Rossiya imperatorlik uyi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob san’at asarini taqdim etdi
Rossiya Imperatorlik uyi rahbari, Buyuk knyaginya Mariya Vladimirovna O‘zbekistonga tashrif buyurganidan so‘ng, uning devonxonasi maslahatchisi Kirill Kirillovich Nemirovich-Danchenko O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob san’at asarini taqdim etdi. «Ismi A’zam» deb nomlangan ushbu asarda Alloh taoloning 99 ta go‘zal ismi tasvirlangan.
Mazkur san’at asari Tatariston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Vinera Abdulina tomonidan yaratilgan. U Rossiya Imperatorlik uyi rahbari devonxonasi tomonidan Buyuk knyaginya Mariya Vladimirovnaning O‘zbekistonga tashrifi xotirasiga bag‘ishlab, Rossiya musulmonlari nomidan Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg‘a sifatida taqdim etildi.
Asar islom madaniyatining qadimiy ma’naviy an’analaridan birini badiiy tarzda aks ettiradi. Allohning 99 ta go‘zal ismining badiiy tasviri asrlar davomida turli shakllarda rivojlanib, musulmon xalqlarining madaniy merosining ajralmas qismiga aylangan. Haykaltarosh Vinera Abdulina ushbu an’anani zamonaviy badiiy yondashuv bilan uyg‘unlashtirgan.
Sovg‘ani Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov shaxsan qabul qilib oldi.
Uchrashuv davomida Kirill Nemirovich-Danchenko Markaz ko‘rgazmasini yuqori baholab, uning ko‘lami, me’moriy yechimi hamda tarixiy materiallarni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish konsepsiyasini alohida ta’kidladi. U Markaz konsepsiyasini birgina g‘oya yoki ta’rifga sig‘dirish qiyinligini, bu yerda O‘zbekiston tarixi va qadimiy madaniyati milliy kontekstda namoyish etilishi bilan birga, mintaqaviy va global sivilizatsiya jarayonlari bilan ham bog‘langanligini qayd etdi.
Rossiya Imperatorlik uyi rahbari devonxonasi maslahatchisi Kirill Kirillovich Nemirovich-Danchenko shunday dedi:
Rossiya musulmonlari iltimosiga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markaziga ushbu sovg‘ani taqdim etishdan hamda Respublikaga tashrifi chog‘ida Imperatorlik Oliy Hazratlariga ko‘rsatilgan samimiy va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirishdan mamnunmiz. O‘zbekiston va sizning Markazingiz rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan Respublika Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik bildirmoqchimiz. Muhtaram Prezidentimizning dunyodagi eng yirik ilmiy va muzey majmualaridan birini barpo etish, qurish va rivojlantirish yo‘lida qanchalik katta kuch va g‘ayrat sarflaganliklari barchaga yaxshi ma’lum.
Mazkur Markaz shunchalik ulug‘vor va mazmunan boyki, uning ahamiyatini birgina tushuncha yoki g‘oya doirasida ifodalash qiyin. Biroq, Markazingizning eng muhim maqsadi — ajdodlarimizning tarixiy merosini asrab-avaylash hamda zamondoshlarimizning madaniy va ma’naviy dunyoqarashini boyitishdan iborat ekanligida hech qanday shubha yo‘q.
Markaz ekspozitsiyasida an’anaviy muzey namoyishi tamoyillari va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unlashuvini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bunday yondashuv taqdim etilayotgan materiallarni tashrif buyuruvchilar uchun yanada tushunarli va yaqin qiladi, ularga tarixiy mazmunga chuqurroq kirib borish hamda uni bugungi kun bilan bog‘lash imkonini beradi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish xotirasi, shubhasiz, Buyuk knyaginya Mariya Vladimirovnaning qalbida abadiy saqlanib qoladi hamda uning O‘zbekiston — qadimiy tarix, boy ma’naviy meros, noyob madaniyat va Oliy Hazratlarini o‘zgacha samimiyat hamda chin mehmondo‘stlik bilan kutib olgan xalq haqidagi xotiralarining ajralmas qismiga aylanadi.


