Parijda buyuk Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi
Parijda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Buyuk Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Elchixonasida tashkil etilgan anjumanda Sohibqiron va Temuriylar merosining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, uni Fransiya va Yevropada o‘rganishning bugungi holati hamda ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida o‘tkazildi.
Anjumanda Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan, Al-Furqon jamg‘armasi direktori Sali Shohsivoriy, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, fransuz olim va tadqiqotchilari, Amir Temur assotsiatsiyasi a’zolari hamda ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik, san’at, madaniyat va davlatchilik taraqqiyoti, shuningdek, mazkur merosning Fransiya va Yevropa ilmiy muhitida o‘rganilishi masalalariga e’tibor qaratildi. Fransuz tadqiqotchilari Frans Grene, Katrin Pujol va professor, navoiyshunos Shara Risoli Temuriylar davri tarixi, madaniyati va adabiy merosiga oid ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Amir Temur merosi — jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi
Tadbirda O‘zbekistonda tarixiy xotirani tiklash, buyuk allomalar va davlat arboblari merosini ilmiy asosda o‘rganish hamda uni jahon jamoatchiligiga tanitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Shu maqsadlarning amaliy ifodalaridan biri bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini namoyon etishga xizmat qilmoqda. Markaz ekspozitsiyalarida Amir Temur va Temuriylar davrining davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik, san’at va madaniyat rivojidagi o‘rniga ham alohida o‘rin berilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida Amir Temur merosini keng qamrovda o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
«Amir Temur merosi faqat bir xalq yoki bir davlat tarixiga daxldor emas. Uning davlatchilik, ilm-fan, me’morchilik, san’at, madaniyat va xalqaro munosabatlar sohasida qoldirgan merosi jahon sivilizatsiyasining muhim qismidir. Shu bois bugun Parijda ushbu meros haqida fikr almashishimiz chuqur ramziy ma’noga ega», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Temuriylar merosi — xalqaro ilmiy muloqot mavzusi
Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan konferensiyaning Parijda o‘tkazilayotgani va Temuriylar merosini keng targ‘ib etish uchun yaratilgan imkoniyat muhimligini ta’kidladi.
«Parijdagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib, ushbu taqdimotni o‘tkazganimizdan juda xursandman. Temuriylar sulolasi va uning tarixiy ahamiyatini Parijda ham targ‘ib qilish juda muhim. Tadbir samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi, ko‘plab do‘stlarimiz va uyushma a’zolari ishtirok etdi», — dedi Frederik Bressan.
Konferensiyada Temuriylar davrining nafaqat siyosiy va davlatchilik tarixi, balki adabiyot va ma’naviy hayotdagi merosi ham muhokama qilindi. Fransiyalik professor, navoiyshunos Shara Risoli o‘z ma’ruzasini Alisher Navoiyning Temuriylar saroyidagi o‘rni va homiylik faoliyatiga bag‘ishladi.
«Amir Temur Sohibqiron tavalludining 690 yilligi bilan tabriklayman. Temuriylar davri haqidagi bilimlarimizni yanada boyitgan ushbu konferensiyada ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Mening ma’ruzam Amir Alisher Navoiy, uning homiylik faoliyati va Temuriylar saroyidagi muhim roli haqida bo‘ldi. Shuningdek, men Navoiy shaxsiyatini beshta asosiy yo‘nalish orqali tahlil qildim», — dedi Shara Risoli.
Olimaning ma’ruzasi Temuriylar merosini o‘rganishda adabiyot va madaniy muhitning o‘rnini ham yoritdi. Bu esa davr tarixini turli ilmiy yo‘nalishlar kesimida tadqiq etish muhimligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning madaniy merosi — xalqaro hamjihatlik va muloqot omili
Anjuman munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirgan Jeneva diplomatik doirasi (Cercle Diplomatique de Genève) prezidenti va asoschisi Robert F. Blum O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini xalqaro miqyosda tanitish, shuningdek, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
«Menimcha, insoniyatni birlashtirib turuvchi eng muhim jihatlardan biri — e’tiqod va ma’naviy qadriyatlarimizdagi mushtaraklikdir. Qaysi yurtda tug‘ilganimiz va qanday muhitda ulg‘ayganimizdan qat’i nazar, tinchlik va hamjihatlikka bo‘lgan intilishimiz barchamizni birlashtiradi.
Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. So‘nggi o‘n yil davomida bu mamlakatga 19 marta tashrif buyurdim. O‘zbekistonning haqiqiy qiyofasini, boy tarixi va betakror madaniyatini dunyoga tanitish maqsadida 300 sahifadan iborat, 450 ta fotosuratni o‘z ichiga olgan kitob yaratdim. Unda Samarqand, Xiva va Buxoroning go‘zalligi, xalqning hayoti va madaniy merosi aks etgan.
Men Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida ham ishtirok etganman. Markaz menda juda katta taassurot qoldirdi. Uning tarixiy va ma’naviy merosni keng namoyon etish borasidagi ahamiyatini alohida ta’kidlashni istardim.
Umid qilamanki, Jenevada bo‘lib o‘tadigan taqdimot ham Parijdagi kabi katta qiziqish uyg‘otadi. Zero, Jeneva xalqaro muloqot va hamkorlik uchun muhim maydonlardan biri hisoblanadi», — dedi Robert F. Blum.
U, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik mintaqaviy taraqqiyot va xalqaro tinchlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Fransiyadagi ilmiy tadqiqotlar va yangi hamkorlik loyihalari
Konferensiyada Fransiyada Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish borasida ko‘p yillardan buyon olib borilayotgan ilmiy ishlar, jumladan, Fransiya Temuriylar assotsiatsiyasining faoliyati e’tirof etildi.
Shuningdek, «Temuriylar» jurnalining 30 yil davomida muntazam nashr etib kelinayotgani, uning Amir Temur va Temuriylar tarixini o‘rganishda muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan jurnalning 30 yil davomida chop etilgan sonlarini jamlab, alohida to‘plam sifatida nashr etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Firdavs Abduxoliqov Fransiya olimlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini qayd etdi.
«Biz Amir Temur merosini faqat o‘tmish haqidagi xotira sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlodlar uchun muhim ilmiy va ma’naviy manba sifatida ko‘rishimiz kerak. Fransiyalik olimlar bilan hamkorlikda hali ko‘plab yangi manbalarni aniqlashimiz, tadqiqotlar olib borishimiz va tarixning bizga noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochishimiz mumkin», — dedi u.
Shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, tarixiy manbalar va madaniy meros obyektlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yangi kitoblar, kataloglar va ko‘rgazmalar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Islom sivilizatsiyasi markazi fransuz olimlari, tarixchilar, sharqshunoslar, san’atshunoslar, arxiv va muzey mutaxassislari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Tadbirda Amir Temurning Fransiya bilan tarixiy diplomatik aloqalariga ham e’tibor qaratildi. Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI bilan diplomatik yozishmalari o‘sha davrdayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida siyosiy va madaniy muloqot mavjud bo‘lganidan dalolat berishi qayd etildi.
Konferensiya yakunida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirish, O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy manbalarni birgalikda o‘rganish hamda Sohibqiron va Temuriylar merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka yanada keng targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.






