bunyod etilgan. Ular shaharning boy madaniy-ma’naviy mohiyatini belgilab turgan.
Ilmiy-ma’rifiy omil. Shahrisabzda ko‘plab madrasalar, masjidlar va boshqa diniy-ma’rifiy muassasalar faoliyat ko‘rsatgan. Ularda mashhur ulamolar, faqihlar va mutafakkirlar jamlangan, shahar o‘z davrining ilmu ma’rifat beshiklaridan biri bo‘lgan, manbalarda “qubbat al-ilm va-l-adab” (ilm va adab gumbazi) nomi bilan zikr qilingan.
Sulola beshigi omili. Shahrisabz Temuriylar sulolasining kelib chiqish joyi bo‘lgani sababli muqaddas makon sifatida e’zozlangan. Bu omil uning madaniy maqomini yanada oshirgan.
Jug‘rofiy-iqtisodiy omil. Shahrisabz Kesh vohasidagi muhim savdo yo‘llari kesishgan va qishloq xo‘jaligi rivojlangan hudud bo‘lgan. Bu sifatlar uning iqtisodiy barqarorligi va madaniy salmog‘ini oshirgan.
Buxoro. Temuriylar davrida Markaziy Osiyoning yirik ilmiy-madaniy markazlaridan biri maqomini saqlab qoldi. Mazkur davrda shaharning yuksak maqomini quyidagi asosiy omillar belgilab turgan:
Qadimiy ilmiy-ta’limiy an’analar. Buxoro azaldan Markaziy Osiyodagi yirik ilmiy markazlardan biri bo‘lgan. Temuriylar davrida bu maqom saqlanib qolgan. Shaharda ko‘plab olimlar, muhaddislar va faqihlar jamlangan, diniy-ma’naviy, ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, jumladan, oliy madrasalar faoliyat yuritgan. Buning natijasida Buxoro mintaqaviy ko‘lamli ilmiy-ta’limiy markaz rolini bajargan.
Diniy-ma’naviy omil. Ilk islom davridan boshlab Buxoroda hadis, fiqh, aqida va tasavvuf yo‘nalishlaridagi mashhur maktablar shakllangan. Ulardan Abu Hafsi Kabir, Imom Buxoriy, Mustamliy Buxoriy, Ibn Sino kabi buyuk olimlar yetishib chiqqan. Buxoro o‘zining yuksak diniy-ma’naviy maqomini Temuriylar davrida ham saqlab qolgan.
Me’morchilik rivoji. Temuriylar davrida shahardagi ko‘plab masjidlar, madrasalar va boshqa ijtimoiy binolar ta’mirlangan, yangilari barpo etilgan. Poyi Kalon majmuasi ular jumlasidandir. Bu kabi me’moriy obidalar shaharning madaniy-ma’naviy nufuzini oshirgan.
Savdo-iqtisodiy omil. Buxoro Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlaridan birida joylashgan va o‘zi ham yirik savdo markazi bo‘lgan. Amir Temur va Temuriylar davrida uning xalqaro savdo-iqtisodiy roli yanada oshgan. Turli mamlakatlardan kelgan savdogarlar, sayyohlar, tadqiqotchilar va hunarmandlar shahar madaniy hayotini boyitgan.
Ilmiy muhit va ustoz-shogird an’anasi. Buxoro madrasalarida ustoz-shogird tizimiga asoslangan ilmiy muhit kuchli bo‘lgan. Bu muhit diniy ilmlar – hadis, kalom, fiqh, tasavvuf, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda tibbiyot kabi sohalarning rivojlanishiga xizmat qilgan.
Muhammad Porso (1348–1420) kutubxonasi. Temuriylar davrida yashagan mashhur tasavvuf olimi, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi va Bahouddin Naqshbandning eng yaqin shogirdlaridan biri tomonidan yirik ommaviy kutubxona yaratilgan. Porso ilm va tasavvufni uyg‘unlashtirgan ulkan olim bo‘lib, Buxoroda tug‘ilib voyaga yetgan, keyinchalik Balxda faoliyat yuritgan, o‘sha yerda vafot etgan va dafn qilingan.
