Sug‘d to‘qimachilik namunalarining tarixiy-madaniy va muzeyshunoslik ahamiyati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan tarixiy ashyolar orasida Sug‘d to‘qimachilik namunalari alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari ekspozitsiyasida V–VIII asrlarga oid to‘qimachilik namunalarining jamlanishi Sug‘d davridagi moddiy madaniyat, to‘qimachilik texnologiyalari, badiiy tafakkur va mintaqalararo madaniy aloqalarni muzey predmetlari orqali tadqiq etish imkonini beradi. Mazkur to‘plam 21 ta mato parchasi va 4 ta yaxlit libosdan iborat bo‘lib, ularning ekspozitsiyaga kiritilishi qadimgi va ilk o‘rta asrlar Markaziy Osiyosida to‘qimachilik madaniyatining taraqqiyotini vizual va moddiy manbalar asosida namoyon etish nuqtai nazaridan muhimdir.
Sug‘d to‘qimachiligi Markaziy Osiyoning ilk o‘rta asrlar tarixi va madaniy-iqtisodiy jarayonlarini o‘rganishda muhim moddiy manbalardan biri hisoblanadi. Sug‘d shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlaridan keng foydalanilgani arxeologik materiallar, yozma ma’lumotlar va devoriy rangtasvirlar orqali tasdiqlanadi. Xususan, Panjikent, Afrosiyob va Varaxsha yodgorliklarida saqlangan devoriy tasvirlarda boy naqshli, ko‘p rangli matolar bilan bezatilgan kiyimlar tasvirlangan. Bu vizual manbalar Sug‘d jamiyatida matoning nafaqat maishiy ehtiyoj predmeti, balki ijtimoiy maqom, estetik did va madaniy identifikatsiyani ifodalovchi vosita bo‘lganini anglash imkonini beradi. Ilmiy tadqiqotlar Sug‘d muhitida ipak matolardan foydalanish va ayrim to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish amaliyoti mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Sug‘d to‘qimachilik madaniyatining muhim xususiyatlaridan biri matolarning murakkab ornamental-kompozitsion tizimi bilan belgilanadi. Matolarda hayvon va qushlar, o‘simliksimon elementlar, rozetkalar, marvaridsimon doiralar hamda doira ichida joylashtirilgan juft zoomorf obrazlar keng uchraydi. Ayniqsa, juft hayvonlar tasvirini marvaridsimon medalьonlar ichiga joylashtirish uslubi ilk o‘rta asrlar Yevroosiyo to‘qimachilik san’atida keng tarqalgan badiiy motivlardan biri bo‘lgan. Britaniya muzeyi kolleksiyasidagi ayrim mato namunalarida ham daraxtsimon tayanch ustida qarama-qarshi turgan tog‘ echkilari yoki ohu tasvirlari marvaridsimon doiralar ichida berilgani qayd etilgan.
Bunday ornamental tizimlarni faqat bir hududning mahalliy badiiy an’anasi sifatida talqin qilish metodologik jihatdan cheklangan yondashuv bo‘lishi mumkin. Sug‘d matolaridagi ayrim kompozitsion motivlar Sosoniy Eron, Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa badiiy muhitlaridagi namunalar bilan mushtarak xususiyatlarga ega. Afrosiyob devoriy tasvirlarida VI–VIII asrlarga xos matolarning tasvirlanishi, jumladan, hayvon tasvirlari tushirilgan medalьonli kompozitsiyalarning uchrashi Sug‘dning keng Yevroosiyo badiiy muhiti bilan aloqalarini o‘rganish uchun muhim vizual dalildir. Biroq ornamental o‘xshashlikning o‘zi matoning geografik kelib chiqishini yoki ishlab chiqarish markazini qat’iy belgilamaydi. Shu sababli atributsiya jarayonida badiiy-stilistik tahlil texnik, materialshunoslik va arxeologik ma’lumotlar bilan uyg‘unlashtirilishi lozim.
Sug‘d to‘qimachiligini ilmiy o‘rganishda matoning texnologik tuzilishi ham muhim diagnostik ahamiyatga ega. Bunda tolaning turi, ipning buralishi va yo‘nalishi, asos va arqoq iplarining nisbati, to‘qish zichligi, to‘qima strukturasi, rangli iplardan foydalanish xususiyatlari hamda matoning ishlab chiqarish texnikasi kabi belgilar kompleks tahlil qilinadi. Masalan, Britaniya muzeyi kolleksiyasidagi ayrim «Sug‘d uslubi»dagi ipak matolarda weft-faced compound twill, ya’ni murakkab arqoq yuzali qo‘shma sarja to‘qish texnikasi qayd etilgan; muayyan namunalarda ipak asos va qizil, yashil, oq hamda jigarrang rangli iplardan foydalanilgani ko‘rsatiladi.
Shu nuqtai nazardan matoning rang tizimi ham mustaqil emas, balki kompleks atributsiya tizimining bir qismi sifatida qaralishi lozim. Rangning o‘zi matoning geografik kelib chiqishini aniqlamaydi; biroq bo‘yoq moddasining tarkibi, uning tolaga singish xususiyati va texnologik ishlov usullari materialshunoslik tahlili bilan birgalikda muayyan xomashyo va ishlab chiqarish an’analari haqida ma’lumot berishi mumkin. Shu sababli muzey predmetini ilmiy interpretatsiya qilishda tashqi vizual belgilar bilan bir qatorda laboratoriya tadqiqotlari natijalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sug‘d matolarining tarixiy ahamiyati ularning Buyuk Ipak yo‘li doirasidagi tovar, texnologiya va badiiy g‘oyalar harakati bilan bog‘liqligida ham namoyon bo‘ladi. Sug‘d savdogarlari va jamoalari Yevroosiyoning keng hududlarida faol harakat qilgani, ular orqali buyumlar, texnologiyalar va badiiy g‘oyalar Markaziy Osiyodan Xitoygacha va undan g‘arbga tarqalgani tadqiqotlarda ko‘rsatiladi. Shuning uchun Sug‘d to‘qimachilik namunalarini o‘rganishda matoning faqat ishlab chiqarilgan joyini emas, balki uning harakatlanish trayektoriyasi, iste’mol muhiti va madaniy transfer jarayonlarini ham hisobga olish zarur.
Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan Sug‘d to‘qimachilik namunalarining ilmiy qiymati ularning faqat qadimiyligi yoki badiiy bezagida emas, balki moddiy madaniyatning turli qatlamlarini – texnologiya, xomashyo, badiiy uslub, ijtimoiy maqom, savdo va madaniy aloqalarni bir predmet doirasida o‘rganish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Muzey ekspozitsiyasida mazkur matolarni shunday kompleks yondashuv asosida interpretatsiya qilish ularni oddiy «qadimiy mato» sifatida emas, balki Sug‘d va Yevroosiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy-texnologik aloqalarni aks ettiruvchi muzey predmeti va tarixiy manba sifatida taqdim etish imkonini beradi.
Dilorom Choriyeva
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


