Tarixiy manbalar va ilmiy meros: Islom sivilizatsiyasi markazida 130 ga yaqin nashr taqdiri muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 2026-yil yakuni hamda 2027-yilda chop etilishi rejalashtirilayotgan 130 ga yaqin nashrning tayyorgarlik jarayoni, ularning ilmiy va tahririy sifati, nashrga tavsiya etish hamda chop etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov jamoada mehnat qilayotgan ustoz va olimlarni 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
Tabrikda ustoz va olimlarning ilm-fan va ma’rifat taraqqiyoti, milliy ilmiy maktablarning davomiyligi, tarixiy va madaniy merosni chuqur o‘rganish hamda uni kelgusi avlodlarga yetkazishdagi muhim o‘rni alohida ta’kidlandi. Markaz direktori ustoz va olimlarga mustahkam sog‘lik, ilmiy faoliyatida yangi izlanishlar va yuksak natijalar tiladi.
Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan nashriyot loyihalari Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois har bir kitobni tayyorlash va nashr etish jarayoniga alohida mas’uliyat bilan yondashish, uning ilmiy qiymati va mazmunan puxtaligini ta’minlash talab etiladi.
Yig‘ilishda jami 130 ga yaqin nashrning har biri bo‘yicha batafsil ma’lumotlar ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026-yil oxirida va 2027-yilda chop etilishi rejalashtirilgan kitoblarning tayyorgarlik darajasi, mualliflari, agar tarjima asar bo‘lsa, tarjimonlari, muharrirlari va ilmiy muharrirlari haqida axborotlar tinglandi.
Shuningdek, har bir nashrni tayyorlashda mas’ullarni aniq belgilash, tarjima va tahrir ishlarini sifatli tashkil etish, manbalar bilan ishlash jarayonini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy va madaniy merosimizni namoyish etadigan maskan, balki ilmiy tadqiqotlar va ma’rifiy faoliyatni birlashtiruvchi yirik ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanishi kerak. Shuning uchun Markaz tomonidan chop etiladigan har bir kitobga yuksak mas’uliyat bilan yondashishimiz zarur. Har bir nashr ilmiy jihatdan puxta, manbalarga asoslangan, tahrir va tarjima nuqtai nazaridan mukammal bo‘lishi, eng muhimi, milliy ilmiy merosimizni zamonaviy avlodga munosib tarzda yetkazishi kerak, — dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Yig‘ilishda nashrlarni qaysi nashriyotlarda chop etish, bosma jarayonini tashkil qilish va tender masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Har bir kitob belgilangan tartibda maxsus tenderga qo‘yilishi va tender natijalari asosida nashrga topshirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, har bir nashrning chop etilishidan oldin Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi muhimligi qayd etildi. Komissiyaning tegishli xulosasi va qarori olinganidan keyingina kitobni nashr jarayoniga yo‘naltirish belgilandi.
Bunda asarning ilmiy mazmuni, tarixiy faktlarning aniqligi, foydalanilgan manbalarning ishonchliligi, tarjima sifati, tahrir darajasi va matnning imloviy xatolardan xoli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.
Muhokamalar davomida tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega asarlarni qayta nashrga tayyorlashda zamonaviy ilmiy yondashuvni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, Amir Temurning «Temur tuzuklari», Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga sayohatiga oid asari, Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» kabi muhim manbalarni nashrga tayyorlashda ularga maxsus kirish qismlari yozish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur kirish qismlarida asarning yaratilish tarixi va ilmiy ahamiyati bilan bir qatorda, keyingi yillarda amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar va yangi topilmalar ham o‘z aksini topishi kerak.
Jumladan, «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asarini qayta nashrga tayyorlashda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi bilan bog‘liq yangi tadqiqotlar, O‘zbekistonda hamda xorijda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini keng yoritish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yaqinda aniqlangan yangi manbalarni ilmiy muomalaga kiritish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, Alishoh Xorazmiy Buxoriyning «Bustonul-munajjimiyn» asari bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni ilmiy nashrlarda aks ettirish muhimligi qayd etildi.
«Temur tuzuklari»ni nashrga tayyorlashda esa asarning turkiy tildagi tarjimalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi aytildi. Xususan, XIX asrning ikkinchi yarmida Xo‘jandda amalga oshirilgan turkiy tarjimani mazkur nashr tarkibiga kiritish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli olimlarning ilmiy merosini qayta nashr etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Pugachenkova, Rtveladze, Hamid Sulaymonov kabi mashhur olimlarning ilmiy asarlarini qayta nashrga tayyorlash va ularga zamonaviy tadqiqotlar asosida maxsus kirish qismlari yozish zarurligi ta’kidlandi.
Bunday yondashuv orqali nafaqat ilmiy merosni asrab qolish, balki uni yangi avlod tadqiqotchilari uchun yanada qulay va mazmunli manbaga aylantirish maqsad qilinmoqda. Ayni paytda tarixiy asarlarni zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish ularning bugungi kun uchun ahamiyatini yanada kengroq ochib berish imkonini beradi.
Yig‘ilish yakunida har bir nashr bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi. Kitoblarni tayyorlash, ilmiy-tahririy ekspertizadan o‘tkazish, maxsus komissiya ko‘rigidan o‘tkazish, tender jarayonlarini tashkil etish hamda nashrga topshirish bo‘yicha keyingi vazifalar aniqlashtirildi.
Shu tariqa, Islom sivilizatsiyasi markazida tayyorlanayotgan 130 ga yaqin nashrni yuqori ilmiy va tahririy talablar asosida nashrga tayyorlash, tarixiy manbalarni yangi tadqiqotlar bilan boyitish va milliy ilmiy merosni keng jamoatchilik hamda xalqaro ilmiy doiralarga yetkazish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.


