Bilim — umuminsoniyat mulki
Fransiyaning Parij shahridagi YUNESKO Bosh qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va yana bir qator, xususan, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy kabi ilmiy tadqiqot markazlari, Din ishlari qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan "Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy-ilmiy merosi va ma’rifatning ufqlari" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bugun o‘zi ishini boshladi.
Xalqaro konferensiyada O‘zbekistonning buyuk ilmiy-ma’naviy merosi, Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot maydoni sifatidagi salohiyati muhokama qilinmoqda.
Unda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizami, Londondagi Al-Furqan fondi ijrochi direktori Sali Shahsivari, Fransiyadagi Temuriylar san’ati va madaniyatini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan, professor Mario Taddei, O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili Kamol Muxtorov ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning bugungi dasturi doirasidan 3 ta yalpi yig‘ilish o‘rin olgan. Unda professor Mario Taddei islom ilm-fani bilan Uyg‘onish davri muhandisligi o‘rtasidagi aloqalar, qadimiy mashinalarni rekonstruksiya qilish va sun’iy intellektdan ilmiy merosni tiklashda foydalanish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Taqdimotda Abu Rayhon Beruniyning astronomik-mexanik tadqiqotlari Leonardo da Vinchi loyihalari bilan qiyoslanib, bilimlarning turli sivilizatsiyalar va asrlar o‘rtasida qanday uzatilgani tahlil qilindi.
“Asosiy masala ilmiy bilimlar turli madaniyatlar va asrlar o‘rtasida qanday uzatilganini anglashdir”, dedi professor o‘z tadqiqotlarini taqdim etarkan.
Shuningdek, professor Mario Taddei xalqaro konferensiya doirasida ilm uchun yana bir yangi tadqiqotning jahon premьerasini taqdim etdi:
“Hozirgi tadqiqotimning jahon premerasi sifatida men mashinalar, soatlar, avtomatlar va mexanik qurilmalarga bag‘ishlangan eng muhim o‘rta asr islomiy qo‘lyozmalaridan biri — al-Murodiyning «Sirlar kitobi» ustida olib borilayotgan yangi tadqiqotni taqdim etaman.
Bizgacha yetib kelgan qo‘lyozma jiddiy shikastlangan. Ko‘plab sahifalarda matnning muhim qismlari yo‘qolgan, chizmalar to‘liq emas, mexanizmlarning ayrim butun elementlari esa saqlanmagan.
Yaqin vaqtgacha bunday yo‘qotishlar tadqiqotchilar uchun jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan.
Bugun sun’iy intellekt yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Biroq u faqat tarixiy bilim, muhandislik tahlili va inson talqini bilan birgalikda qo‘llanilgandagina samarali bo‘lishi mumkin.
Men ishlab chiqayotgan metodologiyada sun’iy intellekt yo‘qolgan ma’lumotlarni o‘ylab topish uchun ishlatilmaydi. Aksincha, sun’iy intellekt va inson tadqiqoti o‘rtasida uzluksiz tekshiruv va qayta aloqa jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Saqlanib qolgan arabiy matn chizmalar geometriyasi, qo‘lyozmadagi atamalar, o‘xshash mexanizmlar, detallar o‘rtasidagi texnik bog‘lanishlar hamda mashinaning muhandislik mantig‘i bilan bir vaqtda tahlil qilinadi.
Shu tariqa turli gipotezalarni tekshirish, rad etish, tuzatish va aniqlashtirish mumkin bo‘ladi.
Maqsad fantastik rekonstruksiya yaratish emas, balki saqlanib qolgan dalillarga asoslangan eng izchil va mexanik jihatdan ishonarli talqinni aniqlashdir.
Bu yondashuv al-Murodiy merosini o‘rganishda ayniqsa muhim. Chunki matn va mashinalar bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Shikastlangan matnni tushunish uchun ko‘p hollarda avvalo mexanizmning o‘zi qanday ishlashini anglash lozim. Shu bilan birga, mexanizmni rekonstruksiya qilish uchun matnning yo‘qolgan yoki zararlangan qismlari ma’nosini qayta tiklash talab qilinishi mumkin.
Shu sababli tadqiqot filologiya, muhandislik, raqamli rekonstruksiya va sun’iy intellekt o‘rtasidagi haqiqiy hamkorlik jarayoniga aylanadi.
Ushbu mashinalarni ko‘p yillar davomida o‘rganib kelganimdan so‘ng, hozir saqlanib qolgan mexanizmlarning yangi va to‘liq rekonstruksiyasi ustida ishlayapman. Maqsad — mazkur noyob qurilmalarning bugungi kungacha yaratilgan eng mukammal talqinini tayyorlash”.
