Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

«O‘zbekiston tarixini yosh avlodga yetkazish nihoyatda muhim» — «Orientations» jurnali noshiri

02.10.2026, 15:54513
«O‘zbekiston tarixini yosh avlodga yetkazish nihoyatda muhim» — «Orientations» jurnali noshiri

Yarim asrdan ortiq vaqt davomida Osiyo san’ati, madaniy merosi va tarixiy qadriyatlarini xalqaro auditoriyaga tanishtirib kelayotgan Gonkongning nufuzli «Orientations» jurnali noshiri va muharriri Yifon Li O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Yifon Li Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, Islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, uning turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari, Movarounnahr zaminida ilm-fan, madaniyat va tafakkur ravnaqiga hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosiga e’tibor qaratdi.

Osiyo san’ati va madaniy merosiga ixtisoslashgan xalqaro nashr rahbari sifatida Yifon Lining ekspozitsiyalarga kasbiy qiziqish bilan yondashgani tabiiy. «Orientations» jurnalida Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo xalqlarining san’ati hamda madaniy merosi keng yoritib kelinadi.

Tashrifning alohida qismi Markazda yosh avlod uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishuvga bag‘ishlandi. Yifon Li bolalar maydonchasidagi yondashuvlar bilan tanishib, tarixiy va ilmiy mazmunni yosh auditoriyaga yetkazishda interaktiv va vizual vositalarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, u Markaz kutubxonasi faoliyati, uning zamonaviy konsepsiyasi va foydalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Ayniqsa, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar mehmonda qiziqish uyg‘otdi.

Tashrifning yakuniy qismida Yifon Li bilan muloqot o‘tkazilib, Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, tarixiy va madaniy merosni xalqaro jamoatchilikka yetkazish, zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalanish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Yifon Li suhbat davomida O‘zbekistondan olgan taassurotlari, Markazda ko‘rganlari va mamlakatning boy madaniy merosi haqida «Orientations» jurnalida alohida material tayyorlash niyati borligini bildirdi.

Avvalo, bu maskanni tomosha qilish uchun ikki soatning o‘zi yetarli emas, deb o‘ylayman. Bu yerda butun kunni o‘tkazish mumkin. Markaz juda katta va bebaho ma’lumotlar xazinasiga o‘xshaydi.

Ayniqsa, mamlakat tarixini yosh avlodga yetkazish juda muhim. Chunki bugungi yoshlarning aksariyati telefonda o‘yin o‘ynash yoki ijtimoiy tarmoqlarni tomosha qilishga ko‘proq vaqt ajratadi. Shunday ekan, ularga o‘z madaniyati va tarixini bilish, o‘zbek ekanidan hamda ushbu boy islomiy madaniyatning davomchisi ekanidan faxrlanish tuyg‘usini singdirish nihoyatda muhim.

O‘zbekistondan tashqarida ham mamlakatning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan ajoyib ko‘rgazmalarni ko‘rdim. Masalan, bir-ikki yil avval Britaniya muzeyida Ipak yo‘liga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilgandi.

Menimcha, O‘zbekiston madaniyatining bir qismini xorijliklarga namoyish etish juda yaxshi tashabbus. Bunday ko‘rgazmalar odamlarni mamlakatingizga tashrif buyurishga qiziqtirishi, O‘zbekistonning tarixi va madaniyatini yanada kengroq tanitishi mumkin.

Men faoliyat yuritadigan «Orientations» jurnali Osiyo san’atiga bag‘ishlangan ilmiy nashr bo‘lib, unda Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo kabi keng hududlarning san’ati va madaniy merosi yoritiladi.

Shu sababli Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jurnalimizda alohida material tayyorlab, uni yanada kengroq auditoriyaga tanishtirishni istardim. Bu yerda ko‘rganlarim va olgan taassurotlarimni o‘quvchilarimiz bilan bo‘lishish men uchun qiziqarli bo‘ladi, — deydi «Orientations» jurnali noshiri va muharriri Yifon Li.

Gonkong

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14818
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12213
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9941
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7971
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma