Markaz ilmiy xodimi «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’lim va ilm-fan sohasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan professor-o‘qituvchilar, olimlar va murabbiylarning faoliyati e’tirof etildi.
Quvonarlisi, mazkur tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Saidaxbor Bulatov ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va ilmiy-ma’rifiy faoliyatga qo‘shgan munosib hissasi uchun «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyoti, yosh avlodni ma’nan yetuk va bilimli etib tarbiyalash, shuningdek, ilm-fan rivojidagi muhim o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar «Xalq ta’limi a’lochisi», «Oliy ta’lim a’lochisi», «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishonlari hamda universitet rektori tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi Saidaxbor Bulatovni yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etadi va ilmiy-pedagogik faoliyatida yangi yutuqlar tilaydi.