Kitobat va miniatyura san’ati. Mazkur davrda Buxoro zikr etilgan san’at turlari bo‘yicha rivojlangan markazlardan biriga aylandi. Garchi kitobatda u Samarqand va Hirot darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, lekin Movarounnahrning eng ko‘p qo‘lyozma kitoblar yaratilgan markazlaridan bo‘lib qoldi. Bu yerda ko‘chirilgan asarlar ortiqcha bezaklar va jimjimadorlikdan xoli bo‘lib, ko‘proq madrasabop, o‘qilishi oson nasx (nasxi buxoriy) xatidagi o‘quv kitoblari hamda nasta’liqda ko‘chirilgan devonlar shaklida bo‘lgan. Buxoro miniatyura maktabi ko‘proq Hirot maktabiga ergashgan va uni mahalliy didga moslashtirishga intilgan. Buning natijasida o‘ziga xos Buxoro miniatyuroa maktabi vujudga kelgan. Qisqa aytganda, Buxoro kitobat va miniatyuraga asoslangan «badiiyat poytaxti» emas, balki kitobat madaniyatining intellektual-ta’limiy markazi bo‘lib xizmat qilgan.
Zikr etilgan omillar tufayli Buxoroning Markaziy Osiyodagi eng muhim ilmiy-madaniy markazlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
Hirot. Temuriylar davrida yaratilgan madaniy durdonalari gultoji bo‘lgan ushbu shahar XV asrda gullab-yashnadi. Ayrim manbalarda Hirot, hatto, Temuriylar Renessansining markazi sifatida zikr qilinadi. Ushbu markaz, ayniqsa, Shohrux Mirzo (1409-1447) hamda sulton Husayn Boyqaro hukmronligi yillarida (1469-1506) gurkirab rivojlandi. Shohrux Hirotni poytaxtga aylantirdi. Uning xotinlari Gavharshodbegim va Mulkot oqo Xurosonda ko‘plab masjid va madrasalar qurdirdilar, ilm va madaniyatga homiylik qildilar.
Uning doirasida adabiyot (Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Abdurahmon Jomiy va boshqalar), san’at (Kamoliddin Behzod miniatyura maktabi), tarixshunoslik (Mirxond (1433-1498) – “Ravzatus-safo” – “Musaffolik bog‘i”), Xondamir (1475-1534) va boshqalar), kitobatchilik (Boysung‘ur Mirzo kitobxonasi atrofida birlashgan kitobchilar) kabi yo‘nalishlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan serqirra ilmiy muhit shakllandi.
Bu yerda faoliyat yuritgan Alisher Navoiy turkiy adabiyotning buyuk namoyandasi, nufuzli davlat arbobi va madaniyat homiysi, adabiyot va san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir edi. Hirotda, shuningdek, bu davrda mashhur mutafakkir Abdurahmon Jomiy faoliyat yuritgan. Bu muhitda adabiyot, tarix, tasviriy san’at, miniatyura maktablari yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi. Bu davrda Hirot islom dunyosining eng muhim san’at markazlaridan biriga aylandi.
Balx. Qadimgi dunyoning eng buyuk shaharlaridan biri, Buyuk Ipak yo‘li gullab-yashnagan davrlarda 1 million aholisi bo‘lgan, sakkizinchi asrda Xurosonning poytaxti bo‘lgan mazkur shahar mo‘g‘ullar bosqinida xarobaga aylangan edi. Temuriylar davrida shahar o‘z tarixidagi yangi yuksalishni boshdan kechirdi. XIV asr oxirlaridan, ya’ni Temuriylar hukmronligi ostida bu yerdagi sug‘orish tizimi tiklandi boshladi, turar-joylar qayta qurildi, aholi qaytdi. Xuroson–Movarounnahr–Hindistonni o‘zaro bog‘lagan savdo yo‘llari kesishgan muhim nuqtada joylashgan Balx Shohrux Mirzo davrida Xuroson tarkibidagi mintaqaviy diniy-ma’naviy markazga aylangan. Uning eng muhim xususiyatini belgilagan omil tasavvufiy tariqatlarga intilish bo‘lib, bu haqiqat, ayniqsa, naqshbandiylik tariqati kesimida yaqqol namoyon bo‘lgan. Ushbu tariqatning atoqli peshvosi Muhammad Porso (1348-1420) bu shaharda ancha muddat yashagan va piri murshid maqomida bo‘lgan.
