Turath Dispatch
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi — Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalish strategiyasi sifatida

Rossiyaning nufuzli «Индустрия туризма и культуры» jurnalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markaz Uchinchi Renessans davrining muhim ramzi sifatida baholanib, uning zamonaviy muzey konsepsiyasi, ilmiy-ma’rifiy salohiyati, raqamli texnologiyalari va xalqaro e’tirofi keng yoritilgan.

Markaziy Osiyoning qoq markazida amalga oshirilgan ushbu loyiha o‘z ko‘lami va ahamiyati bilan butun dunyo e’tiborini tortmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki me’moriy inshoot emas, balki mintaqaning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi intellektual ko‘prikdir.

Majmua poydevoriga 2017-yilda, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida tashabbus bilan chiqqanidan so‘ng asos solindi. O‘shanda O‘zbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga islomning asl insonparvarlik mohiyati — ma’rifat, tinchlik va bunyodkorlik g‘oyalarini namoyon etish zarurligini ta’kidlagan edi. Bu nafaqat siyosiy bayonot, balki asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lib kelgan zaminning ildizlariga qaytish dasturi ham edi.

Ushbu ulkan loyihaning paydo bo‘lishi ma’naviy transformatsiyaga bo‘lgan global ehtiyoj kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi. Islomofobiya va radikalizm dunyoning turli hududlariga kirib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston bu chaqiriqqa ilm-fan va ta’lim orqali qarshi turish modelini taklif qildi.

Bugun ushbu g‘oya Toshkentning tarixiy markazida 10 gektar maydonni egallagan muhtasham majmuada o‘z ifodasini topdi. Uning 65 metrlik moviy gumbazi va to‘rtta oltinrang darvozasi O‘zbekistonning barcha hududlari birligini ramziy ifodalaydi. Binoning har bir chizig‘ida Temuriylar davri me’morchiligi an’analari zamonaviy texnologik yechimlar bilan uyg‘unlashgan.

Markazda din va ilm-fan uyg‘unligi mujassam. Ulug‘bek madrasalarining boy me’moriy an’analarini aks ettiruvchi asosiy pilyastr Qur’onda nozil bo‘lgan ilk sura — «Iqro» («Rabbing nomi bilan o‘qi») surasidan olingan xattotlik yozuvi bilan bezatilgan. Bu insonning yuksak ma’naviy burchi sifatida ilmga intilishini ifodalaydi.

Ekspozitsiyaning bosh xazinasi VII asrga oid Usmon Mus’hafi bo‘lib, u YUNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga kiritilgan noyob muqaddas yodgorlik hisoblanadi.

Majmuaning me’moriy konsepsiyasi nafaqat muhtasham qiyofasi, balki zamonaviy shaharsozlik va ekologik barqarorlik talablariga to‘liq muvofiqligi bilan ham hayrat uyg‘otadi. Loyihaning poydevordan tortib gumbazgacha bo‘lgan har bir elementi tarixiy merosga hurmat va uzoq muddatli foydalanish hisobga olingan holda barpo etilgan. Majmua atrofidagi obodonlashtirilgan hudud uni nafaqat ilmiy markaz, balki shahar aholisi va xorijiy mehmonlar uchun ochiq bo‘lgan keng madaniy-ma’rifiy maskanga aylantiradi.

Markaz ekspozitsiyasi konsepsiyasi an’anaviy muzeylardan tubdan farq qiladi. Prezident tomonidan tasdiqlangan «Sivilizatsiya — Shaxslar — Kashfiyotlar» tamoyili asosida yaratilgan ekspozitsiya tashrif buyuruvchini shunchaki tarixiy faktlar bilan tanishtiribgina qolmay, uni jonli intellektual jarayonga olib kiradi. Ekspozitsiya xronologik tamoyil asosida qurilgan: islomdan oldingi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Uchinchi Renessans poydevori bo‘lgan Yangi O‘zbekiston.

«Sivilizatsiyalar devori» bo‘limi alohida o‘rin tutadi. Unda insoniyatning intellektual yuksalishi uzluksiz jarayon sifatida namoyon etilgan.

Bu yerda har bir davrning Xorazmiy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek Mirzo kabi buyuk siymolari kashfiyotlari zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan bevosita bog‘liq ekani ko‘rsatiladi.

VR va AR texnologiyalari, gologrammalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish IX asrga oid noyob qo‘lyozmalarni «jonlantirish», qadimiy rasadxonalarning asl qiyofasini virtual qayta tiklash va o‘tmish kashfiyotlarini raqamli makonga ko‘chirish imkonini beradi.

