«Bu muzeyni ko‘rmagan bo‘lsangiz, hali hech narsani ko‘rmagansiz» — Madaniyat va turizm elchisi
Ba’zi maskanlar haqida so‘z bilan hikoya qilish qiyin. Chunki ularni ko‘rish, his qilish va anglash kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shunday majmualardan biridir.
Hindistondagi O‘zbekistonning madaniyat va turizm elchisi Ritu Berining Markazga tashrifi davomida bildirgan fikrlari ham uning bu yerdagi taassurotlari nechog‘liq kuchli bo‘lganini ko‘rsatdi.
Ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, u tarixiy meros, ilmiy bilim va zamonaviy muzey yechimlarining uyg‘unligi katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
«Men hayajon va taassurotlarimni so‘z bilan ifodalashga qiynalyapman. Hayotimda bundan go‘zal narsani ko‘rmaganman. O‘zbekistonning madaniyat va turizm elchisi sifatida ishonch bilan aytishim mumkinki, dunyo ahli Toshkentga aynan shu muzeyni ko‘rish uchun kelishi kerak.
Agar umringiz davomida bu muzeyni ko‘rmagan bo‘lsangiz, demak, hali hech narsani ko‘rmagansiz. Chunki bu yerda haqiqiy tarix, Islom haqidagi asl va ishonchli bilim mujassam. Bunday bilimni boshqa hech qayerda bu yerdagidek olish mumkin emas. Bu — nihoyatda hayratlanarli maskan. Hayotimda ko‘rgan Islomga oid muzeylar ichida eng go‘zali», — dedi u.
Ritu Berining fikricha, Markazda birgina zal yoki ekspozitsiyani alohida ajratib ko‘rsatish mushkul. Uning e’tiborini eksponatlar bilan bir qatorda butun muzey konsepsiyasi — makonlar o‘rtasidagi uyg‘unlik, ranglar, yoritish va ekspozitsiyalarni taqdim etish uslubi tortgan.
«Bu yerdagi har bir makon o‘ziga xos, har bir zal bir-biridan farq qiladi. Men bu yerda juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Shuning uchun muayyan bir joyni ajratib ko‘rsata olmayman. Markazning konsepsiyasi, ranglar uyg‘unligi, yoritilishi — barchasi menga juda yoqdi. Bu yerda hamma narsa mukammal o‘ylangan», — deya ta’kidladi u.
Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyon etishda muhim maskanlardan biriga aylanishi mumkin.
Ritu Beri Markazning qurilish jarayonini ham shaxsan kuzatganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi qiyofa dastlabki tasavvurlaridan ham yuksak taassurot qoldirgan.
«Men ushbu muzeyni qurilayotgan paytida ham ko‘rganman. Bugun esa u tasavvur qilganimdan ham a’lo darajada ko‘rinishga ega. Bu maskan meni nihoyatda hayratga soldi. Taassurot shunchalik kuchliki, butun vujudimni hayajon qamrab oldi. Men hayratimni yashira olmadim. Bu juda go‘zal».
Ritu Berining taassurotlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi g‘oyasining muhim jihatini yana bir bor namoyon etadi. Bu yerda tarix alohida eksponatlar orqali emas, balki butun bir sivilizatsiyaning ilmiy, ma’rifiy va madaniy merosi yaxlitligida namoyon bo‘ladi.
Markaz O‘zbekiston tarixini chuqur anglash, uning boy ilmiy-madaniy merosini xalqaro auditoriyaga tanitish va mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti bilan tarixiy xotira o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni namoyon etishga xizmat qiluvchi zamonaviy bilim va muloqot makoni sifatida shakllanmoqda.






