Uchinchi Renessans – oddiy siyosiy shiormi?
Har qanday Renessansni faqat yangi maktablar, universitetlar, laboratoriyalar, texnologiyalar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchash yetarli emas. Xo‘sh, Uchinchi Renessans qanday ma’naviy asosga tayanishi kerak?
Bu savolga javob izlashda tarixga murojaat qilish zarur. Ammo tarixdan tayyor formulalarni izlash emas, balki o‘tmishdagi sivilizatsion yuksalishlarning ichki mexanizmlarini anglash muhim. Zero, Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy yoki jadidlarning buyukligi faqat ular qoldirgan asarlar miqdori bilan emas, balki ilmni qadrlaydigan, savol berishdan qo‘rqmaydigan, inson kamolotini maqsad deb biladigan madaniy muhitni shakllantirgani bilan belgilanadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-konseptual vazifalari ham ana shu tarixiy vorislikni namoyon etishga qaratilgan: ekspozitsiyalarda islomdan avvalgi sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, XX asr va «Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans» bosqichlari bir butun tarixiy jarayon sifatida taqdim etiladi. Shunday ekan, Uchinchi Renessansning ma’naviy asoslarini anglash — avvalo, o‘z sivilizatsiyamizdagi yuksalishlarni yuzaga keltirgan qadriyatlarni qayta kashf etish demakdir.
Bugun O‘zbekistonda «Uchinchi Renessans» tushunchasi oddiy siyosiy shior yoki tarixiy xotiraning ifodasi sifatida emas, balki mamlakatning uzoq muddatli sivilizatsion taraqqiyot strategiyasini anglatuvchi tushuncha sifatida qaror topmoqda. Uning mazmuni ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat, milliy o‘zlik, inson qadri va ma’naviy taraqqiyot kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Ilmiy adabiyotlarda ham Uchinchi Renessansning poydevori sifatida fan, ma’rifat va tarixiy vorislik alohida ta’kidlanadi.
Renessans — o‘tmishga qaytish emas
«Renessans» atamasi ko‘pincha «qayta tug‘ilish» ma’nosida talqin qilinadi. Ammo sivilizatsiyalar tarixida haqiqiy uyg‘onish hech qachon o‘tmishning aynan takrori bo‘lmagan.
Birinchi Renessans davrida Markaziy Osiyo shaharlari ilm-fan va madaniyatning muhim markazlariga aylandi. Xorazmiy matematika tarixida yangi bosqichni boshlab berdi, Beruniy tabiat va jamiyatni kuzatishga asoslangan ulkan ilmiy meros qoldirdi, Ibn Sino tibbiyot va falsafada universal bilim idealini namoyon etdi. Ular o‘zlaridan oldingi bilimlarni takrorlash bilan cheklanmadilar — ularni tekshirdilar, rivojlantirdilar va yangi bilim yaratdilar.
Demak, Renessansning birinchi sharti — merosni saqlash emas, meros bilan ijodiy muloqot qilish. Bu nuqta bugun nihoyatda muhim. Agar ajdodlarimiz merosi faqat muzey eksponati, yubiley sanasi yoki yodgorlik sifatida qabul qilinsa, u ma’naviy kuchga aylana olmaydi. Tarixiy merosning haqiqiy qiymati uning bugungi avlodni yangi savollar qo‘yishga unday olishi bilan belgilanadi. Shu sababli Uchinchi Renessansning birinchi ma’naviy asosi — tarixiy xotira emas, tarixiy xotiraga ijodiy munosabatdir.
Inson qadri — markaziy ma’naviy nuqta
Uchinchi Renessans haqidagi bahsda eng muhim tushunchalardan biri — inson qadri deyish mumkin. Zero, har qanday sivilizatsiyaning haqiqiy darajasi uning binolari yoki texnologiyalari bilan emas, insonga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Agar ilm-fan taraqqiy etsa-yu, inson qadri pasaysa, buni Renessans deb atash qiyin. Agar iqtisodiy o‘sish bo‘lsa-yu, ijtimoiy mas’uliyat va adolat hissi zaiflashsa, sivilizatsion yuksalish to‘liq emas. Shu nuqtai nazardan tariximizdagi «komil inson», «fozil shahar», «adolatli jamiyat», «ma’rifatli inson» kabi g‘oyalar bugungi kun uchun ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Forobiyning fozil jamiyat haqidagi qarashlari, Ibn Sinoning inson va aql munosabati haqidagi fikrlari, Navoiyning insonparvarlik va adolat ideali turli tarixiy sharoitlarda shakllangan bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turuvchi muhim nuqta bor: insonni takomillashtirish jamiyatni takomillashtirishning asosiy shartidir. Chunki jamiyat insonlardan tarkib topadi. Shu ma’noda Uchinchi Renessansning maqsadi yangi texnologiyaga ega insonni emas, yangi texnologiyadan mas’uliyat bilan foydalana oladigan insonni shakllantirish bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda yangi ma’muriyat davrida boshlangan islohotlarda ham ayni shu jihatga – odamlarning ma’rifiy-ma’naviy yuksalishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz rahbari aytgandek, «biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik.»
