FIFAning sobiq Bosh kotibi O‘zbekiston sportchilariga tilak bildirdi
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan mehmonlar orasida FIFAning sobiq bosh kotibi Fatma Samura ham bo‘ldi. U markazdagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, texnologiya, sport va madaniyatning uyg‘unligi, shuningdek, O‘zbekistonda yoshlar salomatligi va kamolotiga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidladi.
Fatma Samuraning fikricha, mamlakat taraqqiyotini faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki zamonaviy infratuzilma bilan baholab bo‘lmaydi. Yoshlarning salomatligi, bilimi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni namoyish etish bilan birga, yoshlarni ilm-fan va madaniyatga qiziqtiruvchi ma’rifat maskani sifatida ham e’tiborga molik.
Fatma Samura O‘zbekistonda yoshlar va sportga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. FIFA bosh kotibi sifatida xalqaro futbol jarayonlarida ishtirok etgan mehmon mamlakat milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘l olganini ham alohida e’tirof etdi. Bu natija sportni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun zarur sharoitlar yaratishning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.
U O‘zbekiston sportchilariga xalqaro musobaqalarda yangi muvaffaqiyatlarga erishishlarini tiladi. Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan 70 ta medal mamlakat sportchilari salohiyatini namoyon etuvchi natijalardan biri sifatida qayd etildi.
Fatma Samura markazga tashrifi davomida O‘zbekistonning tarixiy va ilmiy merosi bilan tanishish barobarida, mamlakatning bugungi taraqqiyotga bo‘lgan yondashuvini ham ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. Markaz ekspozitsiyalarida Islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ma’rifat va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi zamonaviy texnologiyalar orqali namoyon etiladi.
Fatma Samura tashrif davomidagi taassurotlari va O‘zbekiston sportchilariga tilaklarini quyidagicha ifodaladi:
«Avvalo, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ilk bor tashrif buyurganimdan juda xursandman. Aholi salomatligiga ustuvor ahamiyat berilayotgan mamlakatda texnologiya, sport va madaniyatning o‘zaro uyg‘unligini ko‘rish menda katta taassurot qoldirdi. Markaz Islom sivilizatsiyasi merosini namoyon etish bilan birga, yoshlar va sportga ham alohida e’tibor qaratayotgani quvonarli.
Sportchilarga shuni aytmoqchimanki, Osiyo o‘yinlarida 70 ta medal qo‘lga kiritganingiz kabi, kelgusida ham yangi g‘alabalarga erishishda davom eting. Shuningdek, 2030-yilda Jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan Janubiy Amerika, Yevropa va Afrika qit’alaridagi musobaqalar muhitida o‘z kuchingiz va sport ruhingizni namoyon etishga intiling».