Professor Taddei ta’kidlaganidek, ilm-fan taraqqiyoti yakka madaniyat doirasida emas, balki bilimlar almashinuvi va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi uzviy muloqot natijasida shakllanadi.
Ilm-fan, san’at va texnologiyada haqiqiy chegaralar mavjud emas.
Bilim bir millatga, bir madaniyatga yoki bir tarixiy davrga tegishli emas.
Har bir buyuk kashfiyot undan avvalgi kashfiyotlar, tajribalar va g‘oyalar bilan bog‘liq.
Leonardo da Vinchining o‘zi ana shu jarayonning eng yorqin misollaridan biridir.
U o‘zidan oldin mavjud bo‘lgan bilimlarni o‘rgangan, kuzatgan, ko‘chirgan, o‘zgartirgan, tekshirgan va takomillashtirgan.
Leonardo dahosining buyuk sirlaridan biri ham aynan shunda.
Haqiqiy yangilik yaratuvchi bo‘lish uchun, avvalo, o‘rganishni o‘rganishimiz kerak.
Biz o‘tmishga qiziqish bilan qarashni, bizdan avval yashagan insonlar qanday ishlaganini tushunishni va meros bo‘lib qolgan bilimlarni yangilikka aylantirishni o‘rganishimiz lozim.
Shuning uchun qadimiy qo‘lyozmalar bugun ham nihoyatda muhimdir.
Ular shunchaki tarixiy hujjatlar emas. Ular insonda qiziqish uyg‘ota oladigan vositalardir.
Ular bizga daho yakka holda sodir bo‘ladigan mo‘’jiza emasligini ko‘rsatadi. Daho ma’lum bir usulning ham natijasi bo‘lishi mumkin: kuzatish, o‘rganish, qiyoslash, tajriba, tasavvur va anglashga intilish.
Men aynan shu fikrni yosh avlodlarga yetkazishni ayniqsa istardim.
Farzandlarimiz o‘tmishdagi buyuk olimlar, muhandislar va san’atkorlarning ismlarini shunchaki yodlab olishlari kerak emas.
Ular bu insonlar qanday fikrlaganini, qanday o‘rganganini, qanday xatolar qilganini, boshqalardan bilimni qanday qabul qilganini va uni qanday qilib yangi g‘oyalarga aylantirganini tushunishlari kerak.
Agar biz ularda ana shu qiziqishni qayta uyg‘ota olsak, ehtimol, kelajakning buyuk novatorlari bugunning o‘zida farzandlarimiz orasida yurgandir.
Keyingi Leonardo da Vinchi faqat bir mamlakat, bir madaniyat yoki bir an’ana natijasida paydo bo‘lmasligi mumkin.
Kelajakning navbatdagi buyuk olimi, ixtirochisi, muhandisi yoki san’atkori turli bilim olamlarini birlashtira olish qobiliyati tufayli yetishib chiqishi mumkin.
Shuning uchun tarix, ilm-fan, texnologiya va san’atni o‘rganish hanuz beqiyos ahamiyatga ega.
Bu yoshlarga madaniyatlar bir-biridan ajralgan holda yashamasligini, aksincha, bilim orqali doimiy ravishda o‘zaro bog‘lanib kelishini anglashga yordam beradi.
Shu sababli qadimiy islom ilm-fanini qayta kashf etish va o‘rganish bugun alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu zamonaviy ilm-fan va texnikaning ayrim asoslari turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi almashinuv, bilimlarni uzatish va hamkorlik natijasida shakllanganini ko‘rsatadi.
Mening ishimdan ko‘zlangan maqsad — ana shu bog‘liqlikni qo‘lyozmalar, mashinalar, rekonstruksiyalar va yangi raqamli texnologiyalar orqali bevosita namoyon etishdir.
Eng katta umidim shuki, ushbu qadimiy kashfiyotlar yangi avlod yoshlarini ilhomlantira olsin: ular o‘tmishni o‘rganish uchun yetarlicha qiziquvchan, uni yangilash uchun yetarlicha ijodkor va bilimdan yangi narsa yaratish yo‘lida foydalanish uchun yetarlicha mas’uliyatli bo‘lsinlar.
Eslatib o‘tamiz, 7-9 oktyabr kunlari Fransiyaning Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan "Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy-ilmiy merosi va ma’rifatning ufqlari" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi beqiyos o‘rni, buyuk ajdodlar merosi va Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi yangi imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.






