Turath Dispatch
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Turkiya madaniyat va turizm vaziri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 2026 yil 24–29 sentyabrь kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari” madaniy tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlar doirasida bugun Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy boshchiligidagi delegatsiya Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamrohlik qildi. Mehmonlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Tashrif avvalida mehmonlarga markazning “Buyuk siymolar galereyasi” namoyish etilayotgan mozaikali ravoqlar haqida ma’lumot berildi. Shu yerda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy tomonidan markazga Alisher Navoiyning “Kulliyot” qo‘lyozmasining nodir nusxasi taqdim etildi.

Mazkur qo‘lyozma Istanbul shahridagi Topqopi saroyi kutubxonasining Revan bo‘limida R. 808 raqami ostida saqlangan. 802 varaqdan iborat nodir qo‘lyozma 1495-yilda Alisher Navoiy hayotlik davrida Darvish Muhammad Taqiy tomonidan ko‘chirila boshlangan va shoir vafotidan keyin yakunlangan. Kulliyot tarkibida Navoiyning 26 ta asari jamlangan bo‘lib, qo‘lyozma ikki miniatyura, 24 ta zarhal sarlavha va 30 ta bezakli zahriya bilan bezatilgan.

Ushbu qo‘lyozma Alisher Navoiy adabiy merosi hamda XV–XVI asrlar Sharq qo‘lyozma san’atining noyob namunalaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega. Qo‘lyozma Markazning Ikkinchi Renessans zalidagi Navoiy bo‘limiga joylashtirildi.

Shundan so‘ng mehmonlar musulmon olamining noyob yodgorliklaridan biri — Usmon Mus'hafi saqlanayotgan Qur’oni karim zali bilan tanishdilar.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari, shuningdek, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi, Birinchi va Ikkinchi Renessans zallari hamda Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori bo‘limlarini ko‘zdan kechirib, markaz ekspozitsiyalari, tarixiy manbalar va zamonaviy muzey texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar.

Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy markazdagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarning izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.

-O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bugun ushbu yurtga tashrif buyurish va, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman. Men bu inshoot qurilishi jarayonini 2021 va 2024-yillarda ham ko‘rgan edim. Bugun uning yakunlangan holatini ko‘rib, o‘zbek qardoshlarim uchun juda faxrlandim. Biz Ginnes rekordlar kitobiga kirgan markazlardan biri bo‘lgan, 42 ming kvadrat metr maydonni egallagan ulkan muzey majmuasida turibmiz. Bu yerda ushbu zaminlarda islomdan avvalgi sivilizatsiyalar tarixi, islom dinining kirib kelishi, O‘zbekistonning Birinchi va Ikkinchi Renessansi, shuningdek, Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans g‘oyasi izchil va yaxlit tarzda namoyon etilgan. Markazda mehnat qilgan barcha mutaxassislarni tabriklayman.

Turkiy-islomiy va boshqa islomiy asarlarni asrab-avaylash, ularni keng jamoatchilikka namoyish etish borasida juda muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Biz Turkiyada ham muzeychilik sohasida ko‘plab loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ammo bu yerda zamonaviy muzeychilikning eng so‘nggi texnologiyalari qo‘llanilganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonga kelgan har bir kishi albatta tashrif buyurishi va ko‘rishi kerak bo‘lgan maskanlardan biri, deb o‘ylayman. O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz juda mustahkam. Har bir yo‘nalishda fikr almashib, bir-birimizdan o‘rganib kelyapmiz. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, davlat rahbarlarimiz boshlab bergan yaqin munosabatlar bundan keyin ham izchil davom etishini istayman, — dedi Mehmet Nuri Ersoy.

Tashrif yakunida Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Mehmet Nuri Ersoyga Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi sovg‘a qilindi.

Turkiya delegatsiyasining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni o‘rganish va keng targ‘ib etish yo‘lidagi hamkorlikning muhim ifodasi bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.