Raqamli texnologiyalarning bunday keng ko‘lamda integratsiya qilinishi Markazni kelajak muzeyiga aylantiradi. «Aqlli» tizimlar yordamida tashrif buyuruvchilar nafaqat vizual ma’lumotlarga ega bo‘ladilar, balki buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilish, ularning laboratoriya tajribalarida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Bolalar uchun mo‘ljallangan «1001 ixtiro» laboratoriyasi yoshlikdan muhandislik va tabiiy fanlarga qiziqish uyg‘otadi. Markaz shunchaki bilimlar xazinasi emas, balki millatning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan interaktiv ta’lim platformasiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlaganidek, millatning haqiqiy kuchi uning xotirasi va madaniy ildizlaridadir. U muzey ekspozitsiyalarini milliy merosning asl namunalari bilan boyitish va o‘zbek xalqi ruhi hamda tarixini o‘zida mujassam etgan noyob artefaktlarni Vatanga qaytarish vazifasini belgilab berdi.

Ushbu ezgu maqsadni amalga oshirish doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya hamda olimlar, sharqshunoslar va san’atshunoslardan iborat maxsus komissiya keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bordi. Markazning muhim vazifalaridan biri mamlakat tashqarisida tarqalib ketgan milliy madaniy merosni Vatanga qaytarishdan iborat bo‘lib, so‘nggi yillarda bu borada nufuzli auksion uylari hamda xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonga mingdan ortiq noyob qo‘lyozmalar va artefaktlar qaytarildi. WOSCU xalqaro hamjamiyati ham Markaz fondiga Movarounnahr va Xuroson san’atiga oid ko‘plab noyob ashyolarni taqdim etdi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyalar va diplomatik missiyalar dunyodagi yirik muzeylar va kutubxonalarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini yaratishga xizmat qildi. Bu jarayon o‘zbek xalqining boy madaniy merosi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasining mulki, balki islom dunyosi va insoniyat sivilizatsiyasining ajralmas qismi ekanini tasdiqlaydi. Qaytarilgan har bir xazina Yangi O‘zbekistonning o‘z madaniy o‘ziga xosligini tiklashga bo‘lgan qat’iyatini ifodalaydi.

Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki faol ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida ham tashkil etilgan. Bu yerda tadqiqotchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan: 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va raqamli arxivlar mavjud. Markaz hududida ICESCO, IRCICA va OCIS (Oksford Islom tadqiqotlari markazi) kabi nufuzli tashkilotlarning vakolatxonalari ham faoliyat yuritmoqda. Bu Markazning yirik ilmiy-ma’rifiy platforma ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.

Loyiha ustida 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 nafardan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Xususan, YUNESKO Bosh direktori Xolid al-Ananiy kabi xalqaro ekspertlar Markazni «yangi avlod muzeyi, ilg‘or ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi bo‘yicha milliy va xalqaro arxivlar, raqamli gumanitar texnologiyalar hamda global ilmiy-madaniy hamkorlikning keng tarmog‘ini birlashtirgan noyob sivilizatsion majmua» deb atadilar.

«Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros — umumiy kelajak» kongressi doirasida Markazga besh nafar prezident tashrif buyurdi. Bu umummintaqaviy iftixor ramziga aylandi. Shuningdek, bu yerda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan 300 nafardan ortiq olim va madaniyat namoyandalari jam bo‘ldi.

2026-yil fevral oyida Parijdan loyihaning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlagan xabar keldi: «Prix Versailles» mukofoti xalqaro qo‘mitasi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini «2026 yilning eng go‘zal muzeylari» ro‘yxatiga kiritdi.

Markazning xalqaro nufuzli nashrlar va reytinglarda, jumladan, «Smithsonian Magazine», «BBC Travel», «BBC History» va «National Geographic» kabi nashrlarda qayd etilgani ham ushbu e’tirofni yanada mustahkamlamoqda. Bu uni jahon miqyosidagi eng yirik muzey tashabbuslari qatoriga olib chiqmoqda.

Bunday e’tirof Markazning ilmiy va turistik salohiyatini sezilarli darajada oshirib, uni jahon miqyosida tashrif buyurish zarur bo‘lgan diqqatga sazovor maskanga aylantirmoqda. Ushbu yutuqlar Yangi O‘zbekistonning ijodiy salohiyati va xalqaro standartlarga mos innovatsion yondashuvini yaqqol namoyon etadi.

Markazning ochilishi muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani ham bejiz emas. Aynan 2018-yilda, ushbu barakali oyda buyuk loyiha qurilishiga birinchi tosh qo‘yilgan edi. Mana, sakkiz yil o‘tib, joriy yilning 17-martida Markaz o‘zining muhtasham binosida rasman faoliyatini boshladi. U kelajak avlodlar uchun islomiy madaniy merosni tiklash va asrab-avaylashning muhim ramziga aylanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: «Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixni asrovchi, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi intellektual makonga aylanishi kerak».

Abdurahmon Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsuli.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.