Temuriylar davriga oid hassa Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida
Islom sivilizatsiyasi tarixi nafaqat buyuk allomalar va noyob qo‘lyozmalar, balki asrlar davomida saqlanib kelayotgan me’moriy va amaliy san’at namunalarida ham o‘z ifodasini topgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan mazkur hassa Markaziy Osiyoda, ehtimol, hozirgi O‘zbekiston hududida yaratilgan bo‘lib, XII–XIV asrlarga mansub deb baholanadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bunday hassalardan masjidlarda, xususan, mehrobda xutba o‘qish vaqtida imom tomonidan foydalanilgan. Shu jihatdan, mazkur ashyo nafaqat amaliy, balki diniy va marosimiy ahamiyatga ham ega bo‘lgan. Hassaning uzunchoq, tik shakli va butun yuzasini qoplagan murakkab o‘simliksimon hamda chirmashuvchi novda naqshlari uning yuksak badiiy mahorat bilan ishlanganidan dalolat beradi. Undagi «islimiy» naqshlar Markaziy Osiyo islom me’morchiligida keng tarqalgan o‘simliksimon bezak an’analarining o‘ziga xos namunasidir.
Uslubiy jihatdan mazkur hassani Xivadagi Juma masjidida saqlanayotgan o‘ymakor yog‘och ustunlar bilan qiyoslash mumkin. Xiva, Buxoro va Samarqand me’morchiligida yog‘och ustunlar nafaqat konstruktiv vazifani bajargan, balki muqaddas va marosimiy makonning badiiy qiyofasini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutgan.
Bunday nozik o‘ymakorlik namunalarining ko‘chma va yarim ko‘chma me’morchilikda ham uchrashi Markaziy Osiyodagi ko‘chmanchi va o‘troq madaniyatlarning o‘zaro ta’siri qanchalik chuqur bo‘lganini ko‘rsatadi. Hassa yuzasidagi to‘q patina uning uzoq tarixga ega ekanini ko‘rsatuvchi muhim belgilardan biri. Undagi har bir o‘yma chiziq, har bir naqsh va bezak ortida o‘sha davr ustasining mahorati, badiiy didi va dunyoqarashi mujassam.
Bir qarashda oddiy yog‘och ashyodek ko‘ringan bu hassa aslida Markaziy Osiyoning ko‘p asrlik diniy, me’moriy va amaliy san’at tarixini o‘zida mujassam etgan noyob madaniy meros namunasidir.






