Almatidagi xalqaro konferensiyada Islom sivilizatsiyasi markazi vakili ishtirok etdi

Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida «XX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoning intellektual tarixi» mavzusidagi IX xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston xalqining buyuk farzandi, atoqli shoir, yozuvchi, olim va jamoat arbobi O‘ljas Sulaymonov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjuman Markaziy Osiyo xalqlarining intellektual va madaniy merosini o‘rganish, mintaqada shakllangan ilmiy-falsafiy tafakkur an’analarini zamonaviy nuqtai nazardan talqin qilish hamda ularni kelgusi avlodlarga yetkazish masalalarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydonga aylandi.
Konferensiya YUNESKO shafeligidagi Xalqaro madaniyatlarni yaqinlashtirish markazi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Anjumanda olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, faylasuflar, jurnalistlar, jamoat arboblari va ta’lim sohasi vakillari qatnashdi. Xususan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya va Tojikistondan mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov «O‘ljas Sulaymonov ijodida turkiy-islom sivilizatsiyasi mavzusi» nomli ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada O‘ljas Sulaymonov ijodi faqat adabiy hodisa sifatida emas, balki Yevroosiyo xalqlarining umumiy tarixiy xotirasi, tillar va madaniyatlarning o‘zaro ta’siri, Buyuk dasht va islom sivilizatsiyasi o‘rtasidagi ko‘p asrlik munosabatlarni anglashga xizmat qiluvchi yirik intellektual meros sifatida tahlil qilindi.
Rustam Jabborov o‘z ma’ruzasida O‘ljas Sulaymonov ijodidagi eng muhim g‘oyalardan biri — xalqlar va sivilizatsiyalar tarixini bir-biridan ajratilgan holda emas, balki doimiy muloqot va o‘zaro ta’sir jarayoni sifatida ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Xususan, adibning mashhur «Az i Ya» asari misolida Rus va Buyuk dasht munosabatlari faqat qarama-qarshilik va harbiy to‘qnashuvlar bilan cheklanmagani, bu hududlarda savdo, siyosiy ittifoqlar, qarindoshlik aloqalari, ikki tillilik va madaniy almashinuvlar ham mavjud bo‘lgani ta’kidlandi.
Ma’ruzada turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rniga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
X–XI asrlardan boshlab turkiy dunyo islomni qabul qilish bilan birga, uning ilmiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyotida faol ishtirok eta boshladi. Qoraxoniylar davrida Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asari, Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari kabi buyuk yodgorliklar yaratildi. Arab ilmiy an’analari, fors adabiy muhiti va turkiy til hamda tafakkur uyg‘unlashib, o‘ziga xos turkiy-islom madaniy sintezini yuzaga keltirdi.
Shu jihatdan ma’ruzada turkiy xalqlar islom sivilizatsiyasiga tashqi yoki ikkinchi darajali unsur emas, balki uning yirik bunyodkor kuchlaridan biri bo‘lgani ta’kidlandi.
Koshg‘ar, Bolosog‘un, Buxoro va Samarqand singari shaharlar ilm-fan, savdo, hunarmandchilik, adabiyot va ma’naviy hayot markazlariga aylandi. Turkiy sulolalar tomonidan barpo etilgan madrasalar, kutubxonalar, karvonsaroylar va savdo yo‘llari esa odamlar bilan birga kitoblar, bilimlar va g‘oyalarning ham keng hududlarda harakatlanishiga xizmat qildi.
Ma’ruzada Amir Temur va Temuriylar davri ham turkiy-islom sivilizatsiyasi tarixining muhim bosqichi sifatida qayd etildi.
O‘ljas Sulaymonov she’riyatida Amir Temur obrazining uchrashi misolida Sharq va G‘arb tarixining o‘zaro munosabati, tarixiy shaxslarni turli sivilizatsiya nuqtai nazaridan baholash masalalari tahlil qilindi. Shu bilan birga, Temuriylar davrida Samarqandning yirik madaniy va ilmiy markazga aylangani, Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi va Alisher Navoiy ijodi orqali turkiy til, adabiyot va ilm-fanning yuksak bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Ma’ruzaning muhim qismlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlandi.
Markazni tashkil etish tashabbusi 2017-yilda ilgari surilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadlaridan biri xalqimizning ko‘p ming yillik tarixi, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi hamda boy madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishdan iborat. Prezidentning rasmiy axborotlarida ham Markaz O‘zbekistonning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va tarixiy xotirasini birlashtiruvchi yirik ma’rifiy majmua sifatida ta’riflangan.
Ta’kidlanganidek, Markazning vazifasi faqat noyob qo‘lyozmalar, kitoblar va tarixiy artefaktlarni namoyish etish bilan cheklanmaydi. U islom sivilizatsiyasining umuminsoniy mazmunini ilmiy asosda o‘rganish, buyuk allomalar merosini tadqiq etish, xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilish, xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazish hamda tarixiy merosni zamonaviy avlodga yetkazish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Shu ma’noda, O‘ljas Sulaymonovning xalqlar tarixini bir-biridan ajratib emas, o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganish, madaniyatlarni bir-biriga qarshi qo‘ymasdan ular o‘rtasidagi ko‘p asrlik muloqotni ochib berishga qaratilgan g‘oyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari bilan hamohang ekani ta’kidlandi.
Buyuk madaniyatlar hech qachon yakka holda shakllanmagan. Ular doimo bir-biri bilan muloqotda bo‘lgan, bir-biridan o‘rgangan va bir-birini boyitgan. O‘ljas Sulaymonov ijodi bizni ana shu haqiqatga qayta-qayta olib keladi, — dedi Rustam Jabborov o‘z ma’ruzasida.
Uning ta’kidlashicha, turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini xolis o‘rganish butun Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ilmiy va madaniy merosini yanada teran anglash imkonini beradi.
Konferensiya ishtirokchilari O‘ljas Sulaymonovning adabiy, ilmiy va falsafiy merosini tadqiq etish, uni ta’lim jarayonlariga kengroq olib kirish hamda Markaziy Osiyo ziyolilari intellektual merosini xalqaro miqyosda o‘rganishni davom ettirish zarurligini qayd etdilar. Anjuman doirasida «Oljasshunoslikka kirish» nomli ilk o‘quv qo‘llanma-xrestomatiya ham taqdim etildi.


