Rossiyalik bosh muharrir Toshkentda farzandlari uchun haqiqiy kashfiyotni ko‘rdi
Rossiyaning «Наше наследие» jurnali bosh muharriri Sergey Burmistrov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning O‘zbekiston tarixi va islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, saqlash va zamonaviy usullarda namoyish etishga qaratilgan konsepsiyasi bilan tanishdi.
Taassurotim nihoyatda kuchli. Bu yerda ko‘rganlarimni hali ichimda qayta ishlab, anglab olishim kerak. Eng muhimi, bu makonda O‘zbekiston merosi va zamonaviy texnologiyalar g‘oyat ta’sirchan tarzda uyg‘unlashgan. Bu yerda haqiqatan ham kelajak nafasi seziladi. Markazning ko‘lami kishini hayratga soladi. Ayniqsa, bugungi kunda O‘zbekistonda amaliy-bezak san’ati va me’morlik sohasida shunchalik ko‘p mahoratli ustalar borligiga guvoh bo‘lish juda ta’sirli. Men uchun yana bir muhim jihat — Markazda zamonaviy interaktiv texnologiyalar keng qo‘llanilgani bo‘ldi. Bu texnologiyalar tarixni oddiy tomosha qilish emas, uni anglash va tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Farzandlarimni bu yerga olib kelib, Markazni ko‘rsatgan bo‘lardim. O‘ylaymanki, ular uchun bu haqiqiy kashfiyot bo‘ladi, — dedi Sergey Burmistrov.













