FAO rahbari O‘zbekistonga hurmat bajo keltirdi
Bir ekspozitsiya ortida butun bir davr, bir artefakt ortida esa xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi asrlar davomidagi aloqalar mujassam.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Suy Dunyu boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif chog‘ida Markazning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalar bo‘limidagi Buyuk Ipak yo‘li ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Paxtaga bag‘ishlangan installyasiya delegatsiya e’tiborini alohida tortdi. Suy Dunyu paxtaning Hindiston orqali Markaziy Osiyoga, keyinchalik esa Xitoyga kirib borgani haqida fikr bildirdi. Bu esa bir qarashda oddiy qishloq xo‘jaligi ekinlari tarixi bo‘lib ko‘ringan voqelik ortida qadimiy savdo yo‘llari va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik mujassam ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Tashrif yakunida FAO Bosh direktori «Faxriy mehmonlar» kitobida O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini quyidagi so‘zlar bilan qoldirdi:
«O‘zbekistonga hurmat bajo keltiraman! Buyuk xalq, buyuk tarix, buyuk sivilizatsiya, dunyoning gavhari, buyuk uyg‘onish».
Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi ijrochi direktori Erik Traxtenberg esa Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston tarixining jahon sivilizatsiyalari bilan mushtarak jihatlari alohida ta’sir qoldirganini ta’kidladi:
«O‘zbekistonning qadim zamonlardan bugungi kungacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘li bu yerda qanday namoyon etilganini ko‘rish katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, O‘zbekiston tarixi bilan dunyoning boshqa hududlari tarixi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni ko‘rish Markaziy Osiyoning naqadar muhim o‘rin tutganini yana bir bor eslatadi. Bu yerda turli tarixiy va madaniy bog‘liqliklar juda ta’sirchan tarzda namoyon etilgan».
Uning fikricha, Markazning qiymati faqat tarixiy merosni namoyish etishida emas, balki turli xalqlar va sivilizatsiyalar bir-biriga qanday ta’sir ko‘rsatganini yaxlit manzarada ko‘rsata olishidadir.
Bugun Ipak yo‘lining qadimiy izlari, ilm-fan va madaniyatlar tutashuvi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy aloqalar O‘zbekistonda yangi talqinda — Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida namoyon bo‘lmoqda.