Axloq va ilm: ajralmas ikki qanot
Zamonaviy dunyoda ilm-fan imkoniyatlari mislsiz darajaga yetmoqda. Sun’iy intellekt, biotexnologiya, gen muhandisligi, raqamli kommunikatsiyalar inson hayotining chegaralarini o‘zgartirib yuboryapti. Ammo har bir yangi imkoniyat yangi axloqiy savolni ham tug‘diradi. Inson qila olishi bilan qilishi kerak bo‘lgan vazifalar o‘rtasida farq bor. Shu sababdan, Uchinchi Renessansning ma’naviy formulasida axloq ilmdan keyingi emas, ilm bilan bir qatordagi tushuncha bo‘lishi zarur.
Tarixiy an’anamizda ham bilim va axloq bir-biridan uzilmagan. «Ilm» bilan «adab», «hikmat» bilan «axloq», «ma’rifat» bilan «tarbiya» o‘zaro bog‘liq tushunchalar sifatida yashagan. Bugungi ta’lim tizimi uchun bu juda muhim saboqdir.
Ochiq tafakkur va bag‘rikenglik
Markaziy Osiyo tarixidagi intellektual yuksalishning yana bir muhim xususiyati — ochiqlik desak bo‘ladi. Ilmiy taraqqiyot yopiq muhitda emas, savollar, muloqot va fikrlar to‘qnashuvi muhitida yuzaga keladi.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi ilmiy muloqot, turli falsafiy maktablar bahsi, arab, fors, turkiy, yunon va hind bilim an’analarining o‘zaro ta’siri — bularning barchasi Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining tashqi ta’sirlardan qo‘rqmaganini ko‘rsatadi.
Bu yerda muhim bir xulosa bor - o‘zligini yaxshi anglagan sivilizatsiya boshqa sivilizatsiyalar bilan muloqot qilishdan, aytish joiz bo‘lsa, ma’naviy raqobatdan qo‘rqmaydi. Buni xoh mafkuraviy immunitet samarasi deb atang, xoh ma’naviy tolerantlik. Ammo o‘zaro madaniy-ilmiy boyitishga xizmat qiluvchi hamkorlikka rag‘bat deyish ham noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Milliy o‘zlik: maqtanish emas, mas’uliyat
Buyuk ajdodlar bilan faxrlanish tabiiy. Ammo ajdodlar bilan faxrlanish bilan bilan bir qatorda, jamiyat “bugun biz nima yaratyapmiz” deya o‘zidan so‘rashi kerak. Tarixiy meros insonni o‘tmishda qoldirmasligi, aksincha, kelajak oldida mas’uliyatini oshirishi kerak.
Islom sivilizatsiyasi markazining vazifalaridan biri ham buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ilmiy asosda o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlashdan iborat etib belgilangan. Shu nuqtai nazardan Markazni faqat muzey sifatida emas, tarixiy xotira bilan zamonaviy ijod o‘rtasidagi intellektual ko‘prik sifatida anglash muhim.
Ta’kidlash kerak, 2026-yilda Markazda o‘tkazilgan «Uchinchi Renessans chorrahasi» ilmiy-ma’rifiy tadbirida olimlar, imomlar va talabalarni bir maydonda birlashtirish kabi tajribalari ham ana shu vazifaning amaliy ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi.
Xulosa: Uchinchi Renessans — yangi inson haqidagi g‘oya
Birinchi Renessans bizga ilmning qudratini ko‘rsatdi.
Ikkinchi Renessans ilm, san’at va davlatchilik uyg‘unligi qanday buyuk madaniy muhit yaratishi mumkinligini namoyon qildi. Jadidlar esa ma’rifatni milliy uyg‘onishning asosiy vositasiga aylantirdilar.
Uchinchi Renessans oldida esa yanada murakkab vazifa turibdi: tarixiy meros, zamonaviy ilm-fan, texnologiya, milliy o‘zlik va umuminsoniy qadriyatlarni bir butun sivilizatsion modelga birlashtirish.
Buning uchun yetti ma’naviy asosni alohida ta’kidlash mumkin:
ilm — haqiqatni izlash;
ma’rifat — bilimni jamiyatga tarqatish;
axloq — bilimdan mas’uliyat bilan foydalanish;
inson qadri — taraqqiyotning bosh mezoni;
milliy o‘zlik — tarixiy xotira va mas’uliyat;
ochiq tafakkur — boshqa fikr va sivilizatsiyalar bilan muloqot;
mas’uliyat — kelajak avlod oldidagi burch tushunchasida o‘z ifodasini topadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Uchinchi Renessans o‘tmishni qayta tiklash loyihasi emas.
U — o‘tmishdagi eng yaxshi ma’naviy va intellektual an’analarni kelajak ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish loyihasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz bizga tayyor Renessans qoldirmagan. Ular bizga undan ham qimmatliroq narsa — uyg‘onish qobiliyatini qoldirgan. Bugungi avlodning tarixiy vazifasi esa ana shu qobiliyatni yangi davr tilida namoyon etishdir.
Shu ma’noda Islom sivilizatsiyasi markazi ham, tarixiy qo‘lyozmalar ham, maktab va universitetlar ham, laboratoriya va raqamli texnologiyalar ham yagona ma’naviy jarayonning turli ko‘rinishlariga aylanmoqda. Biz buyuk ajdodlarning munosib vorislari ekanimizni faqat so‘zda emas, balki yangi ilm-fan, yangi tafakkur va yangi ma’naviy yuksalishni yaratish orqali namoyon etmog‘imiz zarur. Uchinchi Renessansning haqiqiy mezoni ham aynan shu — o‘z davrimiz uchun yangi bilim, yangi g‘oya va yangi taraqqiyot salohiyatini yarata olishimizdadir.
Abulfayz Sayidasqarov
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin






