Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro muzeyshunoslar e’tiborida
Bugungi kunda muzeylar faqat tarixiy buyumlar saqlanadigan yoki eksponatlar namoyish etiladigan maskan emas. Ular ilmiy tadqiqot, ta’lim, madaniy muloqot va raqamli texnologiyalarni birlashtiruvchi zamonaviy ma’rifat maydonlariga aylanmoqda.
Ana shu jarayonlar xalqaro muzeyshunoslikning ham asosiy mavzularidan biri bo‘lib, turli mamlakatlar mutaxassislarining tajriba almashuvi uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. «Muzeyshunoslik XXI asrda: tadqiqotlar, an’analar va innovatsiyalar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan yigirmadan ortiq muzey mutaxassisi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlar markaz ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida shakllangan ko‘p asrlik ilmiy, madaniy va ma’rifiy meros, tarixiy manbalar hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida yaratilgan taqdimotlar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida muzey sohasi vakillari tarixiy merosni namoyish etish bilan birga, ekspozitsiyalarni tashkil qilish, tashrif buyuruvchilar bilan ishlash va yangi texnologiyalarni joriy etish borasidagi yondashuvlarni ham muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bugungi kunda dunyo muzeylari faoliyatini zamon talablariga moslashtirib, tashrif buyuruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Yoshlar auditoriyasini jalb etish, raqamli kontentdan foydalanish, nogironligi bo‘lgan tashrif buyuruvchilar uchun qulay muhit yaratish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish zamonaviy muzeyshunoslikning dolzarb yo‘nalishlari hisoblanadi.
Xalqaro mutaxassislar e’tiborini tortgan jihatlardan yana biri — Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining muzey ekspozitsiyalari bilan cheklanmasligidir. Markazda ilmiy tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalarni o‘rganish, mutaxassislar bilan hamkorlik qilish va ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchisi, Boshqirdiston Respublikasi Milliy muzeyi arxeologiya bo‘limi mudiri Rida Ruslanova markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Islomni yanada chuqurroq o‘rganish imkonini berayotgan bunday markaz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy usullar orqali namoyish etuvchi, yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutadigan majmua ekan. Bu yerga tashrif buyurish asrlar qa’riga, buyuk imomlar va O‘zbekiston olimlari merosiga sayohat qilishdek taassurot qoldiradi. Ma’lumotlarni taqdim etish uslubi esa tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, yoshlarni markazga qayta-qayta jalb eta oladi. Markaz turizm va ilm-fan nuqtai nazaridan ham, O‘zbekistonning bebaho ma’naviy boyligi sifatida ham katta ahamiyatga ega», — dedi Rida Raisovna.
Xalqaro mutaxassislarning markazga tashrifi zamonaviy muzey faoliyatida tarixiy merosni saqlash, uni keng jamoatchilikka yetkazish va yangi texnologiyalardan samarali foydalanish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.






