Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Barcha uchun teng imkoniyat: O‘zbekiston Karlar jamiyati vakillari Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi

04.10.2026, 18:08819
Barcha uchun teng imkoniyat: O‘zbekiston Karlar jamiyati vakillari Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida barcha tashrif buyuruvchilar uchun teng va qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, imkoniyati cheklangan insonlarning Markaz ekspozitsiyalaridan to‘laqonli bahramand bo‘lishi uchun inklyuziv muhitni yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilgan.

Bugun Markazga O‘zbekiston Karlar jamiyati vakillari hamda jamiyat a’zolaridan iborat delegatsiya tashrif buyurib, Markaz ekspozitsiyalari, zamonaviy texnologiyalar va imkoniyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlarga Markazning tarixiy-madaniy merosimizni aks ettiruvchi ekspozitsiyalari, noyob eksponatlar va interaktiv texnologiyalar haqida surdotarjimon orqali ma’lumot berildi.

Markazda eshitish qobiliyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun surdotarjimonlar xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ular tashrif buyuruvchilarga ekspozitsiyalar haqidagi ma’lumotlarni surdo tilida yetkazib, ekskursiya jarayonida hamrohlik qiladi.

Markazning kichik ilmiy xodimi Azizjon To‘rayevning ta’kidlashicha, ayni paytda eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan yangi innovatsion loyiha — AI-avatar ustida ish olib borilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barcha tashrif buyuruvchilar uchun teng sharoitlar yaratish yo‘lida harakat qilmoqda. Hozirda eshitish qobiliyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun surdotarjimonlarimiz bor. Ular mehmonlarga surdo tilida ma’lumot berib, ekskursiya davomida hamrohlik qiladi. Shu bilan birga, ayni paytda yangi innovatsion loyiha — AI-avatar ustida ish olib borilmoqda. U sun’iy intellekt yordamida eshitish qobiliyati cheklangan insonlarga real vaqt rejimida surdo tilida ma’lumot uzatish imkonini beradi, — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi kichik ilmiy xodimi Azizjon To‘rayev.

Tashrif davomida mehmonlar Markazda yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Bugun Islom sivilizatsiyasi markaziga kelganimdan juda xursand bo‘ldim. Juda chiroyli joy ekan. Biz tarjimonlar bilan birga barcha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Juda katta taassurot oldim. Bizga shunday imkoniyatlar yaratib berilayotganidan juda xursandman, — dedi O‘zbekiston Karlar jamiyati a’zosi Gulnoza Mustakimova.

Yana bir tashrif buyuruvchi Oydin Xudoyberganova ham Markazda imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Bizning katta rahmatimiz Prezidentimizga. Shunday sharoitlar yaratib berganlari uchun juda minnatdormiz. Bizga o‘xshagan insonlar ham kelib, Markazni ko‘rishsa, juda xursand bo‘lamiz. Bu yerda juda katta taassurot oldik. Katta rahmat, — dedi Oydin Xudoyberganova.

Aytish joizki, Markazda imkoniyati cheklangan tashrif buyuruvchilarning fikr va takliflari muntazam o‘rganilib, ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mavjud sharoitlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Markazning tashqi va ichki hududlarida harakatlanish uchun maxsus sharoitlar yaratilgan. Kirish-chiqish va harakatlanish joylaridagi maxsus qurilmalarning texnik holati muntazam tekshirib boriladi. Shuningdek, tegishli vakillar ishtirokida o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida zarur choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston Karlar jamiyatining joriy yil 9 iyundagi murojaati asosida tashkil etilgan mazkur tashrif jamiyatning turli hududlaridan keluvchi a’zolar uchun Markazda ma’rifiy sayohatlar tashkil etish, ekskursiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish va eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy va madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali keng namoyish etish bilan birga, turli ehtiyojlarga ega tashrif buyuruvchilar uchun ham ochiq va qulay muhit yaratishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14826
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12220
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9948
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7979
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma