ICCROM xalqaro tashkiloti O‘zbekiston merosini dunyoga olib chiqishda hamkorlikni kuchaytiradi
Madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilot — ICCROM Bosh direktori Aruna Francheska Mariya Gujral O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, tashkil etilgan ekspozitsiyalar butun insoniyatga ham o‘z tarixiy va madaniy ildizlariga mansublik hissini bera olishini ta’kidladi.
O‘zbekistonga ilk tashrifi doirasida Gujral Markaz ekspozitsiyalari, qo‘lyozmalar, nodir artefaktlar, tarixiy manbalar va buyuk allomalar merosi bilan tanishdi.
Uning ta’kidlashicha, Markazning o‘ziga xos jihati madaniy merosni faqat tarixiy buyumlar to‘plami sifatida emas, balki insonni o‘z tarixi va ildizlari bilan bog‘laydigan tirik qadriyat sifatida namoyon eta olishidadir.
Men juda katta taassurot oldim. Bu yerda o‘zbek xalqining ulkan salohiyatini, tarixiy va madaniy merosga qanday e’tibor bilan qarashini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Markaz menda kuchli o‘zlik va mansublik tuyg‘usini uyg‘otdi. Menimcha, u butun insoniyatga ham o‘z tarixiy va madaniy ildizlariga mansublik hissini bera oladi. Zero, madaniyat insonlarni birlashtiradi. O‘zbekiston Prezidentiga shunday ajoyib maskanni yaratgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etishda juda katta va uzoqni ko‘zlagan maqsad qo‘yilgan. Bu markazdan nafaqat o‘zbek xalqi yoki mintaqa aholisi, balki butun insoniyat bahramand bo‘lishi mumkin. ICCROM bilan hamkorlik orqali Islom sivilizatsiyasi markazida jamlangan bilim va tajribalarni yanada keng targ‘ib etishga yordam beramiz. O‘zbekistonda shakllangan ulkan madaniy merosning butun dunyo uchun manfaatli bo‘lishiga hissa qo‘shishni istaymiz, — dedi ICCROM Bosh direktori.
Tashrif davomida ICCROM Bosh direktori Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashib, madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Tashrif yakunida Aruna Francheska Mariya Gujral Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi.