Mashhad. So‘nggi o‘rta asrlarda Temuriylar hukmi ostida bo‘lgan bugungi Eron hududida joylashgan Xurosonning poytaxti maqomidagi yirik madaniy va diniy markaz bo‘lgan. Uning yuksak ijtimoiy-ma’naviy maqomi, eng avvalo, shialikning imomiylik yo‘nalishi sakkizinchi imomi, Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning avlodi, ham shialik, ham sunniylik vakillari tomonidan birdek e’zozlangan – Ali ibn Muso ar-Rizo (Imom Rizo, 770-818) maqbara-ziyoratgohi bilan bog‘liq. Temuriylar davrida kengaytirilgan ushbu shahar islom dunyosining eng yirik ziyoratgohlaridan biriga aylandi.
Temuriylar davrida shaharda ko‘plab madrasalar, karvon-saroylar va masjidlar qurildi. Ularning orasida Shohrux Mirzoning rafiqasi – Gavharshodbegim tomonidan 1418-yil qurdirilgan masjid go‘zal moviy gumbazi va nafis muqarnasli mehrobi, nozik mozaikasi bilan musulmon me’morchiligining durdonasi sifatida yuksak e’zozlanadi. Uning peshtoqi Shohrux Mirzo va Gavharshodbegimning farzandlari Boysung‘ur Mirzo va Ibrohim Sulton tomonidan bajarilgan epigrafika bilan ziynatlangan Temuriylar me’morchiligining durdonalari qatoriga kiradi. Xurosonlik yetuk allomalar sa’y-harakati bilan mazkur masjid ilmu ma’rifat markaziga aylangan.
Imom Rizo maqbarasi atrofida shakllangan Mashhad garchi Samarqand va Hirot kabi poytaxt bo‘lmasa-da, muqaddas shahar sifatida katta ma’naviy salohiyatni o‘zida mujassam etgan. Unga keladigan ziyoratchilarning soni yiliga 10-15 million kishini tashkil etib, shahardagi diniy-ma’naviy muhit ziyoratchilar orqali butun musulmon dunyosiga tarqalgan. Binobarin, Mashhad Temuriy hukmdorlar tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanib turgan.
Shosh (Choch). Amir Temur va Temuriylar davrida chegaraviy istehkrm (forpost) sifatida jadal rivojlandi. Shahar dasht aholisi bilan savdo ko‘prigi vazifasini bajardi, o‘troq va ko‘chmanchi aholi o‘rtasidagi savdo va madaniy almashinuv funksiyasini bajardi, hunarmandchilik markaziga aylandi. Samarqand va Hirotdan farqli ravishda bu yerda mahobatli me’moriy inshootlar oz bo‘lgan. Aksincha, kundalik hayot talablariga moslashtirilgan turar joylar va bozorlar ko‘p bo‘lgan. Shunga qaramasdan, harbiy ahamiyatli inshootlar mustahkamlangan, shahar infratuzilmasi rivojlantirilgan, islom an’analariga katta e’tibor berilgan: shaharda ko‘plab masjid va madrasalar faoliyat yurgizgan, boshqa ilmiy-madaniy markazlar bilan aloqalar rivojlangan.
Garchi Shosh–Toshkent nazarda tutilayotgan ikkinchi darajali shaharlar qatoriga kirgan bo‘lsa-da, u o‘ziga xos madaniy markaz edi. Temuriy hukmdorlar unga katta e’tibor bilan qaraganlar. Amir Temur XII–XIII asrlarda yashagan Zangi ota (Oyxo‘ja) ziyoratgohini XIV asr oxirlarida qayta qurdirdi va me’moriy majmuaga aylantirdi. Bu kabi ziyoratgohlarni obodonlashtirish davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga yordam bergan, tasavvuf peshvolari bilan mustahkam aloqalar Shoshni Amir Temur saltanati tarkibiga integratsiya qilishga yordam bergan. Temuriylar sulolasi davrida ushbu majmua muhim diniy markaz maqomini saqlab qolgan hamda Toshkent mintaqasi ma’naviy jug‘rofiyasining muhim qismiga aylangan.
