Xalqaro reyting ekspertlari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi
O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro reyting va moliyaviy tahlil sohasi vakillari mamlakatning nafaqat iqtisodiy salohiyati, balki boy tarixiy, ilmiy va madaniy merosi bilan ham yaqindan tanishdilar. Xususan, S&P Global xalqaro reyting agentligi va Citi Global suveren reyting konsalting guruhi vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlar Markazning me’moriy yechimi, ekspozitsiya zallari, noyob qo‘lyozmalar va artefaktlar, buyuk allomalarning ilmiy merosi, Renessans davrlari hamda O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni yaqindan ko‘rdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va alohida e’tibori bilan barpo etilgan Markaz bugun nafaqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan, balki islom sivilizatsiyasi tarixini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy muloqotni rivojlantirish va yangi bilimlarni avlodlarga yetkazishga xizmat qiluvchi yirik ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida shakllanmoqda.
S&P Global xalqaro reyting agentligining suveren kredit reytingi guruhi direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo‘yicha bosh tahlilchi Juliya Filokka Markazdagi taassurotlarini shunday ifodaladi:
«Bu dunyo bo‘ylab ko‘rgan eng go‘zal muzeylarimdan biri bo‘ldi. Men ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman, ko‘p sayohat qilganman. Ammo O‘zbekistonning bunday boy tarix va madaniyatga ega ekanini tasavvur qilmagan ekanman. Markazning har bir qismidagi detallar, ekspozitsiyalarning bezagi va umumiy muhit juda katta taassurot qoldirdi.
Men uchun eng noyob qism — eng qadimiy Qur’on namoyish etilgan zal bo‘ldi. U yerdagi yorug‘liklar namoyishi bilan uyg‘unlashgan ekspozitsiya haqiqatan ham ajoyib. Buni O‘zbekistonga kelgan har bir insonga tavsiya qilgan bo‘lardim. O‘zim ham bu yerga yana qaytishni istayman».
Citi Global suveren reyting konsalting guruhi boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Jerard Arabian esa ekspozitsiyalarda tarix va bugungi taraqqiyotning o‘zaro bog‘liq holda namoyon etilganiga e’tibor qaratdi:
«Bu juda go‘zal va mazmunan boy maskan. Bu yerda Islom tarixi va uning O‘zbekiston tarixi bilan qanday uyg‘unlashgani haqida juda ko‘p ma’lumot oldik. Eng muhimi, qadimgi O‘zbekistondan bugungi Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan jarayonlar bir-biri bilan bog‘liq holda namoyon etilgan.
Markazni barpo etish uchun juda katta mehnat qilingani ko‘rinib turibdi. Men uchun eng qiziqarli jihatlardan biri O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan qism bo‘ldi. U yerda mamlakatning bugungi iqtisodiy salohiyati qanday shakllangani, erishilgan natijalar va zamonaviy O‘zbekistonning rivojlanish jarayonini ko‘rish mumkin. Bu juda qiziqarli tajriba bo‘ldi».
Xalqaro reyting ekspertlarining fikrlari Markazda tarix va zamonaviy taraqqiyotning uzviy bog‘liq holda talqin etilishini yana bir bor ko‘rsatadi. Bu yerda tarix o‘tmish haqidagi ma’lumotlar majmui sifatida emas, bugungi voqelikni anglash va kelajak haqida fikr yuritishga undaydigan bilim manbai sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muhim vazifalaridan biri — ajdodlarimizning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda O‘zbekistonning boy sivilizatsion tajribasini xalqaro ilmiy hamjamiyatga keng namoyish etishdir.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — tarixni tomosha qiladigan emas, tarix orqali bugunni anglaydigan va kelajak haqida fikr yuritadigan makon.






