Daniya tashqi ishlar vaziri Toshkentda o‘z yurtining 100 yillik izlariga duch keldi
Daniya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Lars Rasmussen O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, unda bundan bir asr avval Markaziy Osiyoga sayohat qilgan daniyalik sayyoh va tadqiqotchi Ole Olufsenga oid tarixiy materiallar, jumladan, uning sayohatlari davomida olgan fotosuratlari namoyish etilganini ko‘rib, bu tarixiy bog‘liqlikka munosabatini bildirdi.
Daniya tashqi ishlar vaziri boshchiligida delegatsiyaga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiyaga Markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamrohlik qildi va ularga Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasining asosiy konsepsiyasi, uning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi allomalarning jahon ilm-fani va islom tafakkuri rivojidagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tashrifning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri Daniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga oid eksponatlar bo‘ldi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Markaz ekspozitsiyalarida bundan bir asrdan ortiq vaqt avval Markaziy Osiyoga sayohat qilgan daniyalik sayyoh va tadqiqotchi Ole Olufsenga oid tarixiy materiallar, jumladan, uning sayohatlari davomida olgan fotosuratlari namoyish etilganini ko‘rib, bu tarixiy bog‘liqlikni alohida qayd etdi.
Markazda mening yurtim — Daniya bilan bog‘liq juda ko‘plab tarixiy aloqalarni ko‘rganimdan hayratlandim. Shulardan biri — bundan yuz yildan ko‘proq vaqt avval ushbu mintaqaga sayohat qilgan daniyalik sayyoh Ole Olufsen, — dedi Lars Rasmussen.
Olufsen Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilib, mintaqaning tabiati, shaharlari, aholisi va madaniy hayotini aks ettiruvchi ko‘plab fotosuratlarni qoldirgan. Bugun ularning ayrimlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalaridan o‘rin olgan.
Rasmussen uchun bu holat ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar zamonaviy diplomatik munosabatlardan ancha oldin boshlanganini ko‘rsatuvchi tarixiy misol sifatida ahamiyatli bo‘ldi.
Uning ta’kidlashicha, Olufsenning Markaziy Osiyo sayohati davomida olgan fotosuratlarining bugun Markaz ekspozitsiyasidan o‘rin olgani Daniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni yana bir bor namoyon etadi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Markazdagi ekspozitsiyalarning yana bir muhim jihati sifatida islom sivilizatsiyasining ilm-fan va taraqqiyot bilan bog‘liq tarixini ko‘rsatishga qaratilgan yondashuvni qayd etdi.
“Odamlarga islom faqat din emas, balki ilm-fan, ma’rifat va taraqqiyot bilan ham chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatish g‘oyasi menga juda katta taassurot qoldirdi”, — dedi u.
Rasmussen, shuningdek, Markazda O‘zbekiston zaminida yashab ijod qilgan allomalar tomonidan amalga oshirilgan ilmiy kashfiyotlar va ixtirolar haqida ma’lumot olish mumkinligini ta’kidladi.
“Bu yerda sizlarning ajdodlaringiz tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab ilmiy kashfiyotlar va ixtirolar haqida bilish mumkin. Men uchun bu haqiqatan ham juda qiziqarli va katta taassurot qoldirgan tajriba bo‘ldi”, — dedi Daniya vaziri.
Rasmussen Markaz konsepsiyasini O‘zbekistonning tarixiy merosini xalqaro auditoriyaga yetkazish bilan birga, bugungi dunyo uchun muhim bo‘lgan muloqot va hamkorlik g‘oyalari bilan ham bog‘ladi.
“Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu markazni barpo qilar ekan, dunyo hamjamiyatiga bir xabar yetkazishni maqsad qilgan. Bu — o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik va bag‘rikenglik xabari”, — dedi u.
Uning fikricha, bunday maskanlar turli mamlakatlar va avlodlar o‘rtasidagi tarixiy hamda madaniy aloqalarni yaxshiroq anglashga xizmat qilishi mumkin.
Tashrif yakunida Daniya tashqi ishlar vaziri Markazning hajmi va ekspozitsiyalari kengligini ham qayd etdi.
“Yana bir jihatni aytishim kerak: men Markazning hatto uchdan bir qismini ko‘rdim, xolos. Shuning uchun bu yerga yana qaytib kelishim kerak”, — dedi u.
Rasmussen O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan birinchi daniyalik vazir ekanini ham ta’kidlab, tashrif ikki mamlakat munosabatlarida yangi muloqot va hamkorlik imkoniyatlarini ochishiga umid bildirdi.
“Umid qilamanki, bu tashrifimiz O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi yanada yaqin hamkorlikning yangi boshlanishi bo‘ladi. Kelajakda ko‘plab daniyalik yoshlarning O‘zbekistonga kelib, ushbu go‘zal majmuaga tashrif buyurishlarini istardim. Shuningdek, Daniyada saqlanayotgan tarixiy artefaktlar bilan ham o‘zbekistonliklar va boshqa mehmonlar yaqindan tanishishlari mumkin, — dedi u.
Tashrif yakunida Lars Rasmussen Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.






