

Yangiliklar
Jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan loyiha: 114 Qur’on yagona ilmiy tadqiqot maydonida
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom tarixi, qo‘lyozma merosi, manbashunoslik, raqamlashtirish va madaniy yodgorliklarni zamonaviy ilmiy usullar asosida o‘rganishga qaratilgan qator yirik tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy xususiyati — tarixiy merosni faqat saqlash yoki namoyish etish emas, balki uni birlamchi manba sifatida qayta o‘rganish, turli fondlarda tarqoq holda saqlanayotgan materiallar o‘rtasidagi ilmiy bog‘lanishlarni aniqlash va yangi tadqiqot masalalarini shakllantirishdir. Markazda amalga oshirilayotgan “114 Qur’on” loyihasi ana shu yondashuvning eng noyob va metodologik jihatdan muhim namunalaridan biri hisoblanadi.
Loyihaning yangiligi 114 ta nodir mushafni bir joyga jamlash bilan cheklanmaydi. Uning asosiy ilmiy konsepsiyasi Qur’oni karimning 114 surasini turli asrlar, hududlar va qo‘lyozma maktablariga mansub 114 tarixiy nusxa orqali yagona tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishga asoslangan. Shu orqali bir xil muqaddas matnning qariyb o‘n to‘rt asr davomida turli madaniy muhitlarda qanday kitobiy shakllarga kirgani, xat uslublari, bezak tizimi, materiallar, kitob tayyorlash texnologiyasi va tarjima an’analarida qanday o‘zgarishlar yuz bergani kuzatiladi. Ilk Qur’on qo‘lyozma an’analaridan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Oltin O‘rda, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar va Turkiston xonliklari davrigacha bo‘lgan manbalarning bir korpusda qiyoslanishi loyihani an’anaviy katalog yoki ekspozitsiya doirasidan chiqaradi.
“114 Qur’on” doirasida har bir qo‘lyozma mustaqil tarixiy-ilmiy manba sifatida o‘rganiladi. Paleografiya uning xat xususiyatlari va yozuv uslublarining rivojini, kodikologiya qo‘lyozmaning qog‘oz yoki pergamenti, hajmi, muqovasi va kitob tuzilishini, san’atshunoslik tazhib, ornament va kompozitsiya maktablarini, tarixiy tilshunoslik esa tarjima qatlamlari va leksik xususiyatlarni tahlil qilish imkonini beradi. Kolofonlar, bag‘ishlovlar, egalik qaydlari va boshqa belgilar orqali qo‘lyozmaning yaratilgan muhiti, xattoti, buyurtmachisi va keyingi harakat tarixi tiklanadi. Shu jihatdan mus’haf bu loyihada faqat diniy yodgorlik emas, balki bir vaqtning o‘zida tarix, til, san’at, kitobat texnologiyasi va madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ko‘p qatlamli manbaga aylanadi.
Loyihaning alohida ahamiyatli yo‘nalishlaridan biri — turkiy va forsiy satrma-satr tarjimali Qur’on qo‘lyozmalarini tadqiq etishdir. Xususan, Qoraxoniylar va Xorazm muhiti bilan bog‘liq tarjimali nusxalar Qur’onshunoslikdan tashqari tarixiy tilshunoslik uchun ham muhim ma’lumot beradi. Ularda saqlangan leksika, grammatik shakllar va tarjima usullari turkiy yozma tilning qadimgi bosqichlarini, islomiy tushunchalarning mahalliy til muhitiga qanday kirib kelganini va keyingi til jarayonlarini o‘rganish imkonini yaratadi. Bu esa “114 Qur’on”ni faqat qo‘lyozmalar tarixi emas, balki Markaziy Osiyoda diniy tafakkur, til va kitobat madaniyatining o‘zaro ta’sirini tadqiq etuvchi keng ilmiy platforma sifatida namoyon qiladi.
Tadqiqotning yana bir muhim xususiyati — uning xalqaro manbalar geografiyasi bilan bog‘liqligidir. O‘zbekiston va tarixiy Movarounnahr bilan bog‘liq ko‘plab nodir Qur’on qo‘lyozmalari bugun Istanbul, Parij, London, Dublin, Mashhad, Nyu-York va boshqa shaharlardagi yirik muzey va kutubxonalar fondlarida saqlanmoqda. Shu bois loyihada qo‘lyozmaning hozirgi saqlanish joyi emas, balki uning kelib chiqishi, yaratilgan ilmiy-madaniy muhiti, xattotlik an’anasi va tarixiy aloqalari asosiy mezon sifatida qaraladi. Loyiha O‘zbekiston, Fransiya, Turkiya va Avstriyaning Qur’onshunoslik, qo‘lyozmashunoslik, paleografiya va islom san’ati sohalaridagi olim hamda mutaxassislarini yagona ilmiy jamoa atrofida birlashtirdi. Ularning ishtirokida dunyoning turli muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan mingdan ortiq nodir mushafga oid ilmiy ma’lumotlar va raqamli tasvirlar ko‘rib chiqilib, tarixiy, matnshunoslik va badiiy ahamiyati yuqori bo‘lgan namunalar saralab olindi. Bunday xalqaro hamkorlik turli mamlakatlarda tarqoq holda saqlanayotgan qo‘lyozmalarga oid manbalarni yagona metodologiya asosida qiyosiy o‘rganish imkonini bermoqda.
Loyihaning ilmiy natijalari Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zalida ham o‘z ifodasini topadi. Hazrati Usmon Mus’hafi markaziy o‘rin egallagan mazkur makonda turli davrlarga mansub Qur’on nusxalarining tarixiy ketma-ketlikda taqdim etilishi tashrifchiga alohida nodir asarlarni ko‘rishdan ko‘ra kengroq imkoniyat — Qur’on kitobati madaniyatining asrlar davomidagi rivojini yaxlit jarayon sifatida anglash imkonini beradi. Shu ma’noda “114 Qur’on” loyihasi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy modelini aniq namoyon etadi: dunyo fondlariga tarqalgan manbalarni izlash, aniqlash, qiyosiy tahlil qilish, ilmiy tavsiflash, raqamlashtirish va zamonaviy muzey talqini orqali jamoatchilikka yetkazish yagona tadqiqot jarayoniga birlashtirilmoqda. Loyihaning haqiqiy noyobligi ham ana shunda — 114 qo‘lyozma bir joyga emas, bir ilmiy g‘oya va yagona tadqiqot tizimi atrofiga birlashtirilmoqda.
Shahina Alijonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.