

Yangiliklar
35 yillik taraqqiyot fotoko‘rgazmada aks etdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini aks ettiruvchi «Yangi O‘zbekiston shukronaligi» fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Fotoko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan nashr etilgan «Mustaqillik zafarnomasi» kitob-albomi asosida tayyorlangan.
Ekspozitsiyada yurtimizning boy tarixiy merosi va mustaqillik yillaridagi yangilanishlar yagona vizual hikoyaga birlashtirilgan. Fotosuratlarda mamlakat hayotining turli davrlari, bunyodkorlik jarayonlari, zamonaviy shaharsozlik, ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar, insonlar turmushidagi yangilanishlar hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyati aks etgan.
Shu tariqa, ko‘rgazma tomoshabinni alohida voqealar emas, balki 35 yillik yaxlit taraqqiyot manzarasi bilan yuzma-yuz qo‘yadi. Bir suratda — tarixiy xotira, boshqasida — bugungi taraqqiyot. Ularni birlashtirib turgan asosiy mazmun esa mustaqillik yillarida shakllangan yangi voqelikdir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Zikirova Maxfirat fotoko‘rgazmaning g‘oyaviy mazmuniga to‘xtalib, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadni shunday izohladi:
“Mustaqillik zafarnomasi” kitob-alьbomiga kiritilgan fotosuratlar asosida bugun “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” ko‘rgazmasini tashkil etyapmiz. Unda mustaqillik davrida erishilgan natijalar, bunyodkorlik ishlari va yurtimiz hayotidagi muhim o‘zgarishlar aks etgan.
Biz bu ko‘rgazma orqali bugungi ozod, obod, tinch va farovon hayotning qadriga yetish, aholi, ayniqsa, yoshlarda shukronalik, faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytirishni maqsad qilganmiz».
Uning ta’kidlashicha, fotoko‘rgazmaning aholi gavjum joylari va ta’lim muassasalarida namoyish etilishi uning auditoriyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
«Maqsadimiz — ko‘proq insonlar yurtimizda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini, qanday yutuqlarga erishayotganimizni ko‘rishi. Ayniqsa, bugun O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan qiziqish ortib borayotganini ham ko‘rib turibmiz.
Buni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlar misolida ham kuzatish mumkin. Bugunning o‘zida Markazga tashrif buyurgan bir nechta xorijiy mehmonlar guruhi ushbu fotoko‘rgazma bilan tanishdi. Bu esa yurtimizdagi yangilanishlar va bunyodkorlik ishlari xorijlik mehmonlarda ham qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi», — deydi u.
«Yangi O‘zbekiston shukronaligi» fotoko‘rgazmasi mustaqillik yillarini fotosuratlar tilida hikoya qiladigan vizual solnomadir. Unda o‘tgan davr xotirasi, bugungi kun voqeligi va mamlakat taraqqiyotining turli qirralari bir makonda uyg‘unlashgan.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.