TRT Avaz: "O‘zbekistondan YUNESKOda tarixiy qadam"
Turkiy dunyo va Markaziy Osiyoning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonga tanitish yo‘lida O‘zbekiston muhim tashabbusni ilgari surdi. TRT Avaz nashri xabar berishicha, Parijdagi YuNESKO bosh qarorgohida Movarounnahr allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, nodir qo‘lyozmalarni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda 300 nafardan ortiq xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilm-fan va madaniyat vakillari ishtirok etdi.
Turkistonning ilmiy va ma’naviy merosi jahon sahnasida
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boy ilmiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, o‘rganish hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan istiqbolli tashabbusini YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilgan marosimda taqdim etdi.
Parijda bo‘lib o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusidagi tadbirda xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, ilm-fan va madaniyat sohalari vakillaridan 300 nafardan ortiq kishi bevosita hamda onlayn ishtirok etdi.
Prezident Mirziyoevning qarashlari bilan hamohang
Taqdim etilgan tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan global maqsadlari bilan bevosita hamohangdir. Loyiha doirasida Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish, intellektual merosga e’tiborni kuchaytirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Jahon O‘zbekiston ilmiy va madaniy merosini o‘rganish assotsiatsiyasi (WOSCU) raisi doktor Firdavs Abduxoliqov taqdimot davomida loyihaning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Ular quyidagilardan iborat:
- Tarixiy manbalar uchun keng qamrovli xalqaro raqamli platformani yaratish;
- Nodir qo‘lyozmalarni tasniflash va o‘rganishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
- Xalqaro miqyosda ilmiy konsorsium tashkil etish;
- Yosh tadqiqotchilar va olimlarni qo‘llab-quvvatlash.
15 ming kvadrat metrlik yirik majmua — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
Tadbirda 2025 yil mart oyida Toshkentda o‘z eshiklarini ochgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ishtirokchilarga batafsil tanishtirildi. Taxminan 15 ming kvadrat metrlik asosiy ko‘rgazma maydoniga ega markaz mintaqa ilm-fani, ta’limi va tafakkuri tarixini aks ettiruvchi noyob kolleksiyalarni o‘zida jamlagan.
Markazning eng qimmatli eksponatlari orasida YUNESKOning «Jahon xotirasi» dasturiga kiritilgan Usmon Mus'hafi ham bor. Majmua tarixiy yodgorliklarni namoyish etish bilan cheklanib qolmay, raqamli texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va akademik hamkorlikni birlashtiruvchi zamonaviy maskan sifatida faoliyat yuritadi.
Xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
YUNESKO, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari hamda xalqaro ilm-fan va madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda mavzularni chuqurlashtirishga bag‘ishlangan uchrashuvda 2025–2026-yillar davomida Parij va Jeneva kabi markazlarda yangi taqdimot tadbirlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Mazkur tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida amalga oshirildi.
Ushbu tashabbus mintaqaning ko‘p asrlik ilmiy va madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish orqali umumiy madaniy boyliklarni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.






