Rossiyalik kutubxona mutaxassislari O‘zbekistonda muzey va kutubxona integratsiyasi bilan tanishdi
Tarixiy merosni saqlash, uni ilmiy o‘rganish va yangi avlodga tushunarli tarzda yetkazish — muzey va kutubxonalarni birlashtiradigan muhim vazifa. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Rossiya kutubxona mutaxassislarining tashrifi ana shu vazifalarni amalga oshirish tajribasi, zamonaviy kutubxona xizmatlari va xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi.
3–11 oktyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan «Zamonaviy inson hayotida kutubxona. Rossiya va O‘zbekiston tajribasi» kasbiy rivojlanish dasturi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Rossiya kutubxonalarining rahbarlari va mutaxassislaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Sankt-Peterburg, Moskva, Yekaterinburg, Tyumenь, Orenburg va Tomsk shaharlari vakillarini birlashtirgan delegatsiyaga Rossiya kutubxonalar uyushmasi boshqaruvi a’zosi, uyushmaning xalqaro hamkorlik seksiyasi raisi Svetlana Goroxova rahbarlik qildi. Dastur kutubxonalar o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish, ilmiy, nashrchilik va ma’rifiy loyihalar bo‘yicha tajriba almashish hamda mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan.
Tarixni namoyish etish va uni his qilish
Tashrif avvalida mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekistonga bag‘ishlangan bo‘limlar, Qur’oni karim zalidagi nodir meros namunalari delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya davomida tarixiy ashyolar va qo‘lyozmalarni namoyish etishda qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar, tashrifchini mustaqil izlanishga undaydigan interaktiv yechimlar mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi. Ular bunday yondashuv tarixni tomosha qilish bilan cheklanmay, uni anglash va madaniy meros bilan yaqinroq tanishish imkonini berishini qayd etdilar.
Irina Mixnova, Rossiya kutubxonalar uyushmasi vitse-prezidenti, Butunrossiya kutubxona kadrlar salohiyati markazi rahbari:
«Markazda tarixiy meros chuqur ilmiy asosda yoritilgan va bu ham matnlarda, ham tarixiy ashyolarda namoyon bo‘ladi. Tarixiy ma’lumotni taqdim etish shakli yoshlarning qabul qilishi va qiziqishlariga mos. Bu yerda mustahkam tarixiy asos ta’sirchan vizual yechimlar bilan uyg‘unlashgan. Moskvada ekanimda, yoshlar kutubxonasi bilan bunday Markaz kutubxonasi o‘rtasida qanday hamkorlik bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagan edim. Muzey va kutubxonani ko‘rganimdan keyin esa yoshlarimiz bu yerga kelsa, naqadar yaxshi bo‘lardi, degan fikrga keldim. Bizni birlashtirishi mumkin bo‘lgan eng muhim jihat ham shu: bu merosni Rossiya yoshlari ham, dunyo yoshlari ham ko‘rishi kerak».
Delegatsiya rahbari Svetlana Goroxova Markazda tarixga ehtirom va uni jahonga munosib taqdim etish mahorati uyg‘unlashganini ta’kidladi:
«O‘z tarixingizga bunday ehtirom bilan munosabatda bo‘lishingiz va uni butun dunyoga taqdim eta olishingiz katta hurmatga loyiq. Qadimiy merosni asrab, uni insonlarga yaqinlashtirish uchun yangi interaktiv yondashuvlardan foydalanayotganingiz bizga juda ma’qul bo‘ldi. Madaniyat muassasalarining asosiy vazifasi — ajdodlar merosini yangi avlod bilan muloqot orqali yetkazishdir. Inson tarix bilan faol tanishib, uni o‘rganish jarayonida ishtirok etsa, bu merosni o‘ziga yaqin his qila boshlaydi. Ayniqsa, mamlakat Prezidentining bu ishga katta ahamiyat qaratayotgani quvonarli. Buning uchun katta rahmat».
Sankt-Peterburg shahri Viborg tumani markazlashtirilgan kutubxonalar tizimi direktori Raisa Pankova esa Markazga tashrif barcha kutganlaridan yuqori bo‘lganini bildirdi:
«Bu betakror maskanning ochilishini katta intiqlik bilan kutgan edim. Ko‘rganlarim barcha kutganlarimdan ham yuqori bo‘ldi. Bu yerda nihoyatda ulkan mehnat amalga oshirilgan. Har bir zalda Vatanga, tarixga bo‘lgan muhabbat sezilib turadi. Zamonaviy texnologiyalar bilan asrab qolingan tarixiy qadriyatlarning bunday nozik uyg‘unligi meni hayratga soldi. Menimcha, bolalarning muzey bilan ilk tanishuvi aynan shunday maskandan boshlanishi kerak: u o‘z yurtini sevishga, uning betakror tarixini bilishga va xalqidan faxrlanishga o‘rgatadi».
Kutubxona — merosni o‘rganish va yangi bilim yaratish muhiti
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markaz kutubxonasi, unda mavjud kitob fondi, mutolaa va ilmiy izlanishlar uchun ajratilgan joylar, elektron resurslar hamda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘llanilayotgan texnik vositalar bilan tanishdilar.