XIV asr oxiri – XV asr boshida qisqa muddat Amir Temur saltanati tarkibida bo‘lgan boshqa yirik shaharlar, jumladan, Sheroz, Isfahon, Tabriz forsiyzabon she’riyat va madaniyat markazlari sifatida dong taratgan. Biroq ularning Temuriylar hukmi ostidagi davri, asosan, Amir Temur vafotigacha davom etgan.
Temuriylar davri madaniy markazlarining o‘zaro uyg‘unlashtirgan umumiy belgilarni ham qayd etish mumkin. Ular turli sohalarda o‘zini namoyon etgan. Masalan, Temuriylar davrida yuksak darajada rivojlangan me’morchilikning asosiy xususiyatlari ulkan gumbazlarning yaratilishi, murakkab handasaviy (geometrik) naqshlarning an’anaga aylanishi, rangbarang koshinlarning keng tarqalishi va mukammal simmetriyaning iste’molga kiritilishi bu xulosaning isbotlaridir. Mazkur belgilarni o‘zida mujassam etgan hamda Temuriylar davri me’morchiligining yorqin namunalari hisoblanadigan Samarqand, Shahrisabz, Hirot, Shosh va boshqa madaniy markazlarda barpo etilgan inshootlar ham buni tasdiqlaydi.
Bu davrda Samarqand, Hirot, Buxoro, Sheroz, Tabriz va boshqa hududlarda jadal rivojlangan miniatyura san’ati ham mazkur va boshqa madaniy markazlarga xos belgilarni o‘zida mujassam etgan, ularni o‘zaro boytishga xizmat qilgan yo‘nalishlardan biri sifatida amal qilgan. Bu san’at Markaziy Osiyodan Eron va Janubiy Osiyogacha (Boburiylar davrida) bo‘lgan ulkan hududlarni qamrab olgani bilan ham diqqatga sazovordir.
Xulosa
- Temuriylar davrida shakllangan ilmiy-madaniy muhit jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Bu davrda astronomiya, matematika, adabiyot, tarixshunoslik va me’morchilik kabi sohalarda yaratilgan asarlar keyinchalik Yevropa va boshqa mintaqalarda ilm-fan rivojiga ta’sir ko‘rsatgan; Temuriylar davrida yaratilgan ilmiy va madaniy meros jahon ilm-faniga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi;
- Temuriylar davrida astronomiya, matematika, tarix, adabiyot, me’morchilik va tasviriy san’at sohalarida shakllangan ilmiy maktablar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
- Temuriylar davri ilmiy-madaniy markazlarini o‘rganish nafaqat Markaziy Osiyo tarixi, balki ko‘p qirrali jahon sivilizatsiyasi mohiyatini chuqurroq anglash uchun muhimdir.
- Temuriylar davrida matematika, astronomiya, tibbiyot, tarix, adabiyot, me’morchilik va tasviriy san’at kabi sohalarda yirik ilmiy maktablar vujudga keldi. Bu maktablar faqat Markaziy Osiyoda emas, balki butun islom sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani taraqqiyotida muhim o‘rin tutdi.
- Amir Temur va Temuriylar saltanatida shakllangan yirik ilmiy-madaniy markazlarning har biri o‘zining alohida mazmun-mohiyat bilan ajralib turgan. Samarqand – ilm-fan, xususan, astronomiya va me’morchilik yo‘nalishlarida, Shahrisabz – me’morchilik va saroy madaniyati, Buxoro –ilohiyotshunoslik va ta’lim, Hirot – adabiyot, miniatyura, san’at, kitobat, Balx – ilohiyot, xususan, tasavvuf, Mashhad – diniy ziyorat markazi bilan uyg‘unlashgan. Bularning barchasi qo‘shni hududlarga o‘z ta’siri ko‘rsatib turgan.
- Temuriylar davrining ko‘plab qo‘lyozmalari Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg va boshqa megapolislarda joylashgan yirik kutubxona va muzeylarda saqlanayotgani haqiqat. Ularning mazkur va boshqa yirik ilmiy markazlarga “sayohati” mavzusini jiddiy o‘rganish tegishli tashkilotlar, jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldida turgan vazifalardan biridir.
- Temuriylar davrida yaratilgan ilmiy va madaniy meros jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi va bu meros bugungi kunda ham ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Z.I.Munavvarov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
bosh ilmiy xodimi, siyosiy fanlar doktori, professor