V. G. Belinskiy nomidagi Sverdlovsk viloyat universal ilmiy kutubxonasi direktori Olga Titova kutubxonadagi faol muhitga, ayniqsa, yoshlarning mutolaa va mustaqil ish bilan mashg‘ulligiga e’tibor qaratdi:
«Avvalo, kutubxonaning ko‘lami va bu yerdagi kitobxonlar bizda katta taassurot qoldirdi. Ularning asosiy qismi bilimga qiziquvchan yoshlar ekanini ko‘rdik: kimdir qaydlar qilyapti, kimdir kitob o‘qiyapti, yana kimdir shaxsiy kompьyuterida ishlayapti. Kompyuterlashtirilgan ish joylari va alohida, tinch hududlarning mavjudligi yoshlarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish hamda bilimni chuqurroq o‘zlashtirishda yordam beradi. Kutubxona fondida rus tilidagi adabiyotlar, jumladan, restavratsiya qilingan Mixail Lermontov kitobi borligi meni quvontirdi».
Olga Titova kutubxonaning osoyishta muhiti va zamonaviy texnik imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishini qayd etdi. U muzey ekspozitsiyalari haqidagi taassurotlariga to‘xtalib, qog‘oz va mato namunalari bilan bevosita tanishish imkoni tarixiy madaniyatni teranroq his qilishga yordam berishini ham ta’kidladi.
Ilm-fan va xalqaro muloqotga qaratilgan uchrashuv
Shuningdek, tashrif davomida «Muzeyda kutubxona va kutubxonada muzey: rivojlanish tendensiyalari» mavzusidagi muhokama ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov muloqot uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazda ilmiy tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘z yuritib, davlatimiz rahbari ilm-fan va ma’rifat rivojiga, yosh avlodni bilimli va ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu maskan bilan tanishgan har bir inson islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi. Shu nuqtai nazardan, Markaz direktori madaniy merosni ilmiy o‘rganish, buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini yoritish hamda islomning tinchliksevar va insonparvar mohiyatini dunyoga tanishtirish Markazning muhim vazifalari ekanini qayd etdi. Bu faoliyat islomofobiyaning oldini olishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kutubxona va muzeylar o‘rtasidagi hamkorlik esa ishonchli bilimlarni ommalashtirish, turli xalqlar tarixi va madaniyatini yaxshiroq anglashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Uchrashuvda bunday tashriflarning tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Rossiyalik kutubxonachilarni Markaz virtual kutubxonasi qiziqtirib qo‘ydi.
Uchrashuv doirasida Markazning axborot texnologiyalari mutaxassislari mehmonlarga virtual kutubxonani taqdim etdilar.
Raqamli kutubxona — Markaz ilmiy va ma’rifiy faoliyatining zamonaviy davomi: u kutubxona xizmatlarini kitobxonga masofadan ham yaqinlashtiradi. Elektron kitoblar, raqamlashtirilgan nodir nashrlar va keng elektron resurslar bazasi nodir manbalarni asrash bilan birga, ulardan foydalanishni qulaylashtirishga xizmat qiladi. Rossiyalik kutubxonachilar bu tajribaga katta qiziqish bildirdilar.
Muzey va kutubxona uyg‘unligi: uch tajriba, umumiy vazifalar
Moskvadagi N. V. Gogol uy-muzeyi direktori Vera Vikulova kutubxona va muzey faoliyatini uyg‘unlashtirish tajribasini taqdim etdi. Ma’ruzada muzey kolleksiyalari va kutubxona fondlaridan ilmiy tadqiqotlar, ko‘rgazmalar hamda ma’rifiy dasturlarda birgalikda foydalanish masalalari yoritildi. Merosni saqlash, o‘rganish va ommalashtirishning o‘zaro bog‘liqligi Markaz faoliyati uchun ham ahamiyatli yondashuv sifatida namoyon bo‘ldi.
A. S. Pushkin nomidagi Moskva kutubxona direktori Tatyana Kalashnikova «Tarixiy binoda zamonaviy kutubxona» mavzusida ma’ruza qildi. U tarixiy muhit va kutubxona an’analarini saqlagan holda bugungi kitobxon ehtiyojlariga mos xizmatlarni rivojlantirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Taqdimotda nodir nashrlar va adabiy merosni madaniy-ma’rifiy faoliyat bilan bog‘lashga e’tibor qaratildi.
Sankt-Peterburgdagi V. V. Mayakovskiy nomidagi kutubxona mutaxassisi Varvara Ryabova kutubxonalarning muzey faoliyatiga oid tadqiqotining asosiy natijalarini taqdim etdi. An’anaviy va virtual ekspozitsiyalarni tashkil etish, raqamli materiallardan foydalanish qulayligi hamda ma’lumotlarning ilmiy ishonchliligini ta’minlash masalalari yoritildi. Bu yondashuvlar muzey va kutubxona resurslarini raqamli muhitda mazmunli va tushunarli taqdim etish nuqtai nazaridan ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida har bir mehmonga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi kitob-alьbomlar taqdim etildi. Ushbu nashrlar turli mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy meros namunalarini ilmiy ma’lumotlar va tasvirlar orqali yoritadi.






